Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, joriy 2025 yil 1 oktyabr holatida Respublikamiz aholisi 38 069,1 ming nafar kishini tashkil etdi.
Bundan atigi bir necha yillar oldin ham aholi soni hisobga olinganda erkaklarga qaraganda ayollar soni ancha yuqoriligi yaqqol ko‘zga tashlanib turardi. Ma’lumotlarga ko‘ra, bugun O‘zbekistonda ayollar 18 896,6 ming nafarni (49,6 foiz)ni, erkaklar esa 19 172,5 ming (50,4 foiz)ni tashkil etmoqda.
Yaqin-yaqin paytlargacha aholining aksariyat qismi qishloq xo‘jaligi bilan bandligi, shu bois qishloqda istiqomat qiluvchilar soni shaharlik aholi soniga nisbatan ko‘p va bu o‘zgarmasdek bo‘lib tuyulardi. Bugun yurtimizdagi 38 069,1 ming kishining 19,4 mln nafari (taxminan 51 foizi) shaharlarda, 18,7 mln kishi (taxminan 49 foiz) aholi esa qishloq joylarda istiqomat qilmoqda. Qishloqlarda odamlar sonining kamayishi, shaharlar esa ortib borishi kuzatilmoqda.
Yangi barpo bo‘layotgan oilalar soni va aksincha bekor bo‘layotgan nikohlar haqidagi ma’lumotlar ham e’tiborni tortadi. 2025 yilning 9 oyida mamlakatda 177 mingta nikoh qayd qilingan, 35,4 mingta oila esa ajrashgan.
Bu davrda O‘zbekistonga 1 133 kishi ko‘chib kelgan va 7 585 kishi mamlakatni tark etgan.
A.Narzulloyev, O‘zA