Xabar berganimizdek, mart oyida mamlakatimizda “Navro‘z” umumxalq bayramiga bag‘ishlangan bir qator professional boks turnirlari, jumladan 14 mart kuni poytaxtimizdagi “Yunusobod” sport majmuasida “AFP-1” turniri (Akhmat Fight Promotion) o‘tkaziladi.
Bugun, 10 mart kuni ushbu boks kechasi tashkilotchilaridan biri “Akhmat Fight Promotion” mutaxassisi Feruzbek Yo‘ldoshev turnirda o‘tkaziladigan markaziy jang xususida ma’lumot berdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, 14 mart kuni “Yunusobod” ringida aralash yakka kurashlar (MMA) bo‘yicha xalqaro maydonda katta obro‘ga ega bo‘lib kelayotgan hamyurtimiz Nursulton Ro‘ziboyev professional boksdagi dastlabki jangini gruziyalik charm qo‘lqop ustasiga qarshi o‘tkazadi.
Shuningdek, mazkur turnir davomida 10 taga yaqin juftliklar professional boksdagi ilk janglarini o‘tkazish uchun ringga ko‘tariladi. Aytish lozimki, Nursulton Ro‘ziboyev ertaga, 11 mart kuni Bahraynda aralash yakka kurashlar bo‘yicha o‘tadigan nufuzli turnirda braziliyalik Luis Felipe Dias bilan jang o‘tkazishi kutilmoqda.
Mamlakatimiz professional bokschilari haqida yana bir qiziq xabar. Rio Olimpiadasi g‘olibi, 2019 yili Rossiyada o‘tgan jahon chempionati oltin medal sohibi Shahobiddin Zoirov ertaga, 11 mart kuni Angliyaning Esseks shahrida Buyuk Britaniya vakili Brett Fidoega qarshi navbatdagi jangida ishtirok etadi.
Iste’dodli bokschimiz Shahobiddin Zoirov shu kunga qadar professional boksda 3 ta jang o‘tkazgan. Barchasida raqiblarini mag‘lub etgan. Bundan tashqari, “Navro‘z” bayrami arafasida, ya’ni 19 mart kuni professional bokschimiz Bektemir Meliqo‘ziyev AQSHning Los-Anjeles shahrida tashkil etiladigan boks kechasida kanadalik Devid Zegarra bilan 10 raundlik jang o‘tkazishi rejalashtirilgan.
T.Ro‘ziyev, O‘zA