Buxoro viloyati Olot tumanidagi “Parvoz Xumo Ravnaq Trans” MCHJ negizidagi “HAJ TEX group” korxonasi tomonidan 3 ming gektar maydonda yetishtirilgan “Buxoro-6” navli organik paxta GOTS xalqaro standarti bilan sertifikatlandi.
U to‘qimachilik mahsulotlari ekologik va ijtimoiy talablarga rioya qilgan holda, xom ashyo yig‘ishdan to tayyor mahsulotgacha organik tarzda ishlab chiqarilganini kafolatlaydi.

Mazkur sertifikat tufayli “HAJ TEX group” korxonasi organik ip-kalavani oddiy ip-kalavadan ikki baravar qimmat narxda dunyoning eng yirik bozorlaridan biri – Yaponiyaga eksport qildi va mashhur sochiq mahsulotlari ishlab chiqaruvchi “Imabari” brendining yetkazib berish zanjiriga qo‘shildi.

Ma’lumot uchun, Niderlandiyaning “Control Union” sertifikatlashtirish tashkiloti “O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasi bilan hamkorlikda bir necha yildan buyon respublikamiz paxta-to‘qimachilik klasterlarida organik paxta yetishtirish bo‘yicha sertifikatlashtirish ishlarini olib bormoqda. Uyushmadagi “Yagona darcha” ga sertifikatlashtirish va standartlashtirish masalalari bo‘yicha to‘qimachilik korxonalaridan kelib tushayotgan murojaatlar inobatga olinib, xalqaro tashkilotlar yordamida O‘zbekistonda tegishli standartlar va sertifikatlarni targ‘ib qilish va joriy etish bo‘yicha ko‘plab seminarlar, treninglar va uchrashuvlar o‘tkazilmoqda.
Zarif Komilov,
O‘zA muxbiri