Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun!
Bugun istiqlol manzaralarining namoyoni O‘zbekiston yoshlarining hayotida, faoliyatida, erishayotgan natijalarida yaqqol aks etmoqda. Mustaqilligimizning o‘tgan, o‘tayotgan 34 yili har bir yurtdoshimiz qatori minglab, millionlab yoshlar uchun katta qadamlarga, ulkan marralarga zamin bo‘ldi. Yurt yoshlariga berilgan ishonch va umid, cheksiz imkoniyatlar va imtiyozlar har bir yigit-qiz hayotida o‘z so‘zini aytmoqda.
Ana shunday faol va iqtidorli yoshlardan biri, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi huzuridagi Yoshlar parlamenti raisligidan quyi palata deputatligigacha bo‘lgan yo‘lni bosib o‘tgan, huquqshunos, yuridik fanlar bo‘yicha falsafa doktori, dotsent Shahnoza Joldasova yurtimizda yoshlar uchun yaratilayotgan shart-sharoitlar, berilayotgan imkoniyatlar haqida o‘z fikr-mulohazalarini, ko‘ngil kechinmalarini izhor etdi:
– Talabalik yillarimizda bo‘sh vaqtlarimizni mazmunli o‘tkazish maqsadida siyosiy tadbirlarda, parlament hayotida ishtirok etishni xohlar edik. Chunki har bir yuridik yo‘nalishdagi inson borki, siyosiy jarayonlarga qiziqadi. Ammo bunga hech imkon bo‘lmasdi. Siyosiy jarayonga yoshlar jalb etilmas edi.
Bugungi kunda esa bu tendensiya butunlay o‘zgardi. Bugun davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan yoshlarga katta ishonch bildirilmoqda, yoshlar siyosiy jarayonlarga keng jalb etilmoqda, qarorlar qabul qilishda yoshlarning ishtirokini ta’minlashga alohida e’tibor qaratildi. Prezidentimizning shaxsiy irodasi bilan yoshlarning nafaqat qarorlar, balki qonunlar qabul qilishdagi ishtirokini kengaytirish maqsadida 2020 yilda parlamentning har ikkala palatasi huzurida Yoshlar parlamenti instituti tashkil etildi.
Men quyi palata huzuridagi Yoshlar parlamentining birinchi chaqirig‘ida bu tuzilmaga rais bo‘lganimdan juda faxrlanaman. Yoshlar parlamenti o‘tgan davr mobaynida yoshlarning siyosiy jarayonlarga kirib kelishida zinapoya vazifasini bajarmoqda. Bugun har bir faol yosh parlament eshiklaridan kirib kelmoqda. Yoshlar parlamenti a’zolari fraksiya yig‘ilishlari va yalpi majlislarda qatnashish, qonun loyihalari muhokamasida takliflari bilan ishtirok etish imkoniga ega bo‘ldilar. Bu yoshlarga berilayotgan katta imkoniyatdir.
Men o‘zim ham mana shu Yoshlar parlamenti orqali bugun Qonunchilik palatasi deputati bo‘lish imkoniyatiga ega bo‘lganimni alohida e’tirof etaman. Yoshlar parlamentiga, siyosatga qiziquvchi yoshlar safi kengaymoqda, siyosiy partiyalarga o‘n minglab yoshlar kirib kelmoqda. Bugun “yoshlar siyosatga aralashmasin” emas, aksincha, ularni siyosatga keng jalb etish jarayoni faollashdi. Bu umumxalq referendumi va undan keyingi saylovlar jarayonida yana bir bor yaqqol namoyon bo‘ldi. Ya’ni, yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizni qabul qilishda takliflarning 70 foizi aynan yoshlar tomonidan berilgani, eng katta targ‘ibotchi yoshlar bo‘lgani e’tiborlidir.
Men oddiy qoraqalpoq qizi sifatida ikki buyuk xalqning farzandi ekanligimdan faxrlanaman. Xorijlik do‘stlarimiz deputatlikka saylanganimda “nahotki, sizlarda yoshlarni ham deputatlikka qo‘yishadimi” deya hayratlanishgan. Men esa nafaqat deputatlik, balki mas’ul lavozim va vazifalarda ham ko‘plab yoshlar ishlayotganini faxr bilan aytganman.
Albatta, bularning bari mamlakatimizda yoshlarga berilayotgan keng imkoniyatlar samarasi, yoshlarga oid davlat siyosatining natijasidir.
PS: Yosh deputatning kechinmalari va dil so‘zlari bilan batafsil quyidagi videohavolada tanishishingiz mumkin.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/wHaLCtyZ62w" title="Shahnoza Joldasova: deputatlikka saylanganimda xorijlik do‘stlarim hayratlanishgan" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Muhtarama Komilova,
Doniyor Yakubov, Anvar Ahmedov (video), O‘zA