Janubiy Koreya va AQSH mudofaa hamkorligining juda muhim, ammo har doim ko‘zga tashlanavermaydigan yo‘nalishi – logistika masalasini kun tartibiga chiqardi. Seulda o‘tgan uchrashuvda tomonlar qo‘shma ta’minot va harbiy qo‘llab-quvvatlash tizimini kuchaytirish yo‘lida qo‘yiladigan aniq qadamlarni belgilab oldi. Bu haqda “Yonhap” axborot agentligi ma’lum qildi.
Janubiy Koreya Birlashgan shtablar qo‘mitasi (JCS) vakili Ku Sang-mo va AQSH Mudofaa logistika agentligi (DLA) direktori Mark Simerli o‘rtasidagi muzokara ikki tuzilmaning ilk rasmiy muloqotidir. Tomonlar o‘zgaruvchan xavfsizlik muhitida barqaror ta’minot tizimi harbiy tayyorgarlikning hal qiluvchi omiliga aylanayotganini tasdiqladi.
Ku Sang-mo DLA bilan yaqin hamkorlikni zarurat sifatida baholab, favqulodda vaziyatda tezkor va uzluksiz harbiy ko‘mak ta’minlanishi uchun o‘zaro muvofiqlikni kuchaytirish lozimligini bildirdi. Simerli esa Hind-Tinch okeani qo‘mondonligi orqali ta’minot zanjirini ustuvor yo‘nalish sifatida ko‘rayotgani, bu borada Seul muhim ittifoqchi hisoblanishini aytdi.
Tomonlar doimiy muloqot o‘rnatish va qo‘shma logistika salohiyatidan unumli foydalanishga kelishib oldi.
Darvoqe, AQSH Mudofaa logistika agentligi rahbarining Janubiy Koreyaga ilk safari harbiy kuch va qo‘shma ta’minot tizimining amaldagi holatini chuqurroq o‘rganishga qaratilgan.
Musulmon Ziyo, O‘zA