Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
«Sevinch»da pasayish, «Bunyodkor» muqim, «So‘g‘diyona»da esa yuksalish
18:29 / 2021-05-21

Ayollar futboli bo‘yicha oliy liganing bu yilgi faoliyati har yilgi mavsumdanda boshqacha tarzda taassurot qoldirayotganligi bor gap. Chempionlikka kim asosiy da’vogar degan savolga esa hozirdan javob topish qiyin. Sababi...

Bir chaqaloq tug‘ilib, balog‘at yoshiga yetguncha davr oralig‘ida ayollar futboli deganda barcha futbol muxlislarining ko‘z o‘ngida faqat «Sevinch» jamoasi gavdalanganligi haqiqat. Qarshining «Sho‘rtangazkimyo» majmuasi otalig‘ida tashkil topgan, faoliyat yuritgan va hamon shu tashkilot sharafini himoya qilayotgan «Sevinch» salkam yigirma yil oralig‘ida erishmagan yutug‘i, qo‘lga kiritmagan sovrinlari deyarli qolmadi. 

O‘zbekiston chempionatining 13 karra chempioni, 11 marotaba Kubok sohibi, Superkubokning ikki karra g‘olibi, futzal va plyaj futbolining doimiy chempioni «Sevinch» bu mavsumni ko‘ngildagidek boshlay olmadi. Avvaliga Superkubokda «Bunyodkor»ga yirik hisobda mag‘lubiyatga uchradi, chempionatning ilk uchrashuvida, o‘z uyida «Navbahor» bilan ochko bo‘lishdi, o‘z maydonida navbatdagi o‘yinda «So‘g‘diyona»ga imkoniyatni boy berdi. Keyin autsayderlardan hisoblangan «Qizilqum»ni bitta to‘p farqi bilan arang yutdi.

Bir qarashda «hidi kelayotgan» muvaffaqiyatsizlikning sababi nimada ekanligini anglash qiyin. Sababi, bosh homiy hali jamoani o‘z holiga tashlab qo‘yganicha yo‘q, o‘tgan yilgi tarkibning o‘zagi ham saqlab qolingan. Fazilat Bahromovaning «Lokomotiv»ga va Maftuna Panjiyevaning AGMKga o‘tganligini inobatga olmasa, yetakchi futbolchilar hamon maydonda. Aksincha, o‘tgan yilning kashfiyotchisi-legioneri, ozarbayjonlik Ana Alekperova «Sevinch» tarkibini kuchaytirgan. 

Balki jamoaning «otasi» Vladislav Xanning nafaqaga chiqishi munosabati bilan jamoani tark etganligi qizlarga ruhiy ta’sir ko‘rsatyaptimikan? Axir mashhur «Andijanka» jamoasi ham ustozi Miron Kimdan ayrilganidan keyingi ishlari hech yurishmadiku, oxir-oqibat jamoa oliy liga autsayderi sifatida 1-ligaga ravona bo‘ldiku. 

Bunday desak ayni paytda jamoaga ustozlik qilayotgan Bahrom Norsafarov shu sohaning yetuk mutaxassisi, bir paytning o‘zida mamlakat terma jamoasining bosh murabbiyi sanaladi. Shunday ekan, jamoaning quyi sari «intilishiga» sabab ko‘rinmayapti. Demak, jamoa bu yil ham chempionlikka da’vogarlar safidan o‘chirilmagan.

«Bunyodkor» faoliyatini bir maromda, muqim davom ettiryapti. 2017 yilda bronza medallarni qo‘lga kiritgan jamoa kelasi yilda kumushni ham xatlab o‘tib oltinni naqd qilgandi. 2019 yilda esa garchi asosiy raqibi «Sevinch»ni har ikkala o‘zaro o‘yinda mag‘lub etgan bo‘lsada, boshqa jamoalar bilan qo‘lga kiritilgan natijalar evaziga bosh sovrinni yana «Sevinch»ga «hadya» qilgandi. 2020 yil yana «qaldirg‘ochlar»ga ataldi – ikkinchi marotaba oltin medal. Jamoaning o‘tgan yilgi tarkibiga nisbatan ancha-muncha o‘zgarishlar yuz berdi. 

O‘tgan mavsum oxirlarida, hali chempionat tugamasidan jamoaning ikki yulduzi – Maxliyo Sariqova va Zumrat Nazarova jamoani tark etishdi. Zumrat yangi mavsumni «Paxtakor»da boshladi, Maxliyo esa hamon «dam olishda». Bu yil boshida jamoadan ketganlar nomi sezildi – Feruza Turdiboyeva AGMK tarkibiga borib qo‘shildi, Dilnoza Bektemirova vaqtincha futbol bilan xayrlashdi (yaqinda turmushga chiqdi), Soliha Husniddinova esa uzoq muddatli davolanish bilan band. 

Lekin ketganlar o‘rni yana tajribali futbolchilar bilan to‘ldirildi. «Metallurg»ning asosiy tarkib o‘yinchilari – Dildora Nozimova, Nozima Kamoltoyeva va Ilvina Ablyakimovalar bugun «Bunyodkor» asosiy tarkibida maydonga tushishyapti.

Jamoa o‘tgan mavsumda garchi iqtisodiy qiyinchiliklarni boshidan kechirgan bo‘lsada, futbolchilar maydonda ruhiyatlarini tushirishmadi, yagona maqsad sari intilishdi va niyatlariga erishishdi. Yil yakuniga borib, klub rahbariyatida o‘zgarish yuz berdi va ko‘p o‘tmay moliyaviy muammolar ham bartaraf etildi. Ayni paytda jamoada deyarli salbiy savollarga o‘rin qolmagan. Demak, «Bunyodkor» chempionlik unvonini saqlab qolishga intiladi.

Jizzaxning «So‘g‘diyona» jamoasi ham uchinchi yildirki sovrinli o‘rinlar uchun kurashyapti. 2019 va 2020 yillarda jamoa bronza medallari bilan taqdirlandi. O‘z paytida «Metallurg» jamoasini bitta bronza, uchta kumush va oxirida oltin medalga undagan bosh murabbiy Sherali Boboqulov «So‘g‘diyona»da ham shu muvaffaqiyatlarni takrorlashga zo‘r beryapti. 

Ayniqsa o‘tgan mavsum jamoa tarixida yangi davr boshlandi. O‘tgan mavsum startida Jizzax viloyat hokimining tavsiyasiga binoan Jizzax hududida faoliyat yuritayotgan SILVERLEAFE xorijiy kompaniyasi ayollar jamoasiga homiy qilib biriktirili. Mazkur kompaniya rahbari Dan Petrson nafaqat jamoani iqtisodiy ta’minlab turdi, balki ma’naviy jihatdan ham ko‘makdoshi bo‘la oldi. 

Qizlarning hech bo‘lmaganda uy uchrashuvlarining birortasini ham o‘tkazib yubormadi. Uning maqsadi jamoadan faqat natija talab etish emas, balki ayollik fazilatlari va latofatini yo‘qotmagan holda jismonan sog‘lom bo‘lishligini ta’minlash ekanligini har safar bot-bot takrorlashdan iborat bo‘ldi. Shu yili jamoa chempionatda uchinchi o‘rinni egalladi. Futbolchi va murabbiylarni taqdirlash marosimi tantanali tashkil etildi. 

Tadbirda nafaqat to‘kin dasturxon yozildi, kuy-qo‘shiqlar, o‘yin kulgilar bo‘ldi, balki jamoaning yangi mavsumda tarkibiga qo‘shib olingan futbolchilari tanishtirildi va yangi sport formasining taqdimoti ham o‘tkazildi. Sherali Boboqulov shogirdlari safini «Andijanka» jamoasidan darvozabon Kumushoy G‘ulomova, Kot-d'Ивуа́рdan Rosacharne Periale, Ganadan mamlakatning o‘smirlar, yoshlar va milliy terma jamoasida to‘p surgan Fuseina Mumuni hamda Armanistondan Tamara Epitashvili kabi futbolchilar bilan to‘ldirganligini e’lon qildi. 

Bu uchlik ortda qolgan yettita turda o‘zlarining nimalarga qodir ekanliklarini isbotlashga ulgurishdi. Jamoa hali bironta ham ochko yo‘qotmadi, raqiblar darvozasini eng ko‘p ishg‘ol etgan, hatto turlarda eng yirik hisobni qayd etgan jamoa ham aynan «So‘g‘diyona» bo‘lib turibdi. «So‘g‘diyona»ning bu yilgi asosiy maqsadi chempionlik ekanligini yashirmayapti. 

Sababi, mutasaddilarning e’tibori ortsa ortdiki aslo kamaygani yo‘q, tarkib xorijlik futbolchilar evaziga kuchaytirildi, homiysi - SILVERLEAFE kompaniya qatoridan yana bir homiy – JOHN DEREE xorijiy kompaniyasi ham qo‘shildi. Demak, «So‘g‘diyona» ham chempionlikka (asosiy) da’vogar.

Da’vogarlar qatorida yana bir jamoa – AGMKni ham qo‘shmaslik insofdan emas. To‘g‘ri, olmaliqliklar shu paytgacha ayollar futbolida bironta ham sovringa sazovor bo‘la olmagan. Lekin Ilhom Xanjariyev ko‘p yillik ish rejasini – dasturini hayotga tatbiq qilyapti. Kechagina yosh, yutqazsa ko‘z yoshi qilib yurgan qizaloqlar uch-to‘rt yillik toblanishdan so‘ng bu yil raqobatga dosh bera oladigan darajada shakllanishdi. Balki bu yil ham AGMK kuchli uchlikka kira olmas, lekin kelasi yil hech kimning olmaliqlik futbolchi qizlar bilan «hazillashishlariga» haqlari qolmasligiga shubha qilmaymiz...

Kecha bo‘lib o‘tgan o‘yinlar natijalari:

Oliy liga. 7-tur

20 may, chorshanba

BUXORO-W – PAXTAKOR-W – 2:2 (0:2)

Gollar: Zebiniso G‘aniyeva (73), Nigina Haydarova (90+3) - Zumrad Nazarova (4), Umida Xotamova (38)

SEVINCH – METALLURG-W – 6:0 (3:0)

Gollar: Maftuna Shoyimova (9-pen.), Ana Alekperova (27, 52, 67), Laylo Shodiyeva (43), Nilufar Qudratova (86)

NAVBAHOR-W – BUNYODKOR-W – 0:7 (0:4)

Gollar: Luiza Sadirova (9-pen.), Dildora Nozimova (18, 33, 60), Umida Zoirova (39, 70), Nozima Ergasheva (48)

LOKOMOTIV-W – AGMK-W – 1:4 (1:1)

Gollar: Zebiniso Xalimova (41) – Mardona Almatova (14, 73), Feruza Turdiboyeva (70, 90+5)

SO‘G‘DIYONA-W – QIZILQUM-W – 11:1 (4:0)

Gollar: Alberta Ahialiy (18, 57), Diyora Xabibullayeva (27, 71, 85), Zarina Mamatkarimova (34), Rosacharne Periale (39), Fuseina Mumuni (48-pen., 51, 75, 77) – Albina Boboqulova (62).

Shu tariqa 7-turdan keyin «So‘g‘diyona» jamoasi 21 ochko bilan peshqadamlik qilyapti. «Bunyodkor» 19 ochko bilan ikkinchi, «Sevinch» 13 ochko bilan uchinchi o‘rinda boryapti. AGMK jamoasida ham 13 ochko mavjud. «Metallurg» 9 ochko bilan 5-o‘rin, «Navbahor» 7 ochko bilan 6-o‘rin, «Buxoro» 6 ochko bilan 7-o‘rinda boryapti. «Lokomotiv» va «Paxtakor» 4 ochkodan jamg‘arishgan. Autsayder hozircha «Qizilqum»ga bo‘lib turibdi- 3 ochko bilan.

Chempionat to‘purarlar bahsida 12 ta gol bilan «So‘g‘diyona» hujumchisi Diyora Xabibullayeva yetakchilik qilyapti. «Bunyodkor» a’zosi Ludmila Karachikda 11ta gol, «So‘g‘diyona»dan Fuseina Mumuni va «Bunyodkor»dan Dildora Nozimovalarda 9 tadan gollar bor.

Chempionatning navbatdagi 8-turi 25 mayga belgilangan.

Oybek YUNUSOV, O‘zA