Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Serqirra, serg‘ayrat ijodkor
19:17 / 2026-01-29

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida yozuvchi, dramaturg To‘lqin Muhiddin tavalludining 85 yilligiga bag‘ishlangan ijodiy uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Unda ijodkorlar, jurnalistlar, yoshlar, adibning yaqinlari ishtirok etdi.

Adabiy muloqot davomida e’tirof etilganidek, milliy adabiyotimiz, jurnalistikamiz rivoji  ustoz ijodkorlarning  zahmatli mehnatiga tayanadi. Taniqli jurnalist va adib, publitsist soha ravnaqiga munosib hissa qo‘shib kelayotgan ustoz qalamkashlardan sanaladi.  

To‘lqin Muhiddin nafaqat yozuvchilik va jurnalistikada, balki ilmda ham o‘z o‘rni va o‘z so‘ziga ega ijodkor. Ustoz jurnalist yigirmadan ziyod oliy ta’lim muassasalarida ishladi. Uzoq yillar O‘zbekiston Davlat san’at va madaniyat institutida dars berdi.  

Respublikada birinchi bo‘lib, “Jurnalistika asoslari” o‘quv qo‘llanmasini nashr qildi. Keyinchalik professor Muxtor Xudoyqulov bilan hamkorlikda “Jurnalistikaga kirish” darsligini, san’atshunoslik fanlari doktori, professor Muhabbat To‘laxo‘jayeva bilan hamkorlikda “Drama nazariyasi” o‘quv qo‘llanmasini yozdi. Mazkur kitoblar oliy o‘quv yurtlarining jurnalistika yo‘nalishlarida, O‘zbekiston Davlat san’at va madaniyat institutida darslik sifatida o‘quv dasturlariga kiritilgan.

To‘lqin Muhiddin “Gulxan” jurnali, "Toshkent oqshomi", “Ishonch” va “Ishonch-Doveriye”, “Ko‘zgu”, "Ko‘zgu XXІ", “Nuroniy”, "Abu Ali ibn Sino", “Qaldirg‘och” gazetalari, "Bank muhofazasi", "Bankovskiy vestnik" kabi qator gazeta va jurnallarda ham mehnat faoliyatini olib borgan.  

To‘lqin Muhiddin O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi, O‘zbekiston jurnalistlar uyushmasi, O‘zbekiston adabiyot jamg‘armasi hamda O‘zbekiston teatr ijodkorlari uyushmasi a’zosidir.

Yozuvchi bugungacha 50 ga yaqin dramatik asar, bir necha o‘nlab hikoya, qatralar hamda mingdan ortiq ibratlar yozgan. Ularning aksariyati  gazeta va jurnallarda nashr etildi. Radio va televideniyeda inssenirovka qilindi. Teatrlarda sahnalashtirildi hamda kitob holida chop etildi.  

To‘lqin Muhiddin mohir tarjimon sifatida Osiyo va Afrika qit’asidagi yigirmaga yaqin yozuvchining ertak va hikoyalarini, rus, yapon, koreys va boshqa millatlar  yozuvchilarining asarlarini o‘zbek tiliga tarjima qilgan. Xususan, “Saodatning jasorati”, “O‘chmas bitiklar”, “Qalbi qalbiga monand do‘stlar davrasi”, “Turmush madaniyati”, “Qalbim ko‘zi bilan ko‘raman sizni”, “O‘g‘il bola gap”, “Teatr san’ati zargari”, “Mehribonlarim” kabi badiiy kitoblari nashr qilingan. Shuningdek, Osiyo va Afrika yozuvchilarining ertak va hikoyalari o‘rin olgan “Dastlabki uchqun”, S.Saxarnovning “Qissalar”, Yuriy Dmitriyevning “Tabiat mo‘’jizalari”, Miyoko Matsutanining “Taroning tog‘lar o‘lkasidagi sarguzashtlari” kabi qator tarjima kitoblari chop etilgan. Muallifning ikki jildli "Saodatning jasorati" dramalar majmuasida 30 ta pesa joy olgan.

Tadbirda yozuvchining ijodiy faoliyati, insoniy fazilatlari haqida iliq fikrlar bildirildi.

N.Usmonova, O‘zA