Muhokama uchun mavzu
Har bir insonning kamolga yetishida ota-onasi qatorida o‘qituvchi, ustozning xizmatlari beqiyos. Bekorga xalqimiz “Ustoz otangdan ulug‘” demaydi. (Bu maqol keyingi paytlarda ikki xil qo‘llanmoqda: “Ustoz otangdek ulug‘” varianti ham bor. Lekin, menimcha, ulug‘ shoirimiz Erkin Vohidov maqolning birinchi variantini juda to‘g‘ri izohlab, bahsga o‘rin qoldirmagan).
Bizni 1-sinfda Bozor Safarov degan muallim o‘qitgan. Sunnat to‘yimizdan keyin qariyb bir oy maktabga borolmaganman. Muallimim har haftada ikki-uch bor uyimizga kelib, menga harflarni o‘rgatar, sinfdoshlarimdan ortda qolib ketmasligim uchun jon kuydirardi.
9-sinfga o‘tganimizda bizga ona tili va adabiyot fanlaridan Do‘stmurod Haydarov degan o‘qituvchi dars bera boshladi. 9-sinfga qadar men barcha fanlarni bir xil “a’lo”ga o‘qir, matematika fanidan muntazam ravishda tuman miqyosidagi olimpiadalarda qatnashardim.
Yangi adabiyot o‘qituvchimiz bizni sehrlab tashladi. O‘zbek adabiyotining taniqli namoyondalari hayoti va ijodi haqida mehr bilan shunday ajoyib gaplar aytar, ijodidan namunalarni jo‘shib yoddan o‘qib berardi. Sinfdoshlarimiz orasidan ko‘pchilik she’r yoza boshladi. Adabiyot darslarini intiqlik bilan kutardik. 9-sinfdan keyin men ham boshqa fanlardan ko‘ra ona tili va adabiyotini ko‘proq o‘qiy boshladim. Shu sohani tanlashimda joylari jannatga bo‘lgur Do‘stmurod aka Haydarovning hissasi juda kattadir. Biz hatto dam olish kunlari ham domlaning uyiga borar, soatlab adabiyot haqida gurunglar qilardik.
Endi o‘ylasam, bizga saboq bergan barcha o‘qituvchilar o‘z sohasining fidoyilari, jonkuyarlari, yaxshi mutaxassislar bo‘lgan ekan. Men ularning ayrimlarining nomlarini tilga olgim keladi. Tarix bilimdoni Avaz Boyqorayev, ximik Abdusattor Fayziyev, biolog Ochil Shodiyev, matematiklar Tog‘ay Toshmatov, Shodmon Chorshanbiyev, Xushmamat Azimov, ona tili muallimi Rustam Usanov, rus tilidan o‘qitgan Sadin Safarov, Normamat Buzanov, Abdurashid Baratov, nemis tili o‘qituvchimiz Mirzo Tuyg‘unov va boshqa nomi yodimga kelib-kelmayotgan ko‘p ustozlarni bugun faqat chuqur hurmat bilan eslaymiz. Ular bizning qishlog‘imizning jadidlari edi, desam ishonavering.
Bu fidoyi, o‘z fanining bilimdoni bo‘lgan ustozlar biz, qishloq bolalari ongiga o‘qishga, ilm olishga intilish tuyg‘usini singdirgan. Bugun, o‘zim ham ustoz maqomiga ko‘tarilganimda, anglaganim shulki, ularning qilgan eng katta ishi bizni ishontirgan – yaxshi o‘qisanglar kelajakda katta odam bo‘lasilar, el-yurtga foydalaring tegadi, degan fikrni miyamizga qo‘ygan. Ustoz, muallim sifatida o‘z zimmasiga yuklangan missiyani sharaf bilan bajargan. Shuning uchun ham ular, to tirik ekanmiz, biz – o‘quvchilari qalbida abadiy yashaydi. Biz ulardan o‘rgangan ezgu fazilatlarni yoshlarga, o‘zimizdan keyingi avlodga singdiramiz va estafeta shu tarzda davom etaveradi. Hayotning abadiy qonuniyati ma’nosi ham shu!
Men o‘qigan Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika institutining o‘zbek tili va adabiyoti bo‘limida bizni o‘zbek filologiyasi bo‘yicha yirik olimlar – Natan Mallayev, Mazluma Asqarova, To‘xtamurod Boboyev, Pirmat Shermuhammedov, Qudrat Ahmedov, Ra’no Abdulahatova, xorij adabiyotidan dars bergan Hamidjon Hamidov kabi asl ustozlar kutib olishdi. Maktab o‘qituvchilari ongimizga ekkan ilm nihollarini parvarishlab, bizdan ona tili va adabiyoti jonkuyarlari, mutaxassislar tayyorlashdi.
Zamonaviy o‘zbek adabiyotidan dars bergan Muhabbat Ahmadboyeva bir imtihoniga yigitlarni kiritmadi. Qahraton qish edi. Biz esa hammamiz yalangbosh institutga kelgandik.
–Hozir yosh-olovsizlar, bilmaysizlar. Hammang bosh kiyim kiyib kelsanglar, keyin imtihonga kirasilar,– dedi mehr bilan.
O‘qishni bitirayotgan yilimiz akademik Mazluma opa Asqarova qizlarga shunday nasihat qilgandi: “Jon qizlarim, mana shu atroflaringda yurgan, bugun ko‘zlaringga bo‘sh-bayov bo‘lib ko‘rinayotgan yigitlarning etagidan mahkam ushlanglar. Ular hali o‘zini tutib olib, bir ajoyib insonlar bo‘ladi. Sizlarga har kuni gap otib, tinchlik bermayotgan o‘t-olov yigitlardan ehtiyot bo‘linglar, ular mustaqil hayotda sizlarga ko‘p tashvishlar keltiradi”.
Shu o‘rinda dotsent Ra’no Abdulahatovaning qat’iyati tufayli talaba bo‘lganimni aytmasam bo‘lmas.
Bizning “K” gruppamizdagi o‘ttiz abituriyentdan birinchi imtihon – inshodan yetti nafar yigit-qiz zo‘rg‘a uch baho bilan o‘tdik. Ikkinchi imtihon – ona tili va adabiyotidan og‘zakida javoblarimni diqqat bilan tinglagan ayol o‘qituvchi(keyin bildim bu Ra’no Abdulahatova ekan) sherigi, keksaroq adabiyot muallimiga yuzlandi.
Bugun ertalabdan buyon imtihonga kirganlar ichida shu bolaning javobidan ko‘nglim to‘ldi. Unga “to‘rt” qo‘ysak, mandatdan o‘tolmaydi, inshodan “uch” olgan ekan, komissiyani chaqiramiz, – dedi qat’iy.
Issiqda lohas o‘tirgan keksa adabiyot o‘qituvchisiga bu gap uncha yoqmadi.
Komissiya hozirgina kelib-ketdi, ularni yana kim chaqirib keladi, Ra’noxon, “to‘rt” qo‘yaveraylik,–dedi erinibgina.
Men o‘zim aytib kelaman,–deya ayol muallim shartta o‘rnidan turdi.
“A’lo” baho qo‘yish vakolatiga ega komissiyaning ikki vakili – o‘zbek adabiyotshunosligi kafedrasi mudiri To‘xtamurod Boboyev va o‘zbek tilshunosligi kafedrasi mudiri Hasanboy Jamolxonov xonaga kirib kelishdi(Ularning ism-familiyalarini keyin bildim).
–Sizga har birimiz ikkitadan savol beramiz, – dedi To‘xtamurod Boboyev.–Agar javob berolsangiz, bo‘ldi bahongiz “besh”.
O‘zbek adabiyotidan ikkita va ona tilidan bitta savolga to‘liq javob berdim. Faqat tildan berilgan majhullik fe’l nisbatiga doir savolning javobida chalkashdim.
–To‘rtta savolning uchtasiga javob bor, bittasiga esa yo‘q,– dedi To‘xtamurod domla salmoqlab.–Keling, endi sizga yana bir imkon beraylik. Siz adabiyot fakultetiga o‘qishga kirayapsiz, o‘g‘lim. Yoddan bitta she’r o‘qiysiz.
Menga jon kirdi. O‘sha paytlari yuzlab she’rlarni yoddan bilardim. Shartta qaddimni rostlab, deyarli bo‘sh audatoriyaga yuzlanib, shoir Shuhratning “Noma’lum soldat haykali oldidagi o‘ylar” sarlavhali uzundan uzoq she’rini ifodali o‘qiy boshladim.She’rning har bandida takrorlanadigan “Kim u? Kim u? Kim u?” naqoratini baland ovozda o‘qiyman.
Ustimda o‘sha paytlari urf bo‘lgan oq neylon ko‘ylak, qora shim. Terlab ketganman. She’rni tugatib, ochiq turgan eshikka qarasam, qatorlashib meni kuzatib turgan abituriyentlarga ko‘zim tushdi.
–Barakalla, o‘g‘lim, –dedi To‘xtamurod Boboyev o‘rnidan turib. –Mana endi “besh”ni halolladingiz.
O‘qishga kirgach bildimki, bu domlalar institutning juda e’tiborli olimlari ekan. Ayniqsa, Ra’no Abdulahatovaning qattiqqo‘lligidan yaxshi o‘qimaydigan talabalar zirillardi. Xorazmlik ona tilini o‘zlashtirolmayotgan bir kursdoshimizning ota-onasini chaqirtirib, o‘g‘lingizdan ona tili o‘qituvchisi chiqmaydi, deb ochiq aytib, o‘z xohishlari bilan hujjatlarini olib ketishga majbur qilgandi.
Bu ustozlar mening maqtovimga muhtoj emas. Ularning yorug‘ xotirasi doimo xayolimizda, qalbimizda. Ular bizga qanday yashash va ishlash kerakligidan saboqlar berib ketdi. Aytmoqchimanki, bunday fidoyi ustozlarning hayot yo‘li yoshlar uchun bir ibratdir.
Ish jarayonida ham qancha yaxshi odamlarga, o‘z kasbining ustalariga, mehnatkash ustozlarga duch keldik. Ulardan oz-ozgina o‘rganib, bugun o‘zimiz ham bizdan keyingi avlodga ustoz maqomida turibmiz.
Muxtasar aytganda, bunday misollar, xotiralar har kimning hayotida uchraydi. Har bir kishi o‘zining kamolga yetishiga hissa qo‘shgan chin ustozlar haqida juda ko‘p va xo‘b gapirishi, yozishi mumkin.
Mamlakatimizda keyingi yillarda Yurtboshimizning tashabbusi bilan o‘qituvchilik kasbining nufuzini ko‘tarish, ularning moddiy ahvolini yaxshilash, ustozlarga zarur mehnat sharoitlarini yaratish borasida juda ko‘p ijobiy ishlar amalga oshirilmoqda.
Ammo, mening nazarimda, bu ishlar hali kam. O‘qituvchilar bundanda yuksak e’tibor va hurmatga arziydi. Ularning zahmatlari juda katta olqish va tahsinlarga loyiqdir.
Ta’limda sifat ustuvor bo‘lar ekan, jamiyat yuksalaveradi. Rivojlangan dunyo tajribasi shunday. Buning uchun o‘qituvchilar, eng avvalo, moddiy va ma’naviy jihatdan qo‘llab-quvvatlanishi kerak.
Men mamlakatimizda o‘qituvchi kasbining obro‘sini oshirish, nufuzini yuksaltirish maqsadida shunday taklif bildirmoqchiman: shaharu qishloqlarimizdagi bosh maydonlarda o‘qituvchiga ramziy haykallar o‘rnatilishi lozim.
Bu xalqimizning ustozlarga mehr-muhabbati ifodasi sifatida jamiyatimizda juda katta ijobiy aks-sado beradi. Bu haykallar poyiga 1 oktyabr – O‘qituvchi va murabbiylar kuni, Bilimlar kuni va boshqa bayramlarimizda keng jamoatchilik nomidan gullar qo‘yamiz, o‘qituvchilar sha’niga iliq so‘zlar aytib, ularni olqishlaymiz.
Vijdonan aytganda, bu shogirdlarning ustozlar oldidagi burchidir.
Abdujalol Taypatov, O‘zA