Oliy Majlis Qonunchilik palatasida bo‘lib o‘tgan “Hukumat soati”da deputatlarning savollariga qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vaziri javob berar ekan, Ekofraksiya a’zosi Gulchehra Tojiboyeva qurilish jarayonlarida ekologik talablarga rioya qilinishi masalasini ko‘tardi:
– Qurilish, bunyodkorlik ishlarida tartibsiz qurilishlar, shahar bosh rejasiga amal qilmaslik, shamol yo‘nalishlarini hisobga olmaslik yoki qurilish maydonlarida ekologik talablarni to‘liq bajarmaslik holatlari mvvjud. Toshkent shahri atmosferasini yaxshilash bo‘yicha vazirlik tomonidan qanday ishlar amalga oshirilyapti?

Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vaziri Sh.Hidoyatov:
– Jahon banki mutaxassislari O‘zbekistonga kelib, havo tarkibidagi zararli zarrachalar miqdorini o‘lchab, aniqlab berishdi. Qurilish jarayonlarining ta’siri ekologiyaga 6 foizni tashkil etishini ko‘rsatib berishdi. Bu ta’sirlarni kamaytirish bo‘yicha tegishli hujjat qabul qilindi.
Bundan tashqari, loyihachilar tomonidan rejalashtirilayotgan loyihalarda shamol yo‘nalishi, normalarimizda belgilangan qoidalar hamda aholiga qulayliklar hisobga olinadi. Ob’ektlarni davlat ekspertizasidan o‘tkazishda bu qoidalar alohida nazoratga olinadi. Agar belgilangan tartibga amal qilinmasa, bunday loyihalar amalga oshirilmaydi, – dedi vazir.
Shuningdek, vazirlik vakili qo‘shimcha qilar ekan, qurilish sohasi ekologiyaga ta’sir qiluvchi yo‘nalishlardan biri ekani, qurilishlarda yuzaga keladigan chang shahardagi changlarning 6 foizini tashkil etayotgani, bu katta ko‘rsatkich ekanini qayd etdi.
Ta’kidlandiki, bu borada avval ham choralar ko‘rilgan. Ayniqsa, keyingi paytda bu ishlar izchil davom ettirilib, qurilish ob’ektlarida reydlar o‘tkazilmoqda. Ob’ektlardagi transport yo‘llarini betonlash, qurilish chiqindilarini tashlashda belgilangan me’yorlarga amal qilingani, yuk mashinalar ustiga qoplama qoplash, g‘ildiraklarini yuvish ishlari tashkil etilishi kabilar ustidan nazorat o‘rnatildi. Jami 2 ming 400 ta qurilish ob’ekti qat’iy nazoratga olindi.
Muhtarama Komilova,
O‘zA