26 yanvar – O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona xizmati xodimlari kuni
Mamlakatimizda moliyaviy xavfsizlik va tashqi iqtisodiy faoliyatni tartibga solish, davlat chegaralarini nazorat qilishda bojxona tizimi xodimlarining munosib hissasi bor. Binobarin, O‘zbekistonning barqarorligini mustahkamlash, iqtisodiy suvereniteti va manfaatlarini himoya qilish, eksport va import uchun munosib shart-sharoitlarni yaratish davlat bojxona xizmati faoliyatining ustuvor yo‘nalishlariga aylangan.
Yurtimizda tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilarini qo‘llab-quvvatlash, tashqi savdoni tartibga solishda ma’muriy usullarni soddalashtirish, byurokratik to‘siqlarni bartaraf etishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Jumladan, Namanganda sohada olib borilayotgan jarayonlar xususida viloyat bojxona boshqarmasi boshlig‘i, podpolkovnik Umidjon Qodirov quyidagilarni bayon qildi.
[gallery-27305]
– Bugungi kunda iqtisodiy xavfsizlikni ta’minlash, tadbirkorlik sub’ektlari uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, korrupsiyaga qarshi kurash, bojxona ma’muriyatchiligini raqamlashtirish, ya’ni sohaga sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish va soddalashtirish, xavflarni boshqarish tizimini takomillashtirish, xizmat intizomini mustahkamlash, kadrlar salohiyatini oshirish hamda xalqaro hamkorlikni rivojlantirish bojxona organlari oldida turgan eng ustuvor vazifadir.
Iqtisodiy xavfsizlik va tadbirkorlar ko‘makchisi sanalgan bojxona organlari xodimlari tomonidan hududga kirib-chiqayotgan tovarlar, transport vositalari va yuklar ustidan nazorat, hisob va qonuniylikni ta’minlash bo‘yicha salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda.
Namangan – tadbirkorlik va eksport salohiyati bilan ajralib turadi. Shu boisdan ham eksport jarayonlarini yengillashtirish va yaratib berilgan qulayliklarni tadbirkorlarga yetkazishda sharoitlar yaratilgan. Masalan, “Eksport uch qadamda” tizimi va “Bojxona hududida qayta ishlash” rejimlari orqali tadbirkorlarga yuqori darajada amaliy qulayliklar taqdim etilmoqda.
Amaldagi qonunchilik talablari asosida bojxona to‘lovlaridan imtiyozlarni qo‘llash va to‘lovlarni kechiktirib yoki bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoniyati yaratildi. O‘tgan yil davomida import qilingan tovarlarning 576,6 million dollari yoki 79,2 foizi to‘lovga tortilgan, 151,5 million dollar yoki 20,8 foizi imtiyozli tovarlarni tashkil etdi.
Shuningdek, viloyatda faoliyat yuritayotgan tashqi iqtisodiy faoliyat qatnashchilarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida ularning murojaatlari asosida taqdim qilgan hujjatlar o‘rganib chiqilib, jami 89,2 milliard so‘m bojxona to‘lovlarini kechiktirib to‘lashga ruxsat berildi. Tadbirkorlar bilan doimiy uchrashuvlar tashkil qilinib, ularga amaliy yordamlar ko‘rsatilmoqda.
Boshqarma tomonidan 2025 yil davomida tovarlarni noqonuniy olib o‘tilishi hamda ichki hududlarda tashilishiga qarshi kurashish borasida jami 1 ming 286 marta bojxona qoidalarini buzilish holatlari aniqlanib, 54 milliard 793,7 million so‘mlik tovar-moddiy boyliklar ushlab qolindi. Hozirgi kunda bojxona sohasida eng ko‘p uchrayotgan qoidabuzarlik holatlari tovarlarni deklaratsiyalamaslik yoki noto‘g‘ri deklaratsiyalash hisoblanadi. Bu o‘z navbatida O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining tegishli moddasiga asosan javobgarlikka sabab bo‘ladi.
Umr zavoli, ko‘plab insonlarning yostig‘ini quritadigan giyohvandlik va kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalarining noqonuniy aylanmasiga qarshi kurashga ham alohida ustuvor vazifa sifatida qaralmoqda. Namangan viloyati bojxona boshqarmasi tomonidan giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanmasini fosh qilish va uning oldini olish bo‘yicha mas’ul tarkibiy tuzilma hamda boshqa huquqni muhofaza qiluvchi idoralar bilan hamkorlikda muntazam ravishda tezkor tadbirlar o‘tkazib kelinmoqda.
O‘tkazilgan tadbirlar natijasida 79 holatda 75,2 kilogramm giyohvandlik moddalari aniqlangan. Psixotrop moddalarni aniqlash borasida jami 12 ta holatda 10,1 kilogramm psixotrop moddalar aniqlangan. Shuningdek, jami 35 holatda 25,7 kilogramm kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalarining noqonuniy harakatining oldi olindi.
Respublikamizning kichik biznes va tadbirkorlik markazi, sanoat shahriga aylangan Namangan viloyatida 70 dan ortiq erkin iqtisodiy zona hamda kichik sanoat zonalarida faoliyat yuritayotgan eksport qiluvchi korxonalar soni yil sayin ortib borayotgani quvonarlidir.
Eksportchi tadbirkorlar bojxona idoralari tomonidan har jihatdan qo‘llab-quvvatlab kelinmoqda. Xususan, bojxona hududida qayta ishlash rejimidan foydalanish salmog‘ini ko‘paytirish borasida olib borilgan ishlar natijasida qayta ishlangan mahsulotlar eksporti 2025 yilda 64,4 million dollarni tashkil etib, belgilangan 60 million dollar reja ko‘rsatkichi 107,3 foizga bajarildi.
Asosan respublikamizdan to‘qimachilik, kalava ip, meva-sabzavot hamda oziq-ovqat tovarlari Rossiya Federatsiyasi, Turkiya, Xitoy Xalq Respublikasi, Qirg‘iz Respublikasi va Polsha davlatlariga eksport qilindi. Shuning barobarida Xitoy, Rossiya, Qozog‘iston, Turkiya va Germaniya davlatlaridan texnologik, to‘qimachilik, transport, yog‘och va taxta hamda oziq-ovqat tovarlar import qilinadi.
Prezidentimiz tomonidan qayta ishlash rejimini qo‘llashda yaratib berilayotgan qulayliklar natijasida o‘tgan yilda tadbirkorlarning bojxona to‘lovlari va boshqa xarajatlardan 35,3 milliard so‘m mablag‘ tejalib, mahsulot tannarxi 10-15 foizga qisqarishiga erishildi. O‘tgan yil davomida viloyat bojxona boshqarmasida 472 ta tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchisi tomonidan qiymati 669 million 619,9 ming dollar miqdoridagi tovarlar eksport bojxona rejimlariga rasmiylashtirilgan.
Bu borada, joriy etilgan bojxona auditi tizimi iqtisodiy xavfsizlik va shaffoflikni ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi. Bojxona auditi tovarlarni chiqarishga ruxsat berilgandan so‘ng qonunchilik hujjatlariga rioya etilganligini o‘rganish bo‘yicha nazorat shakli bo‘lib, bu eng, avvalo, bojxona rasmiylashtiruvi jarayonlari soddalashtirilganidan so‘ng joriy etildi.
Oddiy qilib aytganda, bojxona xodimlari tovarlarni olib kirilgandan keyin hujjatlarni qayta ko‘rib chiqadi. Ular bojxona to‘lovlari to‘g‘ri hisoblangan, tovar haqidagi ma’lumotlar aniq ko‘rsatilgan, qonun talablari buzilmagan kabi kamchiliklarni bartaraf etadi. Bundan tashqari ushbu tizimni joriy etilganligi tashqi iqtisodiy faoliyat sub’ektlarini qonunchilikka rioya etilishiga profilaktika tadbiri sifatida ham xizmat qilmoqda.
Kelgusida viloyatda bojxona tizimini rivojlantirish borasida bir qator yo‘nalishlarda muhim vazifalarni amalga oshirish maqsad qilingan. Bu borada bojxona to‘lovlari uchun belgilangan istiqbol reja ko‘rsatkichlarini to‘liq bajarilishini ta’minlash, tovarlarni bevosita chegarada eksport va importga rasmiylashtirish hajmini ikki barobarga oshirish, bojxona to‘lovlarini kechiktirib to‘lash asosida tovarlarni erkin muomalaga chiqarish hajmini 1,5 barobarga oshirish choralarini ko‘rish, vakolatli iqtisodiy operatorlar sonini 15 tadan oshirishga alohida ahamiyat qaratiladi.
Asosiy maqsad bojxona va biznes o‘rtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlab, Vatanimiz iqtisodiy salohiyatini yuksaltirishga hissa qo‘shishdir.
Oqilxon Dadaboyev, Hotam Mamadaliyev (surat) O‘zA muxbirlari.