Senat yalpi majlisida «Shaharsozlik faoliyati sohasidagi davlat boshqaruvi va aholi punktlarining shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiqish tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Shaharsozlik kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonun muhokama qilindi.
Qonun bilan O‘zbekiston Respublikasining Shaharsozlik kodeksiga Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligining nomini va vakolatlarini aniqlashtirishni, shuningdek, respublika hududini rivojlantirishni rejalashtirish bosh tarhini hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlar hududlarini rivojlantirishni rejalashtirish tarhlarini ishlab chiqish yo‘li bilan aholi punktlarining shaharsozlik hujjatlarini tayyorlash tizimini takomillashtirishni nazarda tutuvchi o‘zgartirishlar kiritilmoqda.
Shaharlarning bosh rejalarini soddalashtirilgan shaklda ishlab chiqishda buyurtmachiga va loyiha tashkilotlariga loyihalashtirish uchun topshiriqlar berish me’yori belgilanmoqda.
Qonunda ko‘zda tutilgan o‘zgartirishlar hududlarini rivojlantirishning rejalashtirish sxemalarini yaratish orqali alohida hududlarni, ularning o‘ziga xosligi va salohiyatini hisobga olgan holda rivojlantirishning yanada aniq rejalarini ishlab chiqish imkonini beradi.
Eng muhimi, taklif etilayotgan o‘zgartirishlar fuqarolar uchun iqtisodiy, ijtimoiy va ekologik sharoitni saqlagan holda shaharlar va aholi punktlarining barqaror va mutanosib rivojlanishini ta’minlaydi.
Senatorlar ma’qullagan qonun O‘zbekistonda yanada samarali va shaffof shaharsozlik tizimini yaratishga huquqiy asos yaratadi.
N.Abduraimova, O‘zA