O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti “Seysmik xavfsizlikni ta’minlash hamda seysmologiya sohasidagi ishlar samaradorligini yanada oshirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmonni imzoladi.
Unga muvofiq, seysmik xavfsizlikni ta’minlash hamda seysmologiya sohasidagi ishlar samaradorligini yanada oshirishning ustuvor yo‘nalishlari belgilandi.
Ular:
a) madaniy meros ob’ektlari va transport inshootlarining (avtomobil va temiryo‘l ko‘priklari, yerosti va yerusti tunnellari) zilzilabardoshligini monitoring qilish tizimini yaratish;
b) seysmik xavfsizlikni ta’minlash sohasini raqamlashtirish va unga sun’iy intellekt texnologiyalarini tatbiq etish;
v) qurilish maydonlari uchun zamin gruntlarini o‘rganish va ularning mustahkamligini oshirish choralarini ko‘rish;
g) seysmik xavfsizlik va zilzilabardoshlik sohasida malakali ilmiy tadqiqotlar o‘tkazish amaliyotini takomillashtirish bilan bog‘liq.
Farmonga muvofiq, 2026 yil 1 yanvardan boshlab tarixiy va madaniy meros ob’ektlarining zilzilabardoshligini monitoring qilish amaliyoti bosqichma-bosqich yo‘lga qo‘yiladi.
Dastlabki bosqichda monitoring mamlakatning turizm salohiyatini ko‘rsatib beruvchi madaniy meros ob’ektlari, shu jumladan, Samarqand shahridagi Registon majmuasi, Buxoro shahridagi Darvozaxona (Ark majmuasi), Xiva shahrining Ichan-qal’a majmuasida amalga oshiriladi.
Tarixiy va madaniy meros ob’ektlarining zilzilabardoshligini monitoring qilish Madaniy meros agentligining yagona boshqaruv platformasi orqali Favqulodda vaziyatlar vazirligi Seysmoprognostik monitoring respublika markazi tomonidan amalga oshiriladi.
2026 yil 1 martdan boshlab avtomobil va temiryo‘l ko‘priklari hamda yerosti va yerusti tunnellarining zilzilabardoshligini onlayn monitoring qilish amaliyoti bosqichma-bosqich yo‘lga qo‘yiladi.
Onlayn monitoring "TransportSeysmika" platformasi orqali Favqulodda vaziyatlar vazirligi Seysmoprognostik monitoring respublika markazi tomonidan yuritiladi.
Monitoring ma’lumotlari transport inshootlaridagi zaiflashgan nuqtalarda ob’ektga mas’ul tashkilot tomonidan instrumental-texnik tekshiruvni o‘tkazish uchun asos bo‘ladi.
"TransportSeysmika" platformasi orqali bosqichma-bosqich onlayn seysmik monitoring yuritiladigan transport inshootlarining ro‘yxati seysmik faol hududlar kesimida shakllantiriladi.
2026 yil 1 yanvardan boshlab respublikadagi A-373" va "M-39" avtomobil yo‘llarida hamda ularga tutash tog‘li hududlardan o‘tgan temiryo‘llarda ko‘chki sodir bo‘lishi ehtimoli yuqori hududlarning doimiy radiolokatsion kosmik monitoringi tashkillashtiriladi.
Radiolokatsion kosmik monitoring Kosmik tadqiqotlar va texnologiyalar agentligi tomonidan har yili 1 mayga qadar o‘tkaziladi va natijalari bo‘yicha ma’lumotlar Tog‘-kon sanoati va geologiya, favqulodda vaziyatlar, transport va gidrometeorologiya xizmati organlariga, mahalliy hokimliklarga taqdim etib boriladi va ular tomonidan aniqlangan xavfni bartaraf etish choralari ko‘riladi.
2025 yil 1 dekabrdan boshlab:
sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan zilzilalarning mintaqaviy akselerogrammalar bazasi;
respublika hududlarini ilmiy tahlil asosida seysmik xavf darajasi bo‘yicha tasniflashni nazarda tutuvchi umumiy seysmik va batafsil rayonlashtirish xaritalari;
tuman va shaharlar markazlarining makroseysmik ballardagi va cho‘qqi tezlanishdagi mikrohududlashtirish xaritalari;
respublikadagi mavjud faol tektonik yoriqlar xaritasini o‘zida aks etgan Onlayn seysmologik platforma ishga tushiriladi.
Platforma "Shaffof qurilish" milliy axborot tizimiga integratsiya qilinib, undagi seysmologii ko‘rsatkichlar bo‘yicha seysmik faol zonalarda yangi qurilishi rejalashtirilayotgan bino va inshootlar loyihalashtiriladi hamda mazkur ko‘rsatkichlar shaharsozlik ekspertizasidan o‘tkazish uchun asos hisoblanadi.
2026 yil 1yanvardan boshlab sun’iy intellekt yordamida seysmik xavf yuqori bo‘lgan hududlarda kuchli zilzilalarni o‘rta va uzoq muddatlarda prognoz qilish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi.
Dastlabki bosqichda sun’iy intellekt yordamida kuchli zilzilalarni o‘rta va uzoq muddatda prognoz qilish Toshkent shahri misolida tashkil etiladi.
O‘zA