Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Shaharsozlik faoliyatini geoaxborot bilan ta’minlash mexanizmi takomillashtiriladi
17:54 / 2025-02-16

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi “Shaharsozlik faoliyatini geoaxborot bilan ta’minlash mexanizmini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” qaror qabul qildi.

Unga muvofiq: 

Shaharsozlik faoliyatini geoaxborot bilan ta’minlash uchun markazlashtirilgan topografik ma’lumotlar bazasini yaratish va yuritish qoidalari; 

Yirik masshtabli topografik rejalar uchun shartli belgilar klassifikatori; 

Markazlashtirilgan topografik ma’lumotlar bazasini ishga tushirish va yanada rivojlantirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi” tasdiqlandi. 

2025 yil 1 iyulga qadar: 

ishlab chiqilayotgan barcha turdagi yirik masshtabli topografik tasvirlar va rejalar “topografiya” ma’lumotlar bazasiga kiritib borilishini ta’minlovchi veb-platforma versiyasi ishga tushiriladi;

“topografiya” ma’lumotlar bazasi “O‘zbekiston Respublikasi davlat shaharsozlik kadastri” geografik axborot tizimi, Kadastr agentligining davlat geodeziya va kartografiya fondi ma’lumotlar bazasi hamda boshqa davlat axborot tizimlari va ma’lumotlar bazalari bilan integratsiya qilinadi.

2025 yil 1 iyuldan boshlab: 

respublika hududida mulkchilik shaklidan qat’i nazar, qurilishi tugallangan barcha ob’ektlarda ijroviy topografik tasvirga olish jarayonlari bajariladi va “topografiya” ma’lumotlar bazasiga kiritiladi; 

idoraviy bo‘ysunishi va mulkchilik shaklidan qat’i nazar, barcha tashkilotlar va korxonalar tomonidan amalga oshirilgan yirik masshtabli topografik tasvirlar va rejalar “topografiya” ma’lumotlar bazasiga kiritiladi; 

yirik masshtabli topografik tasvirlar va rejalar, jumladan, qurilishi tugallangan ob’ektlarning ijroviy topografik tasvirlari davlat geodeziya koordinatalar tizimi, xalqaro (WGS-84) koordinatalar tizimi yoxud davlat geodeziya koordinatalari tizimi bilan o‘zaro bog‘liqligi ta’minlangan mahalliy koordinatalar tizimida bajariladi; 

“topografiya” ma’lumotlar bazasiga kiritilmagan topografik rejalardan foydalanilgan ishchi loyiha hujjatlarini ekspertizadan o‘tkazishga yo‘l qo‘yilmaydi; 

“topografiya” ma’lumotlar bazasiga kiritilgan ijroviy topografik tasvirlari mavjud bo‘lmagan qurilish va (yoki) rekonstruksiyasi tugallangan ob’ektlar foydalanishga qabul qilinmaydi; 

joy holatining o‘zgarishi bilan bog‘liq bo‘lgan, hududni obodonlashtirish va buzishga oid barcha turdagi ishlar yakunlangach, ijroviy topografik tasvirga olish jarayonlari bajarilib, yakuniy topografik rejalar “Topografiya” ma’lumotlar bazasiga kiritiladi; 

hududlarda amalga oshirilgan buzish va (yoki) obodonlashtirish ishlari yakuni bo‘yicha “Topografiya” ma’lumotlar bazasiga kiritilgan ijroviy topografik tasvirlari mavjud bo‘lmagan ishlar uchun ishlarni qabul qilish dalolatnomalarini rasmiylashtirish qatiyan taqiqlanadi; 

qurilishi yakunlangan ob’ektlarning ijroviy topografik tasvirlari ob’ekt bo‘yicha pudrat tashkiloti va geodeziya faoliyatini amalga oshirish vakolatiga ega yuridik shaxslar o‘rtasida tuzilgan shartnomalar asosida ishlab chiqiladi.

O‘zA