Xabaringiz bor, joriy yilning 14 noyabr kuni Toshkentdagi "Humo Arena" majmuasida “Lift Promotions” va “Matchroom Boxing” hamkorligida professional boks oqshomi o‘tkaziladi.
Ushbu kechaning markaziy jangi yarim o‘rta vazn toifasida WBA kamari uchun majburiy da’vogar bo‘lib turgan hamyurtimiz Shahram G‘iyosov hamda rossiyalik Mark Urvanov o‘rtasida bo‘lib o‘tadi. Unda bokschilar 8 raund davomida bahs olib boradi.
Shuningdek, super og‘ir vaznda yana bir 8 raundlik jangda Bahodir Jalolov nigeriyalik Solomon Adebayo bilan raqobatlashsa, ushbu vazda Lazizbek Mullajonov WBC CISBB kamari uchun 10 raundlik jangda Monyasahu Muritador bilan jang qiladi.
Ikkinchi o‘rta vaznda WBC CISBB kamari uchun yana bir hamyurtimiz Nurislom Ismoilov 10 raundlik jangda tanzaniyalik Jozef Maigvisyaga qarshi ringga ko‘tariladi.
Shuningdek, ushbu kechada turli vaznlarda Shohjahon Abdullayev, Ozodbek Aliyev, A’loxon Abdullayev, Suhrob Qayumov, Baxtiyor Ilyosov kabi bir qator bokschilarimiz navbatdagi janglarini o‘tkazadi.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA