Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Sessiyada Jizzax shahrining buguni va ertasi yuzasidan murojaat qilindi
10:18 / 2020-12-13

Xalq deputatlari Jizzax shahar kengashining navbatdagi sessiyasida shahar hokimi A. Shukurov yakunlanayotgan yilda amalga oshirilgan asosiy ishlar va 2021 yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning muhim yo‘nalishlari yuzasidan shahar ahliga murojaat qildi.

Keyingi yillarda mamlakatimizni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga qaratilgan islohotlar samarasi aholi turmush darajasini oshirishga xizmat qilayotir. Shunga muvofiq respublikamiz markaziy qismida Buyuk Ipak yo‘li bo‘yida joylashgan Jizzax shahrida ham katta o‘zgarishlar amalga oshirilayotir.

Hokim murojaatida ijtimoiy iqtisodiy rivojlanish birinchi navbatda aholi daromadlarining o‘sishida o‘z aksini topayotgani qayd etib o‘tildi. Bu maqsadga erishish uchun shaharning iqtisodiy salohiyatini yuzaga chiqarishda asosiy “Drayver”tarmoqlaridan biri sifatida yengil sanoatni rivojlantirishga ustuvor ahamiyat berilayotir.

bugungi kunda 144 ta yengil sanoat korxonalari mavjud bo‘lib, ular tomonidan 92 xil mahsulot ishlab chiqarilmoqda. Ishlab chiqarilgan mahsulot hajmi 2020 yil yakunida 322,2 milliard so‘mni tashkil etishi kutilmoqda.

[gallery-389]

Yengil sanoat korxonalari tomonidan joriy yilda 15,5 ming tonna ip-kalava, 16,1 ming tonna tayyor trikotaj mato, 114,5 ming tonna tayyor trikotaj mahsulotlari hamda 4 million 71,3 ming dona tayyor kiyimlar ishlab chiqarilayotir.

Ikkinchi yetakchi tarmoq – bu qurilish industriyasi va metallurgiya sohasi hisoblanadi. Tarmoqda faoliyat ko‘rsatayotgan qurilish materiallari ishlab chiqaruvchi 227 ta korxona tomonidan joriy yilda 339,3 milliard so‘mlik qurilish materiallari ishlab chiqarildi.

Taraqqiyotni ta’minlashda harakatlantiruvchi xususiyatga ega yetakchi tarmoqlarni qo‘llab-quvvatlash shaharni ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan kompleks rivojlantirish imkoniyatini yaratmoqda. Xususan, sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi 2,4 trillion so‘mga, aholi jon boshiga 13 million 760 ming so‘mga yetkazilishi ta’minlandi. Bu o‘tgan yilga nisbatan 103,5 foizni tashkil etayotir.

Xalq iste’moli mollari ishlab chiqarish hajmi 1,3 trillion so‘mga, aholi jon boshiga esa 7 million 390 ming so‘mga yetkazilishi ta’minlandi.

Aholini ish bilan ta’minlashning asosiy tarmoqlaridan biri bo‘lgan xizmat ko‘rsatish hamji 2,6 trillion so‘mga, aholi jon boshiga 14 million 656 ming so‘mga yetkazildi.

Natijada shahar aholisini real daromadlari joriy yilning 9 oyida jon boshiga 7,5 million so‘mni tashkil etib, o‘tgan yilga nisbatan 113,2 foizni tashkil etdi.

Butun dunyo iqtisodiyotini inqiroz yoqasiga olib kelgan koronavirus pandemiyasi Jizzax shahar iqtisodiyotiga ham o‘z ta’sirini o‘tkazmasdan qolmadi. Karantin davrida shahardagi 2 ming 527 ta tadbirkorlik sub’ekti o‘z faoliyatini to‘xtatishga majbur bo‘ldi. Bu esa, mahalliy byudjet uchun qariyb 35 milliard so‘mlik soliq tushumi yo‘qotilishiga olib keldi.

Davlatimiz rahbari tomonidan koronavirus pandemiyasi davrida iqtisodiyot tarmoqlari va tadbirkorlik sub’ektlarini qo‘llab-quvvatlash va faoliyatini tiklashga doir farmon va qarorlari belgilangan tadbirlarning qo‘llanishi hamshaharlarimiz, ayniqsa, tadbirkorlarimiz uchun katta ko‘mak bo‘ldi.

Shahar byudjetining daromadlari oshirib bajarilgan qismidan joriy yil dekabr oyida “temir daftar”ga ro‘yxatga qo‘yilgan fuqarolarga 769 million so‘m, “ayollar daftari” va “yoshlar daftari”ga kiritilgan fuqarolarga esa 578 million so‘m – jami 1 milliard 925 million so‘m moddiy ko‘mak berildi.

Dastlab ro‘yxatga olingan 1 ming 855 ta kambag‘allik darajasidagi oilalardagi mehnatga layoqatli ishsiz fuqarolar bandligi ta’minlanishi, amalga oshirilgan ko‘mak tadbirlari natijasida oilaviy daromadlari tiklangan 1 ming 199 ta oila “temir daftar”dan chiqarildi.

Endilikda ehtiyojmand 656 ta oiladagi mehnatga layoqatli ishsiz 112 nafar fuqaroni ishga joylashtirishimiz zarur.

Lekin bu daftarda muayyan muddatga qoladigan fuqarolarimiz ham bo‘ladi, yordamga muhtoj oilalar va bu oilalarda yashovchi fuqarolar bizning doimiy oila a’zomizdek bo‘lib qoladi. Shuning uchun fuqarolarimizni “temir daftar”dan chiqarish, ularning farovon turmushni ta’minlash uchun doimiy tarzda yordam berib boramiz.

“Yoshlar daftari”ga kiritilgan 5 ming 102 nafar yoshlarning 1 ming 563 nafari kasb-hunarga o‘qish istagini bildirishgan. 3 ming 191 nafar yoshlar ishlash istagini bildirgan bo‘lsa, 758 nafari biznes tashabbusini bildirgan.

Murojaatda xalq ta’limi, maktabgacha ta’lim, tibbiyot sohalari, tarixiy obidalar va madaniy meros ob’ektlarida yuz berayotgan o‘zgarishlar, kelgusidagi rejalar xususida ham atroflicha ma’lumot berildi.

Hokim murojaatida kelgusi yilda amalga oshiriladigan ishlar to‘g‘risida ham batafsil ma’lumot berib o‘tildi. Jumladan, ish bilan band bo‘lmagan fuqarolarning ishchanlik faolligini oshirish, zamonaviy kasb-hunar va tadbirkorlik ko‘nikmalariga o‘qitish, orqali bandligini ta’minlash maqsadida “Jizzax Iqtisodiyot va xizmat ko‘rsatish” kasb-hunar kollejida “Ishga marhamat” monomarkazini 2021 yil 1 yanvarga ishga ishga tushirilishini ma’lum qildi. Monomarkazda 5 ta xizmat turi bo‘yicha 20 ta kasb-hunarga o‘qitish kurslari va 4 ta til o‘rgatish kurslari faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.

Sessiya yakunida jurnalistlar va blogerlar uchun matbuot anjumani o‘tkazildi.

Tadbir doirasida shahardagi “Bonu shirinliklari”, “Jada color” mas’uliyati cheklangan jamiyatlari korxonalariga press-tur tashkil etilib, ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar va kelgusi yil amalga oshiriladigan yangi loyihalar bilan tanishtirildi.

T. BEKNAZAROV, J. YORBEKOV (surat), O‘zA