Poytaxtimizda Favqulodda vaziyatlar vazirligi akademiyasi tashabbusi bilan “Aholi va hududlarning seysmik xavfsizligini ta’minlashning dolzarb muammolari”mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy anjuman bo‘lib o‘tdi.
Tadbir aholi va hududlarni seysmik xavf-xatarlardan himoya qilishning ilmiy va amaliy yechimlarini topish, zamonaviy zilzilabardosh qurilish texnologiyalarini amaliyotga joriy etish, aholining seysmik madaniyatini oshirish, qutqaruv xizmatlari va aholi harakatlarini muvofiqlashtirish, axborot texnologiyalaridan samarali foydalanish hamda xalqaro hamkorlikni mustahkamlash maqsadida tashkil etildi.

Qayd etilganidek, soʻnggi yillarda mamlakatimizda seysmologiya sohasini rivojlantirish, inshootlarning seysmik mustahkamligi va seysmik xavfsizligini taʼminlash, soha tashkilotlari faoliyati samaradorligini tubdan oshirish boʻyicha keng koʻlamli kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Tadbirda seysmik xavfsizlik sohasida ilmiy tadqiqotlar, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish hamda qutqaruv xizmatlari bilan aholi harakatlarini muvofiqlashtirish borasida fikr-mulohazalar bildirildi.

Bu borada, akademiyada mazkur fan sohalarini chuqur oʻqitish maqsadida yangi ilmiy ishlanmalar, oʻquv adabiyotlari va darsliklar chop etilayotgani, professor – oʻqituvchilar tomonidan ilmiy tadqiqotlar olib borilayotgani, ixtisoslik dasturlari yanada takomillashtirilayotgani xususida maʼlum qilindi.

Anjumanda nufuzli universitetlar olimlari, ilmiy institutlar tadqiqotchilari va yosh olimlar oʻz maʼruzalari bilan ishtirok etib, zamonaviy yondashuvlar, ilmiy natijalar va amaliy tavsiyalarni taqdim etdilar.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA