Jizzax viloyatining barcha tuman markazlarida “Yangi O‘zbekiston – Yangicha dunyoqarash” shiori ostida ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar bo‘lib o‘tmoqda.
Mirzacho‘l tumani markazidagi O‘zbek-qozoq milliy madaniyat markazi majmuasida o‘tkazilgan ana shunday targ‘ibot tadbirida Respublika, viloyat markazlaridan taniqli san’atkorlar, tuman aholisi, yoshlar hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Tadbirda “Yangi O‘zbekiston – yangi taraqqiyot bosqichida”, “Xotin-qizlar va yoshlarni ijtimoiy faollashtirishga innovatsion yondashuv” mavzusida ma’ruzalar tinglandi. Prezidentimizning yil boshida parlamentga yo‘llagan murojaatnomasi hamda O‘qituvchi va murabbiylar kuniga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi nutqi mazmun-mohiyati, O‘zbekistonning xalqaro miqyosda ortib borayotgan mavqei haqida o‘zaro fikr almashildi.
– O‘zbekistonning yangi taraqqiyot bosqichiga qadam qo‘ygani ushbu tuman markazi – Gagarin shaharchasining jamolida, bugungi tadbir o‘tayotgan o‘zbek-qozoq milliy madaniyat markazining yangilangan majmuasida yaqqol aks etib turibdi, – deydi tadbirda ma’ruza qilgan Jizzax politexnika institutining ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha prorektori Sanobar Eshbekova. – Prezidentimizning e’tibori bilan “Obod qishloq”, “Obod markaz” dasturlari doirasida amalga oshirilgan bu ishlar zamirida shu yerda yashayotgan aholining hayot tarzini yaxshilash, turmush madaniyatini yuksaltirishdek ezgu maqsad mujassam. Shuning uchun “Yangi O‘zbekiston – yangicha dunyoqarash” degan so‘z oddiy ta’rif emas, amalga oshirilgan ishlarning ifodasidir. Bunday katta o‘zgarishlar faqat Mirzacho‘lda emas, mamlakatimizning barcha joylarida amalga oshirildi va yana davom etayotir. bugungi o‘tkazilayotgan ushbu tadbirdan ko‘zlangan asosiy maqsad – mamlakatimizda ezgu maqsad yo‘lida amalga oshirilayotgan islohotlarning ahamiyatini keng jamoatchilikka yetkazish.
Ishtirokchilar tuman musiqa va san’at maktabi yosh ijodkorlarining mavzusida tasviriy san’at asarlari ko‘rgazmasi bilan tanishdilar.
Yosh sportchilar turli ko‘rgazmali chiqishlar namoyish etdi.
O‘zbek –qozoq milliy madaniyat markazining tomosha zalida tadbirning badiiy qismi bo‘lib o‘tdi. Unda “Yangi O‘zbekiston – yangicha dunyoqarash” mavzusida she’rlar, qo‘shiqlar ijro etildi. Respublikamizning taniqli so‘z ustasi Avaz Oxunning yangi hangomalari tadbir ishtirokchilariga xush kayfiyat bag‘ishladi.
“Yangi O‘zbekiston – yangicha dunyoqarash” shiori ostidagi ma’rifiy targ‘ibot tadbirlari viloyat tumanlarida ko‘tarinkilik bilan o‘tayotir.
T.BEKNAZAROV, J.YORBEKOV (surat), O‘zA