Jizzax viloyatida yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashishga qaratilgan profilaktik tadbirlar mazmunan yangi bosqichga ko‘tarilmoqda. Bu galgi yondashuv nazorat yoki jazo choralaridan ko‘ra, tushuntirish, muloqot va hamkorlikka ustuvor ahamiyat berilayotgani bilan ajralib turadi.
Xususan, Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining Jizzax viloyati boshqarmasi hamda soliq idoralari hamkorligida tadbirkorlar bilan ochiq, yuzma-yuz uchrashuvlar tashkil etilmoqda. Ularda biznes va davlat o‘rtasidagi ishonchni mustahkamlash, qonun talablarini aniq va lo‘nda yetkazish asosiy maqsad sifatida belgilangan.

Muloqotlar davomida soliq qonunchiligidagi so‘nggi o‘zgarishlar, hisob-kitoblarda naqdsiz to‘lovlarni keng joriy etishning afzalliklari, shuningdek, yashirin aylanmalarning iqtisodiyotga salbiy ta’siri tahliliy misollar orqali tushuntirilmoqda. Ayniqsa, “naqdsiz iqtisodiyot — halol tadbirkorni nohalol raqobatdan himoya qilish vositasi” ekaniga alohida urg‘u berilmoqda.
Mutaxassislar ta’kidlashicha, yashirin iqtisodiyot nafaqat davlat byudjeti daromadlarini kamaytiradi, balki bozorda adolatsiz raqobatni kuchaytirib, qonuniy faoliyat yuritayotgan tadbirkorlar manfaatiga ziyon yetkazadi. Shu bois profilaktik tadbirlar orqali qonunbuzarliklarning oldini olish, tadbirkorlarning huquqiy bilimini oshirish eng samarali yo‘l sifatida qaralmoqda.

Uchrashuvlarda tadbirkorlarni qiynayotgan amaliy masalalar ochiq muhokama qilinib, soliq hisoboti, elektron to‘lov tizimlari va qonuniy imtiyozlar bo‘yicha aniq tavsiyalar berilmoqda. Bu esa davlat idoralarining “jazolovchi” emas, balki “hamkor” sifatida maydonga chiqayotganini ko‘rsatadi.
A. Qayumov, J. Yorbekov (surat), O‘zA