Shu kunlarda respublikamizdagi oliy ta’lim muassasalari magistratura bosqichiga mutaxassislik fanlaridan kirish imtihonlari bo‘lib o‘tmoqda.
Shu jumladan, Toshkent kimyo-texnologiya institutida ham bu jarayon qizg‘in davom etmoqda.
Yangi o‘quv yilida mazkur institutning magistrlar tayyorlash bo‘yicha 19 mutaxassislik bo‘yicha jami qabul rejasi 265 (o‘tgan o‘quv yilida 254) ta etib belgilangan bo‘lib, bundan 254 talabgorni davlat granti asosida, 11 nafarini to‘lov-shartnoma asosida qabul qilish rejalashtirilgan.
Institutga 2021/2022 o‘quv yili uchun magistratura ta’lim mutaxassisliklariga 1046 abituriyent hujjat topshirgan (1 o‘ringa 3,947 nafar abituriyent to‘g‘ri keladi). O‘tgan yilgi qabul jarayonidan farqli o‘laroq, bu yil stipendiantlar va davlat mukofoti sovrindorlari umumiy kvotaga qo‘shilmaydi, ya’ni ular «tanlov»da ishtirok etmaydi.
Shuni alohida e’tirof etish joizki, magistraturaga qabulning o‘ziga xos jihati talabgorlar chet tili fanidan kirish test imtihonlarini Davlat test markazida, mutaxassisliklar bo‘yicha esa kirish imtihonlarini Toshkent kimyo-texnologiya institutida test ko‘rinishda topshiradi. Test sinovlari o‘tkaziladigan hududda jamoat tartibini saqlash, fuqarolarning to‘planishi hamda noxush holatlarning oldini olish, muhimi imtihonning adolatli va shaffof tarzda o‘tishiga erishildi.
Respublikamizda barcha sohalarga tatbiq etilayotgan raqamlashtirish jarayoniga ushbu institutda ham amal qilmoqda. Ayni kunda institutning fan va ta’lim, ilmiy tadqiqot, hatto iqtisodiy-moliya va xo‘jalik faoliyatida ham raqamlashtirish jadal sur’atlarda olib borilmoqda. Bu tizimning afzalliklari magistratura mutaxassislik fanlari bo‘yicha test sinovlarida o‘zining barcha qulayliklarini namoyon etdi. Bo‘lib o‘tayotgan test imtihonlarida shaffoflik va ochiqlikni ta’minlash, hujjatlarni qalbakilashtirish holatlarining oldini olish maqsadida zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari imkoniyatlaridan keng foydalanilyapti.
Magistraturaga kirish imtihonlarining dastlabki bosqichida talabgor o‘z natijalari bilan auditoriyaning o‘zida tanishib, imzo bilan tasdiqlab chiqib ketgani maxsus o‘rnatilgan video ekranlarda namoyish etib borildi.
- Hozirgina imtihondan chiqdim, kayfiyatim a’lo darajada, — deydi biz bilan suhbatda Dilmurod Mahkamov. – To‘g‘risi, bunday qulay sharoit va imkoniyatni tasavvur qilmagandim. Hammasi haqqoniy, odil, adolat bilan o‘tkazilyapti. Bilimi bor, o‘qigan talabgorlar o‘qishga kirishiga ishonaman. bugungi natijamni auditoriyaning o‘zida bilib oldim. Maxsus dastur asosida zamonaviy platforma yaratilgan. Talabgorlarga tanlagan mutaxassislik o‘quv dasturi asosida tuzilgan 50 ta test uchun 100 daqiqa vaqt ajratildi.
5 kun davomida 912 (85,7 foiz) abituriyent imtihonlarda ishtirok etdi. 152 nafari ushbu jarayonda ishtirok etmadi. Talabgorlar maxsus dastur orqali pasport nazoratidan o‘tkazilmoqda. Kirish test imtihonlari tugashi bilan natijalar institut qabul komissiyasi raisi tomonidan imzolanib, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markaziga yetkaziladi.
Fayzullo Yahyoyev, O‘zA