Sirdaryo viloyati bojxona boshqarmasida 2025 yil yakunlariga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Unda ommaviy axborot vositalari vakillari, jurnalistlar hamda blogerlar ishtirok etib, bojxona tizimida amalga oshirilgan ishlar va erishilgan natijalar bilan yaqindan tanishdilar.
Anjumanda so‘z olgan boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari Mansurjon Nabiyev davlatimiz rahbari tashabbusi bilan iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy sohalarda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar bojxona organlari faoliyatida ham o‘z ifodasini topayotganini ta’kidladi. U yaratilayotgan zamonaviy infratuzilma, qulay mehnat sharoiti va raqamlashtirish jarayonlari natijasida tizim faoliyati samaradorligi sezilarli darajada oshganini, xususan, Sirdaryo viloyatida qo‘lga kiritilgan ko‘rsatkichlar buni yaqqol tasdiqlayotganini qayd etdi.
Ma’lum qilinishicha, hisobot davrida Sirdaryo viloyati bojxona boshqarmasi tomonidan mamlakat iqtisodiy xavfsizligini ta’minlash, davlat byudjeti daromadlarini ko‘paytirish, tashqi iqtisodiy faoliyat sub’ektlari uchun qulay ishbilarmonlik muhitini shakllantirish, yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashish hamda qonun ustuvorligini mustahkamlashga qaratilgan tizimli chora-tadbirlar amalga oshirildi. Natijada viloyat tashqi savdo aylanmasi 2025 yilda 1 mlrd 418 mln AQSH dollarini tashkil etib, o‘tgan yilga nisbatan 447,9 mln dollarga, ya’ni 46,2 foizga o‘sdi.
Bojxona to‘lovlari yo‘nalishida ham barqaror o‘sish kuzatildi. To‘lovga tortiladigan import hajmi 1 mlrd 35 mln dollarga yetdi va bu o‘tgan yilga nisbatan 35 foizlik o‘sishni tashkil qildi. Davlat xazinasiga 2 trln so‘mdan ortiq bojxona tushumlari yo‘naltirilib, umumiy tushumlar 699 mlrd so‘mga, yoki 53 foizga ko‘paydi. Shu bilan birga, tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida 237 ta tadbirkorlik sub’ektiga jami 1,2 trln so‘m miqdorida bojxona imtiyozlari taqdim etildi. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilga nisbatan 88 foizga yuqori bo‘ldi.
Tadbirkorlarning moliyaviy yukini yengillashtirish maqsadida 13 nafar xo‘jalik yurituvchi sub’ektga 217,4 mlrd so‘mga yaqin bojxona to‘lovlarini bo‘lib-bo‘lib yoki kechiktirib to‘lash imkoniyati yaratildi. Nazorat va tahlil ishlari doirasida o‘tkazilgan bojxona auditi natijasida 71,4 mlrd so‘m qo‘shimcha to‘lovlar aniqlanib, mazkur ko‘rsatkich o‘tgan yilga nisbatan qariyb 5 baravarga oshdi. Tovarlarni tasniflash jarayonidagi aniqlik esa qo‘shimcha 3,2 mlrd so‘m mablag‘ hisoblanishiga olib keldi.
Yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashish, shuningdek, aholi salomatligi va jamoat xavfsizligini ta’minlash yo‘nalishida ham salmoqli natijalarga erishildi. 839 ta holatda 30,1 mlrd so‘mlik tovarlar, jumladan, 801 mln so‘m ekvivalentidagi valyuta qimmatliklari hamda 1 794 gramm zargarlik buyumlarining noqonuniy muomalasiga chek qo‘yildi. Shu bilan birga, 7,5 kg giyohvandlik vositalari, 349 gramm psixotrop, 1 374 gramm kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari, 44 ming 751 dona dori va tibbiyot buyumlari, shuningdek, 5 918 quti tamaki mahsulotlari ushlab qolindi.
Bojxona ko‘riklari samaradorligi ham oshgani ta’kidlandi. Hisobot yili davomida viloyat bojxona postlari tomonidan 5,5 mingdan ortiq bojxona ko‘rigi amalga oshirilib, 210 ta holatda 9 mlrd 689 mln so‘mlik tovar-moddiy boyliklar aniqlandi.
Ayni paytda tizim xodimlari uchun ijtimoiy shart-sharoitlarni yaxshilash maqsadida 70 xonadonli xizmat uyi qurilishi izchil davom ettirilmoqda.
Anjuman davomida Davlatimiz Rahbarining Oliy Majlisga yo‘llagan Murojaatnomasi hamda 2025 yil 17 dekabrda qabul qilingan Farmonda belgilangan ustuvor vazifalarga ham alohida to‘xtalib o‘tildi. Ushbu hujjatlar doirasida nazarda tutilgan 40 ga yaqin maqsadli ko‘rsatkich va 62 ta banddan iborat keng qamrovli dastur ijrosini ta’minlash, shuningdek, amaliyotdan kelib chiqqan holda normativ-huquqiy hujjatlarni takomillashtirish bo‘yicha takliflarni tizimli taqdim etish ustuvor vazifa sifatida belgilab olingani qayd etildi.
[gallery-27211]
Shuningdek, Farmonga muvofiq, “Sirdaryo” bojxona posti 2026–2029 yillarda to‘liq rekonstruksiya qilinishi, “Malik” bojxona posti esa grant mablag‘lari hisobidan qayta jihozlanishi rejalashtirilayotgani ma’lum qilindi. Bu orqali chegaralarda harakatni jadallashtirish, rasmiylashtirish jarayonlarini soddalashtirish hamda fuqarolar va xodimlar uchun yanada qulay sharoitlar yaratish ko‘zda tutilmoqda.
Matbuot anjumani davomida korrupsiyaga qarshi kurashish masalasiga alohida e’tibor qaratildi. Davlatimiz rahbarining korrupsiyani davlat taraqqiyoti va jamiyat barqarorligiga jiddiy tahdid sifatida baholagan qat’iy pozitsiyasi bojxona organlari faoliyatida ustuvor va o‘zgarmas tamoyil sifatida qabul qilingani ta’kidlandi.
Tadbir so‘ngida soha vakillari ommaviy axborot vositalari xodimlarini qiziqtirgan masalalar yuzasidan atroflicha javob berishdi.
G‘ulom Primov,
Doston Qalandarov (surat), O‘zA