Senatning Byudjet va iqtisodiy masalalar qo‘mitasining majlisida yangi tahrirdagi shaharsozlik renovatsiyasi hamda sug‘urta xizmatlari bozorini yanada rivojlantirishga oid qonunlar dastlabki tarzda muhokama qilindi.
Shaharsozlik renovatsiyasi to‘g‘risidagi qonun bilan yer uchastkalari kompensatsiya evaziga jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yilishi munosabati bilan hamda shaharsozlik renovatsiyasi amalga oshirilishi natijasida kompensatsiya sifatida beriladigan ko‘chmas mulk ob’ektlari va pul mablag‘lari soliq solishda hisobga olinmaydigan daromadlar sifatida belgilanmoqda.

Ob’ektlarning eskirganligi, yashash va foydalanish uchun yaroqsiz bo‘lib, avariya holatiga kelib qolgani hamda hudud aholisining ijtimoiy hayotiga jiddiy ta’sir qiladigan holatlarning mavjudligi shaharsozlik renovatsiyasini amalga oshirish uchun asos hisoblanadi.
Renovatsiya natijasida har bir shaharda zamonaviy talablarga javob beradigan muhandislik kommunikatsiyalari va ijtimoiy infratuzilma yaratiladi, energiya samaradorligi ko‘rsatkichlari yaxshilanadi.
Sug‘urta faoliyatiga oid qonun esa sohani yanada rivojlantirish orqali sug‘urta bozorining professional ishtirokchilari uchun qulay shart-sharoitlar yaratishga qaratilgan. Shu asosda elektron tijorat sohasi takomillashtiriladi, elektron tijorat operatorlari faoliyati ustidan samarali nazorat yo‘lga qo‘yiladi.
Muhokama qilingan masalalar bo‘yicha qo‘mitaning tegishli qarorlari qabul qilindi.
N.Abduraimova, O‘zA