Yurtimizda qurilish sohasidagi islohotlar, shaharlar bosh rejasini ishlab chiqish, yangi innovatsion yechim va texnologiyalar, xorijlik arxitektor va urbanistlar bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish borasida samarali ishlar qilinmoqda.
Xususan, «Obod qishloq» dasturi doirasida 413 ta ahvoli og‘ir mahallaning bosh reja sxyemalari ishlab chiqilib, 2023-2027 yillarga mo‘ljallangan shahar, qishloq va ovullarning bosh rejasini tuzish bo‘yicha viloyat hokimliklari tomonidan tasdiqlangan ro‘yxat asosida dastur shakllantirildi.

2023 yilda ishlab chiqilishi rejalashtirilgan 219 ta shaharsozlik hujjatini ishlab chiqish uchun 230 mldr. so‘m mablag‘ ajratish ko‘zda tutilgan.
Qolaversa, Rossiya («MosGiprogor» DUK), Belarus («BelNIIPGradostroitelstva»), Turkiya (“NKY ARCHITECTS & ENGINEERS”) davlatlarining malakali mutaxassislari va Jahon bankining shaharsozlik masalalari bo‘yicha ekspertlari bilan hamkorlik qilinmoqda.
Bosh sxemani ishlab chiqish bo‘yicha xalqaro tajribani o‘rganish maqsadida Belarus va Niderlandiya tajribasi bevosita o‘rganildi.

Ko‘p qavatli uylarning yerto‘la qismini foydali maydonga aylantirish yuzasidan ham tegishli norma va qoidalarga o‘zgartirishlar kiritildi. Shu bilan birga, bosh loyiha institutlari tomonidan ko‘p qavatli uylarning (5, 7, 9, 16 qavatli) yarim yerto‘la qismiga yashash xonadonlarini joylashtirish bo‘yicha namunaviy loyihalar ham ishlab chiqildi. Uylarning yerto‘la maydonlari ushbu namunaviy loyiha va normalar asosida qurilmoqda.
E’tiborlisi, ekspertiza organlariga qog‘oz hujjatlar to‘plamini taqdim etish amaliyotidan to‘liq voz kechildi. Ekspertizaga loyiha-smeta hujjatlari onlayn topshirilmoqda.
Bugunga qadar jami 45 mingga yaqin ob’ekt loyihasi ushbu tizim orqali ekspertizadan o‘tkazildi. Natijada mazkur ob’ektlar bo‘yicha 11 trln. so‘mdan oshiq mablag‘ tejab qolindi.
Hozir ob’ektlarda nazorat o‘rnatish bo‘yicha «Qurilish nazorati» axborot tizimi joriy qilindi.
Unga ko‘ra, ob’ektlarni ro‘yxatga olish tizimida «ruxsatnoma berish» tartibidan voz kechilib, «xabarnoma berish» tamoyiliga o‘tildi.
Yana bir ma’lumot, qurilish ob’ektlarida aniqlangan barcha kamchiliklar fotosuratlari bilan birgalikda tizimga onlayn ravishda kiritilishi ta’minlandi va nazorat jarayonlari avtomatlashtirildi. Jumladan, bugungi kunga qadar ushbu tizim orqali 26 mingdan oshiq ob’ekt nazoratga olindi.

Xususan, Qurilish nazorati inspeksiyasi tomonidan 56 ming marta monitoring o‘tkazilgan. Natijada, qoidabuzarlarga 55 mingta yozma ko‘rsatma berildi hamda jiddiy kamchiliklarga yo‘l qo‘yganligi sababli 3 mingta holat bo‘yicha sudlarga hujjat kiritildi. Ishlarni samarali tashkil etish maqsadida inspektorlar 266 ta zamonaviy planshet qurilmalari bilan ta’minlangan.
Bosh reja buzilish holatlari yuzasidan 16 ta mansabdor shaxslar bo‘yicha Bosh prokuraturaga axborotlar kiritilgan.
Bundan tashqari, loyiha tashkilotlarining litsenziyalarini to‘xtatib turish, tugatish va bekor qilish bo‘yicha jami 201 ta taqdimnomalar kiritilgan.
Bu haqda Qurilish vaziri o‘rinbosari va mutasaddilari ishtirokida AOKAda tashkil etilgan matbuot anjumanida ma’lumot berib o‘tildi.
Shahnoza Mamaturopova, O‘zA