French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Shaffof qurilish”– ochiqlik va shaffoflik kafolati
18:44 / 2023-05-25

Termiz shahrida Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi tomonidan “Shaffof qurilish” milliy axborot tizimi imkoniyatlariga bag‘ishlangan seminar o‘tkazildi.

Surxondaryo viloyatidagi soha mutaxassislari, qurilish-pudrat tashkiloti vakillari, loyihachilar, ekspertlar ishtirok etgan tadbirda keyingi yillarda mamlakatimiz qurilish tizimida o‘tkaziladigan davlat xaridlarida korrupsiyaviy holatlarning, ortiqcha vaqt va byurokratik to‘siqlarning oldini olish, ochiqlik va shaffoflikni ta’minlashga alohida e’tibor qaratilayotgani, tizimda zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari joriy etilib, sohada tanlov(tender)lar elektron portal orqali oshkora o‘tkazilayotgani ta’kidlandi. 2021 yil boshida ishga tushirilgan “Shaffof qurilish” milliy axborot tizimi haqida fikr almashildi.  

Seminarda Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi qurilish sohasida tender, reyting va buyurtmachi tizimini metodologik ta’minlash bo‘limi boshlig‘i D. Miliyev, “Shaffof qurilish” milliy axborot tizimi direktori o‘rinbosari Sh. Hamdamov qurilish-pudrat tashkilotlarining reyting ko‘rsatkichlarini aniqlash mezonlari, mazkur axborot tizimi va ishtirokchilarining asosiy vazifalari, tizimdan foydalanish imkoniyatlari, axborot tizimining elektron hukumat bilan integratsiyasi, "Shaffof qurilish" milliy axborot tizimi tarkibiga kiruvchi "Loyiha-smeta hujjatlarini ekspertizadan o‘tkazish" axborot tizimining ishlash tartibi kabi mavzular bo‘yicha zarur ma’lumotlarni berdi. Onlayn tizim qurilish tashkilotlariga erkin, shaffof, adolatli va halol, eng muhimi inson omili aralashmaydigan tanlovlar uchun munosib sharoit hamda qulaylik yaratgani qayd etildi. Qatnashchilar qurilish-pudrat tashkilotlarining reyting ko‘rsatkichlarini aniqlash mezonlari va sohada joriy etilayotgan boshqa yangiliklar to‘g‘risida yetarli ma’lumotga ega bo‘ldi.  

Ochiq muloqot shaklida o‘tkazilgan tadbirda qurilish-pudrat tashkilotlari vakillarining platformada moliyaviy ko‘rsatkichlarga bog‘liq taklif va mulohazalari tinglandi. Tadbir ishtirokchilarini qiziqtirgan savollarga atroflicha javob berildi.  

Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA muxbiri