Vazirlar Mahkamasining “Katta hajmli va og‘ir vaznli transport vositalarining avtomobil yo‘llarida harakatlanishini tartibga solishni takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori loyihasi e’lon qilindi.
Unga ko‘ra, Transport vazirligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Ichki ishlar vazirligi va Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligining quyidagilarni nazarda tutuvchi takliflari ma’qullanishi mumkin:
a) avtomobil yo‘llarida avtomatlashtirilgan o‘lchov vositalari bilan jihozlangan vazn va hajm parametrlari nazorati bo‘yicha statsionar shoxobchalar (o‘lchov-nazorat shoxobchalari) o‘rnatish va undan foydalanishga xususiy sektorni jalb qilish tizimini joriy etish;
– o‘lchov-nazorat shoxobchalari o‘rnatiladigan joylar elektron auksion savdolarda g‘olib bo‘lgan tadbirkorlik sub’ektlariga uzoq muddatli ijara asosida va boshqa tadbirkorlik sub’ektiga o‘tkazish huquqi bilan biriktirish;
b) Vazirlar Mahkamasi qarori bilan tasdiqlangan “Muomalaga chiqarilayotgan g‘ildirakli transport vositalarining xavfsizligi to‘g‘risida”gi umumiy texnik reglamentda belgilangan yuk ko‘tarish me’yorlariga javob bermaydigan importdan olib kelingan og‘ir yuklarni tashuvchi avtotransport vositalarining (samosval va sochiluvchan yuklarni tashuvchi yarim tirkamalar) respublika hududidagi harakatini tartibga solish;
– belgilangan yuk ko‘tarish me’yorlariga javob bermaydigan import qilinayotgan va hozirgi kunda faoliyat ko‘rsatayotgan og‘ir yuklarni tashuvchi avtotransport vositalarini respublika hududiga olib kirish va harakatlanishini taqiqlash;
v) mahalliy ahamiyatga ega umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llari, shaharlar va boshqa aholi punktlarining ko‘chalarida og‘ir yuklarni tashuvchi avtotransport vositalari harakatini soat 08:00 dan 22:00 ga qadar cheklash.
Shunday tartib o‘rnatiladiki, unga ko‘ra:
a) Transport vazirligi huzuridagi Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi:
– o‘lchov-nazorat shoxobchalari o‘rnatiladigan joylarini belgilaydi va mazkur joylarni elektron onlayn-auksionlar tizimi bo‘yicha g‘olib bo‘lgan tadbirkorlik sub’ektlariga belgilangan talablar asosida biriktiradi;
–tadbirkorlik sub’ektlari bilan hamkorlik qiladi va ular tomonidan o‘rnatilgan o‘lchov-nazorat shoxobchalarini muntazam ravishda nazorat qilib boradi;
–o‘lchov-nazorat shoxobchalari o‘rnatiladigan joylar Ichki ishlar vazirligi Jamoat xavfsizligi xizmati Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati bilan kelishiladi.
Tadbirkorlik sub’ektlari o‘lchov-nazorat shoxobchalarining uskunalari va dasturiy-texnik vositalarini belgilangan texnik talablarga muvofiq xarid qiladi va o‘rnatadi hamda o‘lchov-nazorat shoxobchalarini, shu jumladan biriktirilgan avtomobil yo‘li hududida, o‘z mablag‘lari hisobidan saqlash ishlarini amalga oshiradi hamda elektr energiyasi, axborot-kommunikatsiya tarmoqlari bilan ta’minlab, foydalanish xarajatlarini qoplaydi.
Investitsiya, sanoat va savdo vazirligi huzuridagi Texnik jihatdan tartibga solish agentligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Bojxona qo‘mitasi belgilangan me’yordan ortiq yuklarni tashish uchun mo‘ljallangan avtotransport vositalarini (samosval va sochiluvchan yuklarni tashuvchi yarim tirkamalar) respublika hududiga chet davlatlardan import qilinishida hukumat qarori bilan tasdiqlangan “Muomalaga chiqarilayotgan g‘ildirakli transport vositalarining xavfsizligi to‘g‘risida”gi umumiy texnik reglament talablariga qat’iy rioya etilishini ta’minlaydi.
Ichki ishlar vazirligi Jamoat xavfsizligi departamenti Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati va Transport vazirligi huzuridagi Transport nazorati inspeksiyasi umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llari, shaharlar va boshqa aholi punktlarining ko‘chalarida belgilangan me’yordan ortiq yuk bilan harakatlanayotgan avtotransport vositalari ustidan, belgilangan vaqtdan tashqari vaqtda mahalliy ahamiyatga ega umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llari, shaharlar va boshqa aholi punktlarining ko‘chalarida og‘ir yuklarni tashuvchi avtotransport vositalari harakatini cheklash bo‘yicha qat’iy nazorat o‘rnatadi.
Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi qurilish-montaj ishlariga loyiha-smeta hujjatlari ishlab chiqilishida va ob’ektlar qurilish jarayonida qurilish materiallarini tashish uchun qo‘llanadigan avtotransport vositalarini reglament talablariga mos kelishi ustidan nazorat qiladi.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA