Yangiyer shahridagi Kasb‑hunarga yo‘naltirilgan 9‑umumta’lim maktabida 10-sinf o‘quvchilari o‘rtasida “Kundalik hayotimizda sun’iy intellektning roli” mavzusida tanlovning shahar bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Tanlov O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining 2026-yil 6-fevraldagi 02-29-519-sonli xatiga asosan va Gyote-Institutining InfoCheck Central Asia innovatsion grant loyihasi doirasida tashkil etildi. InfoCheck Central Asia — yoshlarni raqamli texnologiyalar, axborot xavfsizligi va sun’iy intellekt sohalarida bilimlarini chuqurlashtirishga, ijodiy fikrlash va taqdimot ko‘nikmalarini rivojlantirishga yo‘naltirilgan xalqaro innovatsion platforma hisoblanadi. Loyihaning asosiy maqsadi — markaziy Osiyo yoshlarini global raqamli maydonda faol ishtirok etuvchi, texnologik savodxon kadrlar sifatida rivojlantirish.

Shahar bosqichida ishtirok etgan 10-sinf o‘quvchilari sun’iy intellektning kundalik hayotdagi o‘rni, ta’lim tizimi, axborot xavfsizligi va raqamli madaniyatga ta’siri haqidagi fikrlarini o‘z loyihalari va taqdimotlari orqali namoyish etdilar. Ularning har bir taqdimoti ilmiy asoslangan va samarali vizual materiallar bilan boyitilgan edi.

Tanlov natijalariga ko‘ra, 1‑o‘ringa Abdulaziz Abdiyev, 2‑o‘ringa Oysha Ibrohimova, 3‑o‘ringa Shohruh Turg‘unboyevlar sazovor bo‘lishdi.

Eng asosiysi, tadbir ishtirokchilari va murabbiylar yangi g‘oyalar bilan bo‘lishib, fikr almashish va tajriba orttirish imkoniga ega bo‘ldilar.
G‘ulom Primov, O‘zA