Sirdaryo viloyatining Shirin shahridagi Shirin energetika texnikumida “Al Jabr” loyihasi doirasida tahsil olgan 46 nafar o‘quvchiga bitiruv sertifikatlari topshirildi. Ular “Qayta tiklanuvchi energiya manbalariga xizmat ko‘rsatish” kasbi bo‘yicha tayyorgarlikdan o‘tgani to‘g‘risidagi, xalqaro standartlarga muvofiq sertifikatga ega bo‘ldilar. Ushbu loyiha mamlakatimizda yashil energetika sohasi uchun raqobatbardosh, amaliy bilim va ko‘nikmalarga ega mutaxassislar tayyorlashga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.
Tadbirning amaliy qismida bitiruvchilar elektr montaji, quyosh panellarini o‘rnatish va xavfsizlik qoidalari bo‘yicha tanlovda ishtirok etishib, o‘z kasbiy tayyorgarliklarini namoyish etdilar. Ish beruvchilar tomonidan ularning amaliy ko‘nikmalari yuqori baholandi.


Tadbirda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi Kasbiy ta’lim departamenti boshlig‘i Shohnazar Sharofiddinov, O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirligi Kadrlar salohiyatini rivojlantirish boshqarmasi boshlig‘i Ziyodulla Fayziyev, shuningdek, xalqaro hamkor tashkilotlar vakillari — Acwa Power, EWA va DataVolt kompaniyalari rahbarlari ishtirok etishdi.


Bundan tashqari, tadbirga Shirin shahar hokimligi, Sirdaryo IES filiali, Farhod GES UK, “Acwa Power Sirdaryo” MCHJ, “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ Sirdaryo filiali, Shirin shahar elektr ta’minoti va “Gaz ta’minoti” korxonalari hamda boshqa ish beruvchi tashkilotlar vakillari taklif etildi.
Tadbir jo‘shqin va ilhomlantiruvchi ruhda o‘tdi. Bitiruvchilarga xalqaro sertifikatlar va esdalik sovg‘alari topshirildi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri