Hududlararo shaharsozlik — bu turli shahar va hududlar o‘rtasidagi arxitektura, infratuzilma, transport, kommunikatsiya va ijtimoiy sohalarni uyg‘un tarzda rivojlantirish jarayoni. Uning asosiy maqsadi shaharlarning barqaror rivojlanishini ta’minlash, aholi uchun qulay yashash muhitini yaratish hamda iqtisodiy-ijtimoiy aloqalarni kuchaytirishdan iborat.
Hududlararo shaharsozlik nafaqat shaharlar imkoniyatlarini kengaytiradi, balki butun mamlakat miqyosida barqaror taraqqiyotni ta’minlaydi. U orqali shaharlar o‘rtasidagi raqobat emas, balki o‘zaro hamkorlik va tajriba almashish kuchayadi.
Shu ma’noda, “Toshkentboshplan LITI” davlat muassasasida “Hududlararo shaharsozlik va ilmiy-texnika tarmoqlarida hamkorlik” mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi. Ushbu tashabbus Birodar shaharlar alyansi hamda “Toshkentboshplan LITI” hamkorligida amalga oshirildi.
Davra suhbatida mutaxassislarning ma’ruzalaridan so‘ng ishtirokchilar tomonidan turli taklif va mulohazalar bildirildi. Xususan, shaharsozlik va ilmiy-texnika sohalarida qo‘shma seminar va treninglar o‘tkazish, hududlararo tajriba almashish va hamkorlik mexanizmlarini takomillashtirish, do‘stlik jamiyatlari orqali jamoatchilik bilan ishlash va axborot mahsulotlarini tayyorlash takliflari bildirildi.
Davra suhbati yakunida Birodar shaharlar alyansi va “Toshkentboshplan LITI” o‘rtasida anglashuv Memorandumi imzolandi. Bu qadam shaharsozlik va ilmiy-texnika sohalaridagi munosabatlarni yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi.
Nigora Rahmonova,
O‘zA