Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Shaharsozlikda Fransiya bilan hamkorlik taklif etildi
18:32 / 2025-01-31

Samarqandga Fransiyaning “MEDEF International” ishbilarmonlik harakati qoshidagi “O‘zbekiston-Fransiya” kengashi rahbari, “Orano” kompaniyasi raisi Klod Imoven boshchiligidagi delegatsiya tashrif buyurdi.

Mehmonlar dastlab shahardagi tarixiy-madaniy yodgorlik va diqqatga sazovor maskanlarni tomosha qildi. Samarqandda keyingi yillarda amalga oshirilgan bunyodkorlik ishlari bilan tanishdi.

So‘ngra Shirin shaharchasi direksiyasida viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi Adiz Boboyev boshchiligidagi mas’ullar hamda tadbirkorlar fransiyalik ishbilarmonlar bilan uchrashdi. 

[gallery-21542]

– Fransuz kompaniyalarining innovatsion, texnologik va investitsion salohiyatini yuksak baholagan holda turizm, shaharsozlik, transport, energetika, qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat sanoati sohalarida hamkorlik aloqalarini o‘rnatish va davom ettirishni taklif qilaman, – dedi Samarqand viloyati rahbari A.Boboyev. – Jumladan, shaharsozlik va “aqlli shahar” loyihasi – biz amalga oshirayotgan eng katta loyihalardan biri 660 gektar maydonni o‘z ichiga olgan Shirin shaharchasi qurilishidir. Ushbu zamonaviy shahar turarjoy majmualari, savdo va biznes markazlari hamda zamonaviy infratuzilmani o‘z ichiga oladi. Energiya samaradorligi yuqori bo‘lgan binolar, zamonaviy kommunal xizmatlar va Shirin shaharchasining intellektual infratuzilmasini rivojlantirishda fransuz mutaxassislarining tajribasi juda muhim. Mazkur loyiha yuzasidan Fransiyaning boy tajribaga ega bo‘lgan “Ellips Prodjekts EsEyEs” kompaniyasi bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘ysak, maqsadga muvofiq bo‘lardi.

“MEDEF International” dunyoning turli mamlakatlari bilan biznes va investitsion aloqalarni rivojlantirishga ixtisoslashgan tashkilot bo‘lib, yetti mingdan ortiq fransuz kompaniyalarini birlashtiradi.

– Prezidentimiz davlat tashrifi bilan O‘zbekistonga kelganda ilk bor bu tarixiy shaharda bo‘lganman, – deydi “MEDEF International” ishbilarmonlik harakati qoshidagi “O‘zbekiston-Fransiya” kengashi rahbari, “Orano” kompaniyasi raisi Klod Imoven. – O‘shanda qisqa muddatda Samarqanddagi tarixiy qadamjolarni tomosha qilish imkoni bo‘lmagandi. Bugun shaharning diqqatga sazovor joylariga sayohat qilib hayratlandik. Bildikki, Samarqandda turizm eng yaxshi rivojlangan yo‘nalishlardan biri ekan. Shaharda ushbu soha bilan birga sog‘liqni saqlash, jamoat transporti, energetika, shaharsozlik yo‘nalishlarini rivojlantirish bo‘yicha hamkorlikda loyihalarni amalga oshirish tarafdorimiz.

Uchrashuv yakunida Samarqandning turizm salohiyati hamda Shirin shaharchasi loyihasi taqdimot qilindi.

G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat), O‘zA muxbirlari