Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Shahrimiz ozodaligini saqlash — har birimizning burchimiz
12:27 / 2026-02-23

Yaqin kunlarda o‘lkamizga bahor fasli kirib kelishi munosabati bilan Toshkent shahrida ko‘chalarni tozalash va yashillashtirish ishlari jadal olib borilmoqda. Shu ishlar xususida Toshkent shahar hokimligi huzuridagi Alohida ahamiyatga ega ko‘chalarni obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish boshqarmasi boshlig‘i Dilyor Esonov bilan suhbatlashdik.

— So‘nggi kunlarda, qolavesa bahor kelishi oldidan  poytaxtimiz ko‘chalarini obodonlashtirish uchun qanday ishlar amalga oshirilmoqda?

— Hozirgi kunda Toshkent shahrining deyarli barcha nuqtalarida obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlari jadal olib borilmoqda. Xususan, Toshkent shahrining markaziy ko‘chalarida ko‘p yillik manzarali daraxtlarga vegetatsiya davri boshlanmasdan parvarishlash va shakl shakl berish ishlari boshlangan.  

Fuqarolarimizning hayoti va shaxsiy mulkiga xavf tug‘diradigan darajada o‘sib ketgan  daraxtlarning ortiqcha shoxlarini olib tashlash va o‘rnatilgan tartibda shakl berish hamda  yoshartirish ishlari olib borilmoqda. Hozir yog‘ingarchilik mavsumi bo‘lganligi uchun Toshkent shahrining barcha markaziy ko‘chalari, shoh ko‘chalari va ichki ko‘chalarining irrigatsiya tarmoqlari tozalanmoqda. Bundan tashqari, mutaxassislar tomonidan yashil maydonlarning sun’iy sug‘orish tizimlarini ta’mirlab, ularning yashilikka qo‘shayotgan xizmatini oshirish ishlari olib borilmoqda.

Hademay bahor fasli ham kirib keladi va kunlar iliqlashadi. Shuni hisobga olgan holda, favvoralarimizni ham ishga tushirishimiz kerak bo‘ladi. Buning uchun mutaxassis ishchi xodimlarimiz favvoralarning yaroqli yoki yaroqsiz holatini tekshirib, yaroqsiz holatda bo‘lsa ta’mirlashadi.

— Yo‘llarni ta’mirlash borasida qanday ishlar amalga oshirilmoqda?

— Qish faslida shahrimizdagi avtotransport vositalarining erkin harakatlanishi, yo‘llar muzlab qolmasligi uchun asfaltni qordan tozalash maqsadida erituvchi tuzlar sepilgan. Ushbu tuz qoldiqlari o‘zining salbiy ta’sirini ko‘rsatib, asfalt qoplamalarida har xil yoriqlarni hosil qiladi. Ular kichik bo‘lsada, bir-biri bilan bog‘lanib, keyinchalik katta chuqurliklarni hosil qiladi. Natijada ular transport vositalarining harakatlanishiga to‘sqinlik qiladi. Hatto fuqarolarning hayotiga ham xavf tug‘dirishi mumkin. Shularning oldini olish maqsadida ayni paytda ishchi xodimlarimiz tomonidan shu yo‘l yoriqlarini izolyatsiya qilish va hosil bo‘lgan katta chuqurlarni asfalt bilan qoplash ishlari olib borilyapti.

— Ko‘cha va xiyobonlar qanday shaklda ko‘kalamzorlashtirilmoqda?

— O‘z navbatida yashil maydonlar va xiyobonlarda joylashgan barcha turdagi butasimon o‘simliklar, mavsumiy gullar, ko‘p yillik manzarali daraxtlarning agrotexnik chora-tadbirlari o‘tkazilmoqda. O‘simliklarning kasalligi va hozirgi paytdagi zararkunandalarga qarshi kimyoviy preparatlar bilan kurashish, yog‘ingarchilik bo‘layotgan paytda maysazorlarning yashilligini oshirish maqsadida “sulfat ammonium” mineral ozuqalari yordamida o‘g‘itlash ishlari amalga oshirilmoqda.  

—  Texnikalar shayligi haqida ham aytib o‘tsangiz.

— Qish fasli har taraflama o‘z ta’sirini bizning sohaga ham o‘tkazib ketadi. Shu sababli texnikalarimizni bahor mavsumiga tayyorlamoqdamiz. Ularni texnik ko‘rikdan o‘tkazib, yaroqsiz mexanizmlarini almashtirib, yaroqli holatga keltiramiz.

— Boshqarmada xodimlar xavfsizligi masalasi qanday?

— Asosiy qiladigan ishlarimizdan yana biri — har kuni boshqarmamizning xodimlarini ishga jalb qilishdan oldin ertalabgi ko‘rikdan o‘tkazish. Ularni texnika xavfsizlik qoidalariga amal qilish bo‘yicha yo‘riqnoma bilan tanishtirib, imzo qo‘ydirib, ishga jalb qilamiz. Bundan tashqari, xodimning sog‘ligi va  ish kiyimlari ham tekshiriladi.

— Chiqindilarni  tozalash bo‘yicha ham qanday ishlar qilinmoqda?

— Bugunning o‘zida bizning boshqarmamizga tegishli bo‘lgan yo‘llardan jami 20,5 tonna chiqindi chiqqan. Bu boshqarma tarkibida bo‘lgan 16 ta ko‘chadan chiqqan chiqindidir. Ular shu ko‘chalarda joylashgan irrigatsiya tarmoqlari, yashil maydonlar va istirohat bog‘laridan yig‘ilgan. Bundan tashqari, shu ko‘chalarda 64 ta bekat mavjud bo‘lib, ularning har birida 3 tadan chiqindi qutisi bor va piyodalar yurish yo‘laklarining har 100-200 metriga ham chiqindi qutilari qo‘yilgan.

— Aholining obodonlashtirish ishlaridagi roli qanday?

— Poytaxtimiz ahli agar bizdan yordamini ayamasa shahrimiz yanada ko‘rkamlashadi. Ulardan iltimosim, o‘zlari yashayotgan hududlar, ko‘chalar tozaligiga bee’tibor bo‘lishmasin. Ayrim fuqarolarimiz yegan meva po‘chog‘i, segaret qoldig‘i, politelin idish va paketlarni ko‘chalar va ariqlarga tashlab ketishadi. Keyin bu chiqindilar ariqlarni to‘ldirib, yog‘ingarchilik bo‘lgan paytda suv toshqinlarini keltirib chiqaradi.

Yana bir murojaatim,  ayrim tadbirkorlik sub’ektlari “Maxsustrans” tashkiloti bilan shartnoma qilmasdan, aholi uchun qo‘yilgan kichik chiqindi qutilariga o‘zlarining ko‘p miqdordagi chiqindilarini olib chiqib tashlaydi. Vaholanki, ularga bu chiqindilarning hammasi ham sig‘maydi. Va bu holat o‘z navbatida ko‘chalarimizning tozaligiga o‘zining salbiy ta’sirini ko‘rsatmoqda.  

Akbar Po‘latov suhbatlashdi, 

O‘zA