Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Shaffof va tezkor baholash platformasi yaratildi
11:41 / 2025-03-10

Buxoroda o‘quvchilar bilimini shaffof va tezkor baholashning yangicha platformasi ishlab chiqildi.

Buxoro viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi hamda Buxoro innovatsiyalar universiteti hamkorligida ishlab chiqilgan mazkur zamonaviy test platformasi ta’lim oluvchilarning bilimlarini shaffof va tezkor baholash tizimini yanada takomillashtirish maqsadida joriy etildi.

Ushbu innovatsion yechim umumta’lim maktablarda o‘quvchilarga o‘qituvchi nazoratida yoki mustaqil ravishda bilim darajasini tekshirish imkonini beradi. Bu esa ta’lim jarayonida individual yondashuvni kuchaytirish va o‘quv jarayonini yanada samarali tashkil etishga xizmat qiladi. Ayni paytda ushbu platforma viloyat umumta’lim maktablarida tajriba-sinovdan o‘tkazilmoqda.

Yangi test platformasidan nafaqat maktab o‘quvchilari, balki talabalar, malaka oshirish kurslari tinglovchilari hamda turli tashkilot xodimlari o‘z bilimlarini baholash va ularning o‘sish dinamikasini kuzatib borish uchun foydalanishlari mumkin. Shu bilan birga, platforma tizimli tahlil qilish va ta’lim sifatini baholashda muhim vosita sifatida xizmat qiladi.

Mazkur tashabbus viloyatda ta’lim sohasida raqamli texnologiyalarni keng joriy etish, ta’lim samaradorligini oshirish va o‘quvchilar bilimni baholash tizimini xalqaro standartlar darajasiga yetkazishga xizmat qilishi, shubhasiz.

Zarif Komilov, O‘zA muxbiri