Millatlararo munosabatlar va xorijdagi vatandoshlar masalalari bo‘yicha qo‘mita binosida Birodar shaharlar alyansi hamda O‘zbekiston Badiiy akademiyasi bilan hamkorlikda “Shaharlar tarixi va badiiy meros” mavzusida davra suhbati tashkil etildi.
Tadbir avvalida ishtirokchilar Millatlararo munosabatlar va xorijdagi vatandoshlar masalalari bo‘yicha qo‘mitaga tutash hududda joylashgan milliy madaniy markazlar pavilonlariga tashrif buyurdilar.
Bu yerda mehmonlar O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan turli miliy madaniy markazlarning faoliyati bilan batafsil tanishdilar. Yagona va ahil oiladek bo‘lib yashayotgan turli millatlarning madaniyati, urf-odat va an’analari milliy liboslari tadbir ishtirokchilarida katta taassurot qoldirdi. Ushbu madaniy tanishtiruv turli millat vakillari o‘rtasida do‘stlik va o‘zaro hurmat muhitini mustahkamlash borasida mamlakatimizda olib borilayotgan odilona siyosatning amaliy natijasi sifatida namoyon bo‘ldi.
Davra suhbatida O‘zbekiston Respublikasi Millatlararo munosabatlar va xorijdagi vatandoshlar masalalari bo‘yicha qo‘mita raisi Qahramon Sariyev shaharlar nainki aholi istiqomat etadigan hudud, balki tarixiy an’analar, madaniyatlar, taraqqiyot va ijodni o‘zida uyg‘unlashtirgan betakror markaz ekanini ta’kidladi.
[gallery-25184]
Bugun mamlakatimiz va xorijdagi bir qator shaharlarning o‘zaro birodarlashuviga erishish va shu orqali “xalq diplomatiyasi”ni yanada mustahkamklash, xorijdagi o‘zbek diasporasi bilan o‘zaro aloqalarni yanada kuchaytirish, hamyurtlarimizning Vatan taraqqiyoti yo‘lidagi ezgu orzu-maqsadlarini birlashtirish masalasiga katta e’tibor qaratilmoqda.
- Bu kabi davra suhbatlari kelgusida katta tashabbuslarga sabab bo‘lishi shubhasiz, - dedi O‘zbekiston Respublikasi Millatlararo munosabatlar va xorijdagi vatandoshlar masalalari bo‘yicha qo‘mita raisi Qahramon Sariyev. – Bu borada qo‘mitamiz mamlakatimizda faoliyat ko‘rsatayotgan turli do‘stlik jamiyatlari va umuman, keng jamoatchilikning fikr va takliflarini o‘rganishga, ularni hayotga joriy etishga tayyor. Bugungi globallashuv davrini migratsiyasiz tasavvur etib bo‘lmaydi. Demakki, qo‘mitamizning faoliyati yurtimiz sarhadlaridan ham tashqarida bisyor.
– Birodar shaharlar, do‘stlik jamiyatlarining samarali faoliyati orqali turli ko‘rgazmalar, madaniy tadbirlar tashkil etish mumkin, – dedi “O‘zbekiston-Shimoliy Makedoniya” do‘stlik jamiyati raisi, O‘zbekiston Badiiy akademiya raisi Akmal Nuriddinov. – Masalan, men o‘z ijodiy faoliyatim davomida Xitoy ijodkorlari bilan 20 yildan ortiqroq vaqt mobaynida hamkorlik qilib kelaman. Bu esa yangi g‘oyalarga, yangi badiiy asarlar va qiziqarli ko‘rgazmalarga poydevor bo‘ldi. Yaqin kunlarda Ozarbayjondan 30 nafarga yaqin rassom mamlakatimizga kelyapti. Ularning asarlari orqali chet el rassomi nigohidagi O‘zbekistonni ko‘rish biz uchun g‘oyat qiziqarli bo‘lishi bilan birga, taraqqiyotimiz qaysi bosqichda ekanini anglashga imkon beradi. Yana bir misol keltirmoqchi edimki, o‘tgan yillarda Xalqaro tasviriy san’at biyennalesini o‘tkazganimizda olis Braziliyadan rassom 30 soatlik yo‘lni ortda qoldirib, ko‘rgazmada ishtirok etgandi. U ijodkor sifatida xalqimizni, O‘zbekistonni kashf etgandi. Birodar shaharlarni ko‘paytirish va ana shunday ezgu tashabbuslar doirasida ko‘rgazmalar, madaniy-ma’rifiy tadbirlarni tashkil etish O‘zbekistonning xorijdagi obro‘-e’tiborini tobora kuchaytirish va shu bilan birga, o‘z-o‘zimizga chetdan nazar tashlash imkonini beradi.
Davra suhbati davomida milliy madaniy markazlar tomonidan taqdim etilayotgan ijodiy loyihalarning mazmuni va qamrovini yanada kengaytirish, birodar shaharlar o‘rtasidagi ijodiy hamkorlikni kuchaytirish kabi masalalar atroflicha muhokama etildi.
Birodar shaharlar alyansi va O‘zbekiston Badiiy akademiyasi o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.
Nazokat Usmonova, Otabek Mirsoatov (surat), O‘zA muxbirlari