Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Shaffof tibbiyot – shifo istagan qalblarga malham
12:51 / 2021-08-18

Munosabat

Xalqimizda “Boylikning boshi – sog‘liq”, degan naql bor. Topib aytilgan bu hikmat zamirida juda katta ma’no mujassam. Zero, salomatlikni har qancha moddiy boylik va mablag‘ evaziga sotib olib bo‘lmaydi.

Mamlakatimizda sog‘liqni saqlash sohasi kun sayin rivojlanib, aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatish sifati yangi bosqichga ko‘tarilmoqda. Tizimni tubdan yaxshilash bo‘yicha davlat rahbarining qator farmon va qarorlari qabul qilinib, xalqimizning sog‘lom va uzoq umr kechirishini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilyapti. Yaqinda elimiz salomatligi yo‘lidagi navbatdagi g‘amxo‘rlik huquqiy jihatdan mustahkamlandi: endi ixtisoslashgan tibbiyot markazlari hududlarga boradi. Order olishdagi tizim shaffoflashadi. Bu  inson qadri har narsadan ustun ekanining yorqin ifodasidir.

Prezidentimizning “Sog‘liqni saqlash sohasida ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam ko‘rsatish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorini sinchiklab o‘qir ekanman, uni tom ma’noda tarixiy hujjat sifatida qabul qildim. Ta’bir joiz bo‘lsa, bu aholi salomatligini yanada mustahkamlash yo‘lida muhim qadamdir.

Binobarin, so‘nggi to‘rt yilda mamlakatimizda aholi salomatligini mustahkamlash, sog‘liqni saqlash tizimini tubdan takomillashtirish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi. Maqsad esa yagona – shifo istagan ko‘ngillarga yo‘l topish, ularga sifatli tibbiy xizmatni tashkillashtirib berish, tizimda byurokratik to‘siqlarni bartaraf etish.

O‘tgan qisqa davr mobaynida O‘zbekistonda tibbiyoti rivojlangan davlatlardagi kabi eng ilg‘or innovatsion taraqqiyotga erishish borasida jiddiy qadamlar tashlandi. Tizimda yo‘l qo‘yilayotgan kamchiliklar, aholining haqli e’tirozlariga sabab bo‘layotgan dolzarb masalalar, sohada to‘planib qolgan muammolarni bartaraf etish vazifasi qat’iy qo‘yildi va bu boradagi islohotlar izchil davom etmoqda.

Mamlakatimizda aholi salomatligini mustahkamlash, odamlarning dardu tashvishlariga sherik bo‘lish, og‘irini yengil qilish maqsadida ularga imtiyozli yo‘llanma (order) asosida davolanish imkoniyati yaratilgani hammamizga yaxshi ma’lum. Lekin order ajratishda shafoflikni ta’minlash, tushunmovchiliklarning oldini olish borasida muammolar bor edi. Hujjatda buning yechimi o‘z aksini topgani quvonarli. Endi ixtisoslashgan tibbiy manzillarga beriladigan orderlarni olishda tanish-bilishchilik ketmaydi, korrupsiyaning ildizi qirqiladi.

Xususan, shu yilning 1 oktyabridan boshlab tegishli davlat muassasalarida imtiyozli toifaga kiruvchi yurtdoshlarimiz uchun kvotali order berish tartibi bekor qilinadi. Qaror bilan bu jarayon inson omilisiz, elektron tizim orqali amalga oshiriladi. Imtiyozli toifaga kiruvchi shaxslarni ixtisoslashtirilgan muassasalarga davolanishga yo‘llashda kasallikning og‘irlik darajasidan kelib chiqib axborot tizimi orqali navbatda turishning shaffof mexanizmlari tatbiq etilib, kam ta’minlangan oilalarga mansub shaxslar toifasiga kiruvchi fuqarolar “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimiga ko‘ra aniqlanadi.

Yo‘llanma ham ushbu tizimda avtomatik tarzda shakllantirilgan holda, davlat yoki nodavlat tibbiyot tashkilotlarida tibbiy xizmatlar olish huquqi beriladi. Ahamiyatlisi, bemor davolanganidan so‘ng Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi davolagan muassasaga  bazaviy narxlar doirasida bemorga ko‘rsatilgan tibbiy xizmatlarni asoslovchi hujjatlarga muvofiq, sarflangan mablag‘ni Davlat byudjeti hisobidan o‘tkazib beradi. Bu biz hali mutlaqo tasavvur qilmagan yangiliklardan biridir.

2021 yil 1 noyabrdan Respublika ixtisoslashtirilgan ko‘z mikroxirurgiyasi va urologiya, 2022 yil 1 yanvardan kardiologiya, travmatologiya va ortopediya hamda akusherlik va ginekologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazlari tomonidan ko‘rsatiladigan tibbiy xizmatlar imtiyozli toifaga kiruvchi shaxslarga davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan nodavlat tibbiyot tashkilotlari tomonidan ko‘rsatilishiga ruxsat berilmoqda. Demak, endi raqobat yuzaga keladi, xizmat ko‘rsatish sifatini yaxshilagan muassasaga mijoz ko‘payadi, yurtdoshlarimizda tanlash imkoniyati kengayadi. Shuning barobarida, xususiy tibbiyot yanada rivojlanib boradi.

Imtiyozli toifaga kiruvchi shaxslarga ko‘rsatilgan tibbiy xizmatlar sifatini baholash hamda ularning tasdiqlangan standartlarga muvofiqligi, ajratilgan mablag‘lar samaradorligi va natijadorligini nazorat qilish Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi tomonidan amalga oshiriladi. Buning uchun mazkur jamg‘armaga  Prezidentimizning 2021 yil 3 apreldagi tegishli qaroriga muvofiq, qo‘shimcha 8 ta shtat birligi  ajratilmoqda.

Bir so‘z bilan aytganda, yuqoridagi qarorning har bir bandida keltirilgan vazifalar tizimda katta o‘zgarishlarga yo‘l ochadi. Aholiga yuqori malakali ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam ko‘rsatishda oshkoralik, adolatlilik va shaffoflik tamoyillari asosida zamonaviy talablarga javob beradigan samarali xizmat ko‘rsatish tizimini shakllantirishga xizmat qiladi.  

 

 

Navro‘z Rizayev,

Oliy Majlis Qonunchilik

palatasi deputati.

O‘zA