Davlatimiz rahbari tomonidan tasdiqlangan strategiya, dastur va ustuvor vazifalardan kelib chiqqan holda Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi oldiga qator istiqbolli maqsad va vazifalarni belgilab olgan.
Ta’kidlash joizki, joriy yilda ham aholi punktlarining shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiqish ishlari izchil davom ettiriladi. Xususan, 154 ta aholi punkti uchun shaharsozlik hujjatlari ishlab chiqilishi rejalashtirilgan. Shuningdek, “Shaffof qurilish” tizimi doirasida “Raqamli shaharsozlik kengashi” platformasi ishga tushiriladi.
– Qurilish sohasida me’yor va standartlar asosida 158 ta texnik-normativ hujjat tayyorlanadi, – deydi Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi matbuot xizmati rahbari Saidnosir Usmonov. – Davlat xizmatlarini ko‘rsatishda byurokratik to‘siqlarni bartaraf etish va inson omilini qisqartirish maqsadida ma’muriy reglamentlar takomillashtiriladi. Jumladan, hududiy arxitektura-shaharsozlik kengashlari faoliyati raqamlashtirilib, kengash a’zolari uchun onlayn elektron kabinetlar joriy etiladi.
“Shaffof qurilish” tizimida mijozlarni qo‘llab-quvvatlash jarayonlariga sun’iy intellekt texnologiyalari tatbiq etiladi. Ushbu yechim orqali kelib tushayotgan murojaatlarni avtomatik o‘qish, tahlil qilish va toifalash, shuningdek, bino va inshootlarning tashqi ko‘rinishini o‘zgartirishni kelishish jarayonlari avtomatlashtiriladi.
“Qurilish resurslari milliy klassifikatori” elektron platformasi orqali qurilish materiallari standartlar asosida guruhlanib, kodlanmoqda. Hozirga qadar mazkur platforma bazasida 206 367 ta qurilish resursiga individual kodlar shakllantirilgan.
Joriy yilda raqamli smeta moduli ishlab chiqiladi hamda Nukus va Qarshi shaharlarida avtomatik shaharsozlik talablari mexanizmlari tajriba tariqasida joriy etiladi.
Loyihalash topshiriqlarini ishlab chiqish va kelishish bo‘yicha maxsus elektron platforma (lt.shaffofqurilish.uz) yaratilgan. U orqali buyurtmachilar elektron raqamli imzo yordamida tizimga kirib, loyiha topshiriqlarini yagona formatda shakllantirish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Bu esa loyihachilarga ortiqcha yuklamalar yuklatilishining oldini oladi.
Ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturi doirasida qiymati 10 mlrd. so‘mdan yuqori bo‘lgan ob’ektlar loyihalari “Shaffof qurilish” milliy axborot tizimi (lo.mc.uz) orqali ko‘rib chiqiladi. Xususan, 2026 yil Investitsiya dasturi (PQ-393) doirasida ham ushbu amaliyot to‘liq joriy etiladi.
Bosh loyiha institutlari faoliyatini raqamlashtirish bo‘yicha chora-tadbirlar belgilanib, birinchi bosqichda namuna sifatida “Qishloqqurilishloyiha” institutida yangi raqamli tizim joriy etiladi. Shu bilan birga, loyiha-tadqiqot ishlari sifatini oshirishga qaratilgan Hukumat qarori loyihasi ishlab chiqiladi.
Ijtimoiy soha uchun 1 ta umumta’lim maktabi, 2 ta maktabgacha ta’lim tashkiloti va 4 ta sog‘liqni saqlash muassasasining namunaviy loyihalari tayyorlanadi.
Issiqlik ta’minoti tizimini rivojlantirish borasida ham izchil choralar ko‘riladi. Dasturlar doirasida 25 ta qozonxona va 301 km. issiqlik tarmoqlari qurilib va rekonstruksiya qilinishi rejalashtirilgan. Natijada 56 mingga yaqin xonadon joylashgan 1 200 ta ko‘p qavatli uy hamda 97 ta ijtimoiy ob’ektda issiqlik ta’minoti yaxshilanadi.
Xususan, Saudiya Arabistonining “Saudi Tabreed” kompaniyasi bilan hamkorlikda Nukus shahridagi RK-1 issiqlik markazida 21,6 MVt elektr va 53 Gkal issiqlik energiyasi ishlab chiqarish quvvatiga ega kogeneratsiya loyihasini amalga oshirish bo‘yicha kelishuv imzolandi. Loyiha qiymati 20,3 mln. dollarni tashkil etib, 145 ta ko‘p kvartirali uy va 31 ta ijtimoiy ob’ekt issiqlik bilan ta’minlanadi.
Shuningdek, ko‘p kvartirali uylarning texnik holati, yer uchastkalari, energiya va suv iste’molini qamrab oluvchi “Turar-joy” milliy axborot tizimi bosqichma-bosqich ishga tushiriladi.
Boshqaruv tashkilotlari mablag‘lari hisobidan 6 mingdan ortiq uy joriy va mukammal ta’mirlanadi, uylarga tutash hududlarda 200 mingdan ziyod daraxt va buta ko‘chatlari ekiladi. 405 ta uyning 384 ming kv.m fasadi issiqlik tejovchi materiallar bilan qoplanib, 750 ta lift uskunasi yangilanadi.
Shaharsozlik hujjatlarini ekspertiza qilish doirasida 22 mingga yaqin loyiha ekspertizadan o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Toza ichimlik suvi bilan ta’minlash maqsadida 2026 yilda Ijtimoiy himoya davlat jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan 60 mlrd. so‘m ajratiladi. Ushbu mablag‘lar hisobiga 13 ta ob’ektda 176 km. ichimlik suv tarmoqlari tortilib, 13 ta suv inshooti quriladi. Natijada 45 ming nafar aholi hamda maktab, bog‘cha va qishloq vrachlik punktlari ichimlik suvi bilan ta’minlanadi.
Aholining uy-joy sharoitlarini yaxshilash maqsadida joriy yilda 140 mingta xonadondan iborat ko‘p kvartirali uylar qurilishi rejalashtirilgan. Shuningdek, 2026 yilda 23,9 trln. so‘m mablag‘ hisobidan 1 708 ta ijtimoiy va infratuzilma ob’ektida qurilish-ta’mirlash ishlari amalga oshiriladi.
Dasturdagi har bir ob’ektning barcha bosqichlari “Shaffof qurilish” tizimi orqali doimiy monitoring qilib boriladi. Ushbu rejalar bugungi islohotlar sur’ati va zamon talablaridan kelib chiqqan holda aholi manfaatlarini ko‘zlab amalga oshiriladi.
Shahnoza Mamaturopova, O‘zA