Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Shaharsozlik sohasidagi nizolarni sudga qadar ko‘rib chiqish va hal etish bo‘yicha idoralararo komissiya tashkil etildi
12:12 / 2024-09-18

Endilikda shaharsozlik sohasidagi nizolar bilan tegishli vazirlik va idoralarning mutasaddi vakillaridan iborat komissiya shug‘ullanadi.

Ushbu komissiya bino va inshootning tashqi ko‘rinishini o‘zgartirishni kelishish bo‘yicha berilgan xulosa, bino va inshootlarning ixtisoslashishini o‘zgartirish, qayta qurish, rekonstruksiya qilish hamda o‘z hududida qo‘shimcha binolarni qurishni loyihalashtirishga ruxsatnoma olinganligi haqidagi ma’lumotlarni o‘rganib chiqadi.

Shuningdek, arxitektura-rejalashtirish topshirig‘i, hududiy arxitektura-shaharsozlik kengashi qarori va ushbu kengash ishchi organi xulosasiga doir hujjatlarning qonuniy berilganligini o‘rganib chiqadi va qaror qabul qiladi.

– Mazkur tartib Vazirlar Mahkamasining joriy yil 12 avgustdagi “Shaharsozlik sohasidagi nizolarni sudga qadar ko‘rib chiqish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qarori hamda Shaharsozlik kodeksining 20-moddasiga muvofiq amalga oshirilmoqda, – deydi Qurilish va uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi axborot xizmati rahbari Saidnosir Usmonov. – Bu bilan Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligiga o‘z vakolati doirasida shaharsozlik faoliyati sub’ektlari o‘rtasidagi kelishmovchiliklarni ko‘rib chiqish vazifasi yuklanmoqda. Bordi-yu, manfaatdor shaxs komissiya qarorlaridan norozi bo‘lsa, mazkur nizolar sud tartibida ko‘rib chiqiladi. Ya’ni, komissiyaga murojaat qilish ixtiyoriy bo‘lib, bu ularning bevosita sudga murojaat qilish huquqini cheklamaydi.

Ta’kidlash lozimki, sudlarda ko‘rib chiqilgan yoki ko‘rib chiqilayotgan nizolar komissiya tomonidan ko‘rib chiqilmaydi.

Manfaatdor shaxs vakolatli organning ruxsat etish xususiyatiga ega hujjati yoki bunday hujjatni berishni rad etish haqidagi qarori, shuningdek, harakatlari bo‘yicha komissiyaga murojaat qilishi mumkin. Shuningdek, jismoniy va yuridik shaxslarning shaharsozlik sohasidagi qonuniy manfaatlarini ko‘zlab vakolatli davlat organlari yoki aniqlangan qonun buzilishi holatlari yuzasidan huquqni muhofaza qiluvchi organlar ham komissiyaga murojaat qilishi mumkin.

Mazkur komissiya tarkibi Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirining joriy yil 16 sentyabrdagi 226-son buyrug‘i bilan tasdiqlanadi.

Qayd etish kerakki, komissiya yig‘ilishida masalaga aloqador komissiya a’zolarining uchdan ikki qismi ishtirok etgan taqdirda, vakolatli hisoblanadi. Yig‘ilishni o‘tkazish uchun kvorum shakllanmagan taqdirda, komissiyaning yangi majlisi o‘tkaziladigan joy, sana va vaqt haqida belgilangan tartibda xabarnoma yuboriladi.

Bunda, ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatni qabul qilgan yoki qabul qilishni rad etgan mansabdor shaxs komissiya a’zosi bo‘lishi mumkin emas.

Komissiya o‘ziga yuklangan vazifalarni amalga oshirish va murojaatlarni ko‘rib chiqishda, zarur hollarda, tegishli tashkilotlarning vakillarini jalb qilishi mumkin.

Shuningdek, murojaatlar ko‘rib chiqilishi teng huquqlilik, xolislik, qonuniylik, kollegiallik va huquqni qo‘llash amaliyotining bir xilligini ta’minlash hamda murojaat etuvchilarning huquqlari va qonuniy manfaatlariga rioya qilish prinsiplariga asoslanadi.

Manfaatdor shaxs komissiyaga og‘zaki, yozma yoki elektron shaklda vazirlikning elektron pochtasi yoki rasmiy veb-sayti orqali murojaat qilishi mumkin va unda quyidagilar ko‘rsatilgan bo‘lishi kerak: ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatni qabul qilgan yoki uni qabul qilishni rad etgan yoki harakat va harakatsizlikni amalga oshirgan vakolatli organning nomi, murojaat etgan jismoniy shaxsning yoki vakilining familiyasi, ismi, otasining ismi va yashash joyi, yuridik shaxs uchun esa uning nomi va joylashgan joyi.

Murojaat etgan shaxsning talablari, ilova qilinayotgan hujjatlarning ro‘yxati, murojaat etilgan sana ko‘rsatilishi talab etiladi. Komissiya kotibi kelib tushgan murojaatning Nizom talablariga muvofiqligini tekshiradi va uni komissiya majlisida ko‘rib chiqishga tayyorlaydi yoki murojaat ushbu Nizom talablariga nomuvofiqligi aniqlanganda, kamchiliklarni bartaraf etish uchun bir ish kuni mobaynida manfaatdor shaxsga qaytaradi.

Murojaat kelib tushgan kundan boshlab o‘n besh ish kunida komissiya tomonidan ko‘rib chiqiladi. Bunda murojaatda ko‘tarilgan masalalar ularni bevosita joyida o‘rganish, boshqa tegishli hujjatlar va materiallarni olish hamda boshqa tegishli tashkilotlarning vakillarini jalb qilishni talab etgan taqdirda, uni ko‘rib chiqish muddati qo‘shimcha o‘n besh ish kuniga uzaytirilishi mumkin.

Agar qonunda boshqacha qoida nazarda tutilmagan bo‘lsa, murojaat ruxsat etish xususiyatiga ega hujjat yoki uni rad etish haqidagi qaror qabul qilingan paytdan yoki vakolatli organning harakatlari ma’lum bo‘lgan paytdan e’tiboran 30 kundan kechiktirmay berilishi mumkin.

Manfaatdor shaxs yoki uning qonuniy vakili komissiya tomonidan murojaat ko‘rib chiqilishida ishtirok etish huquqiga ega. Bunda komissiya manfaatdor shaxs yoki uning qonuniy vakilining talabiga ko‘ra muhokamani videokonferensaloqa vositasidan foydalangan holda o‘tkazishi mumkin.

Komissiya kotibi ikki ish kunida komissiya qarorini ariza beruvchiga yuboradi hamda qarorni “Shaffof qurilish” milliy axborot tizimidagi Shaharsozlik sohasida nizolarni sudga qadar hal qilish reyestriga kiritadi.

Ta’kidlash kerakki, mazkur jarayonlar jismoniy va yuridik shaxslar o‘rtasidagi nizolarni tezda o‘rganib chiqish va ortiqcha ovoragarchilikni oldini olish maqsadida amalga oshirilmoqda.

Sh. Mamaturopova, O‘zA