Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Shaffof qurilish” natijalari: to‘rt yilda 3,6 trillion so‘m tejaldi
15:55 / 2025-11-20

Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligida 9 dekabr — “Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurashish kuni” munosabati bilan “Ochiq eshiklar kuni” o‘tkazildi.

Unda jamoatchilik faollari, blogerlar va OAV vakillari ishtirok etdi.  

Tadbirdan ko‘zlangan asosiy maqsad vazirlik faoliyatida ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash, korrupsiyaviy xavf-xatarlarning oldini olish, sohada joriy etilgan zamonaviy mexanizmlar va raqamlashtirish natijalari haqida jamoatchilikka batafsil ma’lumot berishdan iborat.

Tadbirda Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vaziri Sherzod Hidoyatov mamlakatda korrupsiyaga qarshi kurashish yo‘nalishida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahbarligida amalga oshirilayotgan islohotlar ahamiyati haqida so‘z yuritdi.  

– Korrupsiya islohotlar sur’atini pasaytiruvchi eng katta to‘siqdir, – deydi Sherzod Hidoyatov. – Davlatimiz rahbari “Raqamlashtirishdan qochayotgan har bir rahbar korrupsiyani yo‘q qilishga intilmagan rahbardir”, degan edilar. Bugungi kunda vazirlik tomonidan boshqaruv jarayonlarini avtomatlashtirish, inson omilini qisqartirish va jamoatchilik nazoratini kengaytirish asosiy vazifa sifatida belgilangan. 

Tadbirda vazirlik va tizim tashkilotlarida so‘nggi yillarda amalga oshirilgan tub yangilanishlar haqida ma’lumot berildi. Jumladan, vazirlikning barcha yo‘nalishlari kesimida 120 ta funksiya va jarayonlar bo‘yicha korrupsiyaviy xavflar tahlil qilinib, ularni minimallashtirish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar ishlab chiqilgani aytib o‘tildi.  

“Shaffof qurilish” milliy axborot tizimi doirasida loyihalarni kelishish, ekspertizadan o‘tkazish, tender jarayonlari, qurilish ishlari nazorati va monitoring to‘liq elektronlashtirilgani ma’lum qilindi. Tizimning Adliya vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Oliy sud va Kadastr agentligining axborot bazalari bilan integratsiya qilingani inson omilini keskin kamaytirgani ta’kidlandi. Bu orqali o‘tgan 4 yilda davlat byudjetida 3,6 trln. so‘m tejamkorlikka erishilgan.

Tadbirda “Reyting” va “Tender” elektron platformalarining muhim natijalari ham omma e’tiboriga havola etildi. Pudrat va loyiha tashkilotlarining faoliyatini 4 ta yo‘nalish bo‘yicha inson omilisiz baholaydigan reyting tizimiga 18 mingdan ortiq tashkilot qamrab olingani, ochiq tender tizimida 16 mingdan ziyod xaridlar elektron o‘tkazilgani va har bir tenderda qatnashuvchilar soni o‘rtacha 4 tadan oshgani sohaga raqobat va shaffoflik kirib kelayotganini ko‘rsatadi.  

Shu bilan birga kommunal sohani raqamlashtirish va bu orqali tizimda inson omilini minimallashtirish yuzasidan amalga oshirilgan ishlar bo‘yicha ma’lumot berib o‘tildi.  

“Ko‘p kvartirali uylarni boshqarish organlarining elektron reyestri” ma’lumotlar bazasi ishga tushirilib, boshqarish organlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar aholiga ochiqlab borilishi yo‘lga qo‘yildi.

“Mening uyim” billing tizimi faoliyati takomillashtirilib, tarif o‘rnatish, murojaatlar bilan ishlash, hisobotlarni berib borish kabi jarayonlar shaffof tarzda amalga oshirilmoqda. Uylarni boshqarish organlariga biriktirish, boshqaruv organlarini elektron reyestrda ro‘yxatdan o‘tkazish kabi jarayonlarda inson omilini kamaytirish hamda ochiqlikni ta’minlash maqsadida mazkur xizmatlar Davlat xizmatlari orqali amalga oshirilayotir.

Bundan tashqari, “Xavfsiz lift” platformasi ishlab chiqilib, liftlarni o‘rnatish va ulardan foydalanish jarayonlari mazkur platformada aks ettirilishi yo‘lga qo‘yildi. Uylarni ekspluatatsiya qilishda ta’mirlash jarayonlarining shaffof tarzda amalga oshirilishini ta’minlash maqsadida “Turar joy” milliy axborot tizimi yaratildi.  

Tadbirda vazirlik tomonidan korrupsiyaning oldini olish maqsadida kadrlar malakasini oshirish, manfaatlar to‘qnashuvini bartaraf etish va xodimlarning huquqiy madaniyatini yuksaltirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar ham muhokama qilindi.  

Joriy yilda 136 ta seminar-trening o‘tkazilgani, 491 nafar xodim antikorrupsiya akademiyasining 1-bosqich o‘quvlarini tamomlagani, yana 1700 nafar xodimning o‘quv jarayonlari boshlangani ma’lum qilindi. Manfaatlar to‘qnashuvi bo‘yicha 4 mingdan ziyod xodim deklaratsiya to‘ldirgani, qonunga zid holatlar aniqlangan mutaxassislarning hujjatlari Odob-axloq komissiyasiga yuborilgani aytildi.

“Ochiq eshiklar” kuni doirasida jurnalist, bloger va jamoatchilik faollariga Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligining “Yangi Toshkent” hududida joylashgan yangi binosi tanishtirildi.

Shahnoza Mamaturopova,

O‘zA