Qashqadaryo viloyati Shahrisabz shahar hokimligi tashabbusi bilan jurnalist va blogerlar uchun yoshlar bandligi masalasiga bag‘ishlangan press-tur tashkil etildi.
Shahar hokimligi axborot xizmati bergan ma’lumotga ko‘ra, bugungi kunda Shahrisabz shahrida 17 ming 348 nafar yosh bo‘lib, ularning 8 ming 244 nafarini xotin-qizlar tashkil etadi. Shundan 1 ming 179 nafari “Yoshlar daftari”ga kirgan. Ularning 645 nafari xotin-qizlardir. Ro‘yxatga olingan yoshlarning 315 nafari o‘zini o‘zi bandligini ta’minlashga erishgan. Sektorlar kesimida esa jami bo‘lib 864 nafar yoshning bandligini ta’minlash, kredit mablag‘lari ajratish, biznes loyihalarini moliyalashtirish bo‘yicha bosqichma-bosqich ishchi guruhi a’zolari faoliyat olib bormoqda. Qisqa muddatda o‘quv kurslarini 97 nafar yosh bitirib maxsus sertifikatlar olishga muvaffaq bo‘ldi.
Shuningdek, 111 nafar yoshga kichik sanoat zonasi hisobidan yangi ish o‘rinlari yaratiladi. 1,9 gektar yer maydoni ajratiladi.
Press-tur ishtirokchilari shahar hokimi Akrom Sulaymonov va qolgan sektor rahbarlari boshchiligida shahardagi 1-sonli kasb-hunar maktabi qoshida tashkil etilgan tumanlararo monomarkaz faoliyati bilan tanishdi.
Sohaga aloqador davlat tashkilotlari bilan hamkorlikda tashkil etilgan markaz joriy yilning 1 aprelidan faoliyat boshlagan. Ayni paytda bu yerda 14 ta yo‘nalish bo‘yicha ishsiz yoshlar kasb-hunar sirlarini o‘rganmoqda. Markazda nafaqat shahrisabzlik, balki viloyatning boshqa tumanlaridan ham kelib, hunar o‘rganayotgan yoshlar talaygina.
– Yoshim 19 da, – deydi qarshilik Asilbek Asqarov. – Ushbu markaz faoliyat boshlaganini eshitib, hunar o‘rganish uchun keldim. Hozirda yo‘laklarga beton plitkalar terish sirlarini o‘zlashtiryapman. Kelajakda shu kasbni puxta egallab, ustachilik qilib o‘z-o‘zimni ish bilan band qilishni maqsad qilganman.
Monomarkazdagi kasb-hunar o‘rgatish uslubi e’tiborimizni tortdi. Hunar o‘rgatuvchi yo‘nalishlar bino qurilishiga o‘xshaydi. Masalan, dastlabki bo‘limlarda bino asosini qurish va g‘isht terish o‘rgatiladi, keyin tomni yopish, elektromontaj, devorlarga bezak berish, polga qoplamalar yotqizish, metall panjaralar yasash, yo‘laklarga beton plitkalar terish va hokazo.
– Ijtimoiy tarmoqlarda qo‘yilgan e’lon orqali ushbu markazga kelib, hunar o‘rganyapman, – deydi muboraklik Azamat Zulfiyev. – Bu yerda payvandlash bo‘yicha tahsil olyapman. Hunarni yaxshi o‘zlashtirgach, kichikkina ustaxona ochib, o‘zim tengi bir nechta yoshni ham ish bilan ta’minlashni rejalashtiryapman. Bu yerda biz uchun barcha sharoitlar muhayyo. Shinam yotoqxona, oshxona, keng va yorug‘ xonalar ixtiyorimizda. Men kabi ishsiz yoshlar uchun yaratib berilgan bunday imkoniyatlardan minnatdormiz.
Markazda hunar bilan birga xorijiy tillarni ham o‘rganish mumkin. Bu yerni tugatgan bitiruvchilar tashqi mehnat migratsiyasi agentligi viloyat filiali yordamida xorijga shartnoma asosida ishga ketish imkoniga ham ega bo‘lishadi. Eng muhimi, markazda o‘qish mutloqo bepul va hunar o‘rganuvchilarga stipendiya ham to‘lanadi.
Keyingi manzil Shahrisabz shahridagi ishsiz va band bo‘lmagan aholini kasb-hunarga o‘qitish markazi (KOIKA) bo‘ldi. Press-tur ishtirokchilari markazda xalqaro standartlarda kasb-hunar o‘rgatish jarayoni bilan bevosita tanishdi. Shundan so‘ng aholi va yoshlar bandligi bo‘yicha shahar mas’ullari bilan jurnalist hamda blogerlar ishtirokida matbuot anjumani tashkil etildi. Shahar hokimi jurnalist va blogerlarning savollariga javob berar ekan, erishilgan yutuqlarni OAVda yoritish bilan birga, yuzaga kelayotgan kamchiliklarni bartaraf etishda ham yordam so‘radi.
– Fursatdan foydalanib, hududimizdagi bir nechta kamchiliklarni ham OAVda yoritishda va ijobiy yechim topilishida sizlarning yordamlaringizga tayanamiz, – dedi shahar hokimi A.Sulaymonov. – Masalan, Shahrisabz turizm shahri bo‘lgani bois xorijiy va mahalliy sayyohlar ko‘p tashrif buyuradi. Lekin temir yo‘l vokzalimiz ishlamaydi, aeroportimiz faoliyat yuritmaydi. Agar ular ishga tushsa, sayyohlik oqimi yanada kengayadi. Mashinada kelishdan ko‘ra, ancha arzonga tushadi. Bundan tashqari, shahar televideniyesini ishga tushirmoqchimiz, bu masala bo‘yicha ham hali ijobiy natijaga erisha olganimiz yo‘q.
Shuningdek, press-tur doirasida shahardagi uy mehmonxonalari ham ko‘zdan kechirildi.
O‘.BAROTOV, O‘zA