Davlatimiz tomonidan olib borilayotgan islohotlar va mahalliy hokimliklar tashabbuslari bir maqsadga – aholi uchun qulay, xavfsiz va tartibli harakat muhitini yaratishga xizmat qilmoqda. Qonunchilik bazasi mustahkamlanishi bilan birga, shahar atrofidagi maydonlardan oqilona foydalanish, yosh oilalar va keksa fuqarolar uchun ham teng darajada qulay sharoitlar ta’minlanishiga katta e’tibor qaratilmoqda.
Navoiy viloyatida avtoturargohlar infratuzilmasini yangilash sohasida amalga oshirilayotgan ishlar esa shaharsozlik siyosatidagi yangi bosqichni belgilab berdi.
Xususan, so‘nggi oylarda yo‘l belgilari va avtoturargoh zonalarini qayta ko‘rib chiqish jarayonida zarur bo‘lmagan cheklovlar bosqichma-bosqich bartaraf etilmoqda. Aholiga qulay axborot belgilarining o‘rnatilishi harakatni yo‘naltirishni osonlashtirmoqda, tez tibbiy yordam va favqulodda xizmatlarining belgilangan manzilga o‘z vaqtida yetib borishini ta’minlamoqda.
Shu bilan birga, yangi qurilayotgan ko‘p qavatli uylar loyihalarida xonadonlar soniga mutanosib avtoturargoh hajmini kafolatlovchi me’yorlarni amalga tatbiq etish orqali turmush sifati yaxshilangani kuzatilyapti.
Bundan tashqari, samarali islohotlar, raqamli yechimlar barqaror boshqaruvning asosiy ustuniga aylanib, geoaxborot tizimlari orqali mavjud avtoturargohlar joylashuvi, to‘ldirilish darajasi va kunlik dinamika haqida aniq ma’lumotlar shakllanmoqda.
Avtoturargohlarni tartibga solish borasida islohotlar hokimiyat organlariga qaror qabul qilishda ishonchli asos bo‘lib xizmat qilmoqda.
Jumladan, zarur hollarda qo‘shimcha joylar ajratilib, mahallalardagi yashil hududlar saqlangan holda avtoturargohlar qurish masalalari tez va aniq hal etilmoqda. Yo‘l harakatini optimallashtirish maqsadida mahalliy IT-kompaniyalar bilan hamkorlikda avtoturargohlarni real vaqtda ko‘rsatuvchi mobil ilova yaratilmoqda. Bu nafaqat haydovchilar, balki jamoat transportidan foydalanuvchilar uchun ham qo‘shimcha qulaylikni ta’minlaydi.
Davlat-xususiy sheriklik mexanizmlari infratuzilmani tez va sifatli yangilashning ishonchli yechimlaridan biridir. Investorlar uchun shaffof shartlar, yer uchastkalari va muhandislik tarmoqlariga tezkor ulanish imkoniyatlari yaratilgani natijasida viloyat markazida zamonaviy avtoturargohlar qurilishi rejasi amalga oshirilmoqda. Bu loyihalar faqatgina avtoturargoh muammosini hal etmay, balki yangi ish o‘rinlari yaratish, xizmat ko‘rsatish sohasini rivojlantirish va mahalliy byudjetga tushumlar oshishiga ham xizmat qiladi.
Bugungi kunda xorijiy tajriba o‘rganilib, mahalliy sharoitga mos ravishda joriy etish yo‘llari tahlil qilinmoqda. Xususan, Niderlandiya shaharsozlik shkalasidagi yer osti va avtomatlashtirilgan parking yechimlari yashil hududlarni asrab qolishga imkon bersa, Sharq mamlakatlarida qo‘llaniladigan elektron ko‘targichlik ko‘p qavatli tizimlar qisqa maydonda yuqori sig‘im berishi bilan ajralib turadi. Venada to‘plangan “ro‘yxatdan o‘tgan rezident uchun elektron ruxsatnoma” amaliyoti esa markaziy hududlarda tirbandlikni kamaytirishda samara berayotgani bilan e’tiborga molik.
Ayni shu yondashuvlar Navoiyda ham bosqichma-bosqich tatbiq etilib, shahar markazlarida tirbandlikni kamaytirish va havo sifatini yaxshilashga hissa qo‘shadi.
Eng muhimi, barcha o‘zgarishlar jamoatchilik bilan ochiq muloqotda amalga oshirilmoqda. Fuqarolarning taklif va mulohazalari shu kunning o‘zida raqamli platformalar orqali qabul qilinib, manzilli yechimlarga aylanmoqda.
Bu yondashuv jamoatchilik nazoratini kuchaytirib, davlat organlariga bo‘lgan ishonchni mustahkamlagan holda har bir qarorning markazida inson manfaati turgani amalda namoyon bo‘layotir.
Natijada Navoiy shahri va tumanlarida transport harakati tartibga solinishi, avtoturargohlardan foydalanish madaniyati oshishiga, aholi uchun xavfsiz va barqaror shahar muhiti yaratishga kuchli turtki bermoqda.
Yangilangan me’yorlar, raqamli boshqaruv tizimi va davlat-xususiy sherikligiga asoslangan model nafaqat hozirgi talablarni qondirmoqda, balki kelgusi o‘n yillikni ham hisobga olgan barqaror infratuzilma asosini yaratmoqda.
Viloyatda amalga oshirilayotgan islohotlar avtoturargohlar tizimini takomillashtirish bilan cheklanib qolmay, shahar hayoti sifatini umumiy ravishda yuksaltirishga qaratilgan. Tartibga solingan harakat tizimi, zamonaviy raqamli boshqaruv, qulay muhit va yangi ish imkoniyatlari Navoiyni yanada zamonaviy, toza va aholi uchun qulay shaharga aylantiradi.
Bekzod Ikromov,
Demokratik jarayonlarni tahlil qilish markazi
Navoiy viloyat hududiy bo‘linmasi yetakchi mutaxassisi.
O‘zA