Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Shaffof iqtisodiyot – barqaror taraqqiyotning poydevori
18:06 / 2026-01-20

Bugun O‘zbekiston taraqqiyotining yangi bosqichi haqida so‘z borganda, iqtisodiy o‘sishning manbalari, uning barqarorligi va sifati masalasi birinchi o‘ringa chiqmoqda. Davlatimiz rahbarining 2025 yil 26 dekabrdagi Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga Murojaatnomasida ana shu masalalar chuqur tahlil qilinib, kelgusi yillarda mamlakat iqtisodiyotini rivojlantirishning aniq yo‘nalishlari belgilab berildi.

Prezidentimiz nutqida qayd etilganidek, so‘nggi yillarda iqtisodiyotimiz katta sinovlardan o‘tdi. Global savdo zanjirlaridagi uzilishlar, geosiyosiy qarama-qarshiliklar va moliyaviy resurslar narxining oshishiga qaramay, O‘zbekiston iqtisodiyoti barqaror o‘sish sur’atlarini saqlab qoldi. Yalpi ichki mahsulot hajmining ilk bor 145 milliard dollardan oshgani, eksport hajmining 33 milliard dollardan ziyod bo‘lgani, oltin-valyuta zaxiralari 60 milliard dollardan oshgani islohotlar samarasining yaqqol dalilidir.

Oldinda yanada katta marralar turibdi. Bu marralarga erishish uchun esa iqtisodiyotga “uzoq muddatli va arzon resurslar” zarur.  

Mazkur yo‘nalishda qulay iqtisodiy muhitni yaratishda huquqiy sohada qanday vazifalar turibdi?

Bu borada Toshkent davlat yuridik universiteti Tadbirkorlik va korporativ huquq sho‘’basi dotsenti v.b. Aminjon Qalandarov quyidagicha tushuntirish berdi:

– Murojaatnomada alohida urg‘u bilan ta’kidlangan masalalardan biri – kapital bozorini rivojlantirish. Davlat rahbari ishlab chiqarish ham, iste’mol ham barqaror o‘sishi uchun uzoq muddatli mablag‘ muhimligini qayd etar ekan, kapital bozorini iqtisodiy o‘sishni rag‘batlantiradigan muhim institutsional ustun sifatida belgiladi.

Darhaqiqat, bank kreditlari iqtisodiyot uchun muhim bo‘lsa-da, yirik investitsion loyihalar, sanoatni modernizatsiya qilish, infratuzilmani rivojlantirish faqat kreditlar hisobiga amalga oshirilmaydi. Kapital bozori esa kompaniyalarga obligatsiya va aksiyalar chiqarish orqali uzoq muddatli resurs jalb etish imkonini beradi, aholining jamg‘armalarini real iqtisodiyotga yo‘naltiradi, investitsiya muhitini yanada jonlantiradi.

Shu bois Murojaatnomada global depozitariylarni milliy fond bozorimizga olib kirish zarurligi alohida qayd etildi. Bu qadam investorlar huquqlarini himoya qilishni kuchaytirish, hisob-kitoblarning shaffofligi va ishonchliligini oshirish, eng muhimi, xalqaro investorlar uchun tanish va ishonchli infratuzilmani yaratishga xizmat qiladi.

Kapital bozori rivoji, avvalo, mustahkam huquqiy asosga tayanishi lozim. Shu maqsadda xalqaro moliya tashkilotlari bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan “Kapital bozori to‘g‘risida”gi yangi qonun loyihasini tez fursatda qabul qilish vazifasi qo‘yildi.

Mazkur hujjat qimmatli qog‘ozlar bozorida ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash, investorlar manfaatlarini himoyalash, bozor manipulyatsiyalari va noqonuniy amaliyotlarning oldini olish, korporativ boshqaruv standartlarini kuchaytirishga qaratilgan bo‘ladi. Bu esa kapital bozoriga bo‘lgan ishonchni yanada oshirib, yangi investorlarni jalb etishga xizmat qiladi.

Murojaatnomada biznes uchun muhim bo‘lgan yana bir masala – valyuta xatarlarini boshqarish masalasi ham o‘z aksini topdi. Kurs tebranishlari ta’sirini kamaytirish maqsadida mahalliy kompaniyalarga ichki bozorda xorijiy valyutada obligatsiya chiqarishga ruxsat berilishi belgilandi.

Bu qaror eksportyorlar, importga bog‘liq ishlab chiqaruvchilar va uzoq muddatli investitsiya loyihalarini amalga oshirayotgan korxonalar uchun muhim moliyaviy instrument bo‘ladi. Shu bilan birga, kelgusi yildan boshlab korxonalarimiz ilk bor xalqaro bozorlarda ham aksiyalarini joylashtirish imkoniga ega bo‘lishi ta’kidlandi.

Xalqaro IPO – bu nafaqat moliyaviy resurs jalb qilish, balki korxonalarning boshqaruv sifati, moliyaviy intizomi va ochiqligini yangi bosqichga olib chiqadigan muhim jarayon. Bunday kompaniyalar butun iqtisodiyotda shaffoflik va raqobat madaniyatini shakllantirishga xizmat qiladi.

Davlat rahbari kapital bozorini rivojlantirish orqali tadbirkorlarga qo‘shimcha 1 milliard dollar jalb qilish imkoniyati yaratilishini qayd etdi. Bu raqam oddiy statistik ko‘rsatkich emas. Bu – minglab yangi ish o‘rinlari, zamonaviy ishlab chiqarish quvvatlari, eksport imkoniyatlarining kengayishi degani.

Ammo bu imkoniyatdan to‘liq foydalanish uchun bozor ishtirokchilarining mas’uliyati ham oshishi kerak. Ochiq moliyaviy hisobotlar, mustaqil audit, manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish, korporativ boshqaruv madaniyatini yuksaltirish — bular kapital bozori muvaffaqiyatining ajralmas sharti.

Kapital bozori shaffof iqtisodiy muhitda samarali ishlaydi. Shu bois, Murojaatnomada yashirin iqtisodiyotni qisqartirish masalasiga alohida e’tibor qaratildi. So‘nggi yillarda kuzatilmaydigan iqtisodiyot ulushi sezilarli kamaygani qayd etildi, biroq bu yo‘ldagi ishlar izchil davom ettirilishi belgilandi.

Xususan, 2026 yildan boshlab davlat xizmatlari va kommunal to‘lovlar, yoqilg‘i, alkogol va tamaki mahsulotlari, avtomobil va ko‘chmas mulk savdolari to‘liq naqdsiz to‘lov shakliga o‘tkaziladi. Nazorat organlari tomonidan o‘tkaziladigan tekshiruvlarda bodi-kameralardan foydalanish majburiy bo‘ladi. “Soya”dan shaffof faoliyatga o‘tmoqchi bo‘lgan tadbirkorlarga esa buxgalteriya va soliq hisobotlari bo‘yicha bepul o‘qitish yo‘lga qo‘yiladi.

Bu yondashuv shuni ko‘rsatadiki, davlat faqat nazorat va jazolash bilan cheklanmaydi, balki tadbirkorlikni halol va ochiq faoliyatga rag‘batlantiradi.

Prezidentimiz Murojaatnomasida ilgari surilgan g‘oyalar yagona mantiqqa ega: kapital bozori – iqtisodiyotga uzoq muddatli resurs olib kiradi, shaffof iqtisodiyot esa bu resurslarning samarali va adolatli ishlashini ta’minlaydi. Ushbu ikki yo‘nalish bir-birini to‘ldirib, barqaror taraqqiyotning mustahkam poydevorini yaratadi.

Bugungi O‘zbekiston uchun kapital bozori va shaffof iqtisodiyot shunchaki moliyaviy mexanizm emas, balki ishonch, adolat va barqaror rivojlanishga xizmat qiladigan strategik tanlovdir.

Gulnoza Boboyeva, O‘zA