Rasmiy munosabat
Bugun ijtimoiy tarmoqda “Quyosh panellari uchun yagona identifikator generatsiya bo‘lishi kerak” sarlavhali post e’lon qilindi.
Unda muallif “Yashil energiya” axborot tizimining real voqelikni aks ettirishini shubha ostiga olgan. Mazkur post yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirligi hamda O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Bojxona qo‘mitasi axborot xizmatlari quyidagilarni ma’lum qiladi:
"Avvalo, aytish kerakki, bugun mamlakatimizda davlatimiz rahbarining “2023 yilda qayta tiklanuvchi energiya manbalarini va energiya tejovchi texnologiyalarni joriy etishni jadallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosi bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Xususan, joriy yilning 12 avgust kuniga qadar respublika bo‘yicha jami 41 ming 885 ta ob’ektga 267,3 megavatt quvvatli quyosh panellari o‘rnatildi.
Shundan:
ijtimoiy soha va davlat idoralarining 7 ming 378 ta ob’ektiga 144,9 megavatt quvvatga teng bo‘lgan;
tadbirkorlik sub’ektlarining 7 ming 452 ta bino-inshootiga 72,8 megavatt quvvatga teng bo‘lgan;
aholining 26 ming 891 xonadoniga 47,1 megavatt quvvatga teng bo‘lgan;
2023 yilda foydalanishga topshiriladigan ko‘p qavatli uylarning 164 tasiga 2,4 megavatt quvvatga teng bo‘lgan quyosh panellari o‘rnatilib, ishchi holatiga keltirgan.
Bularning barchasi ayni kunlarda “Hududiy elektr tarmoqlari” tomonidan tizimga ulanib, iste’molchilarga arzon, sifatli, eng muhimi, ekologik toza elektr energiyasi yetkazib berayotgan quyosh panellaridir.
Shuni ta’kidlaymizki, “Yashil energiya” axborot tizimi bazasiga o‘rnatib qo‘yilgan emas, balki tizimga ulanib, allaqachon generatsiya bera boshlagan quyosh panellarigina kiritiladi.
Bundan maqsad, muallif kuyinib yozganidek, tizimda ko‘zbo‘yamachilik va soxtakorliklarga yo‘l qo‘ymaslikdan iborat.
Bu borada ro‘yobga chiqarilayotgan ishlarni nazorat qilib borish maqsadida bojxona xodimlaridan iborat ishchi guruhlar tomonidan istalgan shartli ob’ektga oldindan ma’lum qilinmagan reydlar amalga oshirilib, vaziyat joyiga chiqilgan holda o‘rganib borilmoqda va shu asosda qat’iy monitoring ishlari olib borilyapti.
Mazkur yo‘nalishda ob’ektlarga o‘rnatilayotgan qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalari va ular orqali ishlab chiqarilayotgan elektr energiya to‘g‘risidagi ma’lumotlar bojxona organlari tomonidan ishlab chiqilgan “Yashil energiya” axborot tizimida muntazam qayd etib borilmoqda.
Tizim Soliq qo‘mitasining “Keshbek”, “Hududiy elektr tarmoqlari” AJning “ASKUE” axborot tizimlariga, “Elektron hukumat” platformasi orqali esa Kadastr agentligining Ma’lumotlar bazasi bilan integratsiya qilingan.
Bugungi kunda O‘zbekiston jismoniy shaxslardan elektr energiyasini sotib olish tarifi bo‘yicha eng yuqori o‘rinlarda bo‘lib, aholimiz tomonidan o‘rnatilgan quyosh panellari orqali ishlab chiqarilgan elektr energiyasining o‘z ehtiyojidan ortiqcha qismi uchun har bir kilovatt/soatga 1 000 so‘mdan subsidiya bermoqda.
Ayni paytgacha 4 ming 534 ta xonadon bilan shartnomalar tuzilgan bo‘lib, ulardan tarmoqqa 720 ming kilovatt/soat elektr energiyasi qabul qilib olingan.
To‘g‘ri, “guruch kurmaksiz bo‘lmaydi”. Joylarda ko‘zbo‘yamachilik qilishga, davlatni ham, o‘zini ham aldashga urinishlar bo‘lishi tabiiy hol. Ammo “shahar bedarvoza emas”. Qat’iy ta’kidlaymizki, aniqlangan bu kabi holatlarga zudlik bilan huquqiy baho berilib, bunga yo‘l qo‘ygan shaxslarga nisbatan tegishli ta’sir choralari ko‘rib kelinmoqda.
Biz muallifdan postda yozilgani kabi holatlar yuz berganiga shaxsan guvoh bo‘lsa, Bojxona qo‘mitasining 11-08 hamda “Hududiy elektr tarmoqlari” AJning 11-54 raqamli “Ishonch telefon”lariga qo‘ng‘iroq qilishini yoki huquqni muhofaza etuvchi organlarga murojaat qilishini so‘raymiz", deyiladi munosabatda.
O‘zA