Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Shahodat Isaxonovadan yangi adabiy tuhfa
11:01 / 2025-12-24

O‘zbekiston Milliy matbuot markazida atoqli ijodkor Shahodat Isaxonova qalamiga mansub “Chechaklar ifori...” nomli yangi she’riy to‘plam hamda adabiyotimiz fidoyilari tomonidan e’tirof tariqasida bitilgan “Adabiyot tarozisi Haq tarozisi kabidir...” deb nomlangan adabiy maqolalar risolasining taqdimoti bo‘lib o‘tdi.

Taqdimot tadbiriga adabiyotshunos olimlar, yozuvchi va shoirlar, so‘z san’ati ixlosmandlari taklif etildi.  

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiyi, “Jahon adabiyoti” jurnali bosh muharriri Ahmadjon Meliboyev va boshqa ustoz ijodkorlar Shahodat Isaxonovaning betakror  ijodi, mehnat faoliyati xususida so‘z yuritdi.  

Shahodat opa nasr va nazmda, tarjima va dramaturgiya, jurnalistika sohasida samarali va sermahsul ijod qilib kelayotgan zahmatkash va tinib-tinchimas qalamkashlardan sanaladi. Iztirobga yo‘g‘rilgan rostgo‘ylik, samimiyat, milliy ruh, yurtparvarlik, jonfidolik  Shahodat Isaxonova ijodida yaqqol ko‘zga tashlanadi. Tarixiy mavzudagi  asarlar Shahodat opaning ijodida salmoqli o‘rin egallaydi va muxlislar tomonidan alohida qiziqish bilan mutolaa etiladi.    

Ijodkor  “Antiqa ziyofat”, “Turon malikasi”, “Qirq kokilli kelinchak”, “Sulton Jaloliddin yoxud Chingizxon tuzog‘iga tushgan malika”, “Bibixonim”, “Zavetnoye jelaniye”, “Laylaklar”, “Nodirai davron” kabi ko‘plab roman, qissa va hikoyalar muallifidir.

Shahodat Isaxonova qalamiga mansub “O‘lan”, “Sulton Jaloliddin Manguberdi”, “Bibixonim”, “Tanovar” kabi bir qancha dramalar sahnalashtirilgan.

–   Shahodat opa – siyrati ilmu ijod nuri bilan ziynatlangan, injaqalb adiba, – dedi taniqli shoira Zilola Xo‘janiyozova. –Ijodkor har lahza ma’rifat sari intilib, dunyo tilsimlarini anglamoq umidida yashaydi, izlanadi. Bunday insonlar  ruh ozig‘i bo‘lgan kitoblarga oshno bo‘ladi, oshno etadi. Berilgan sinovli umrni faqat yaxshilikka sarflaydi. O‘tmishga murojaat etib, undan saboq olmoqqa urinadi. Tomirlarida oqayotgan qon qay ildizdan kuch olishi, kim bo‘lgani, qanday yashamoq lozimligi, ajdodlar o‘giti, hayotdan o‘zga jilo, yangi ma’no, toza haqiqatlarni topmoqqa, tiynatida, tafakkurida ularni anglamoqqa intiladi.  

Adabiyot ahli Shahodat opa bilan har gal suhbatlashganida ayni xulosalar o‘z  tasdig‘ini topaveradi. Har gal  ijodkorlarimiz opa bilan suhbat davomida o‘zlari uchun go‘zal ma’volarni, yangi ma’nolarni kashf etadi. Opaning  ko‘zlarida, so‘zlarida, ruhiyatidagi muhtashamlik va samimiyat o‘ziga qahraboday tortaveradi.

“Chechaklar ifori...” nomli yangi she’riy to‘plam hamda so‘z san’ati fidoyilari tomonidan e’tirof tariqasida bitilgan “Adabiyot tarozisi Haq  tarozisi kabidir...”  deb nomlangan  adabiy maqolalar risolasi Shahodat Isaxonova ijodining muxlislari uchun o‘ziga xos tuhfa bo‘lgani aniq.  

N.Usmonova,  

O‘zA muxbiri