Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Serqirra iste’dod sohibi
08:00 / 2025-11-15

Bugun taniqli adabiyotshunos, tarjimashunos, tarjimon va muharrir, “Mehnat shuhrati” ordeni sohibi Ergash Ochilov tug‘ilgan kuni.

Kecha O‘zbekiston Fanlar akademiyai O‘zbek tili, adabiyoti va folklori institutida taniqli adabiyotshunos, tarjimashunos, tarjimon va muharrir,  “Mehnat shuhrati” ordeni sohibi, filologiya fanlari nomzodi, professor Ergash Ochilov tavalludining 60 yilligi munosabati bilan “Filologiyaning dolzarb masalalari” mavzusida respublika ilmiy-nazariy konferensiyasi o‘tkazildi. 

Shogirdmisan – shogird! Darvoqe, ustozlar haqida shogirdlar yozishiga ko‘nikkanmiz-u, teskarisini juda kam uchratamiz. Biroq...

Ustozim, atoqli sharqshunos, “Mehnat shuhrati” ordeni sohibi, filologiya fanlari doktori, professor Najmiddin Komilov 60 yoshga to‘lganlari munosabati bilan “Xalq so‘zi”da “Komillik siri” sarlavhali maqolam chiqdi. Domla o‘qib: “Kitobning bir bobi tayyor bo‘libdi-ku”, – dedilar. Bu kaminaga bir ishora edi. Yillar o‘tib, taniqli shoir, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist Abduvali Qutbiddin  farzandining to‘yida domla uch-to‘rt guvoh oldida kaminaga: “Men siz haqingizda bir kitob yozaman, lekin siz ham men haqimda bir kitob yozing”, – deb qoldilar.  “Ustozning shogird haqida kitob yozishi qanday bo‘ladi, bilmadim-u, lekin men Siz haqingizda, albatta, kitob yozaman”, – dedim. Biroq bir atoqli shaxs, alloma, davlat va jamoat arbobi to‘g‘risida kitob yozish oson ish emasligini his qilib yuribman. Ustozning bu gaplari kaminaga vasiyat ekanini keyin angladim. Boshqa tarafdan bu ustozlar shogirdlari haqida ham yozishi kerakligiga da’vat ham bo‘ldi.

Yaqinda bir ukaxonimiz professor ilmiy unvoni oldilar.  Ko‘p tanishlar kaminani tabrikladi ham, ba’zilar “ayb”imizni yuzimizga soldi ham: “Shogirdingiz sizdan oldin professor bo‘libdi, yuraverasizmi?” – dedi-da. Biz ham gap yeydiganlar toifasidan emasmiz-ku: “O‘g‘li o‘zidan oldin fan doktori bo‘lganiga “chidagan” odam bunisiga ham “chidaydi”, hech xavotir olmang”, – dedim.

Zullisonaynlik. Ko‘plarning Buxoroda mavjud ikkitillilik borasidagi tasavvurlari u qadar to‘g‘ri emas. Birinchidan, bu mamlakatimiz mintaqalari orasida tojiklar eng ko‘p yashaydigan hudud bo‘lsa ham, uyida tojikcha so‘zlashadiganlar soni umumaholining 25 foizidan oshmaydi. Ya’ni Buxoroda hamma ham tojikchani bilavermaydi. Bu ma’noda viloyatda, asosan,  uch xil qishloq – bor: o‘zbek qishloqlari, tojik qishloqlari va aralash qishloqlar. Aralash qishloqlarda falon-falon hovlilarda o‘zbekcha, falon-falonlarida esa tojikcha so‘zlashiladi. Ana shu aralash qishloqlarda o‘zbeklarning ko‘pi tojikchani ham biladi. Ammo bunday qishloqlar – juda oz. Masalan, kamina tug‘ilib o‘sgan hududdagi maktabda uyida tojikcha gaplashadigan biror nafar  o‘quvchi ham o‘qimagan.

Shogirdimiz 1965 yilning 15 noyabri kuni Buxoro viloyatining Shofirkon tumanidagi ana shunday ikki tilli qishloqda tug‘ilib o‘sgan.  Bu makonning “Yangiqishloq” deb nomlanishi ham bejiz emas. U yerga atrof tevarakdagi o‘zbek va tojik qishloqlaridan xalq keyinchalik ko‘chib kelib, o‘rnashgan. 

Bolalikdan ikki tilni baravar bilib o‘sgani keyinchalik uning ijodi o‘zak yo‘nalishini belgilab berdi. Chunki o‘zbek adabiyotining ming yillik tarixini aslo-aslo fors-tojik so‘z san’atidan ayri holda tasavvur qilib ham, demak, o‘rganib ham bo‘lmaydi.

Endi bir narsani ochiq aytish va tan olish – kerak. Uyda tojikcha gaplashilgani, hali bu tilni unda yaratilgan adabiy asarlarni tadqiq etish, ayniqsa, o‘zbek tiliga o‘girish darajasida bilish, degani emas. Buning uchun, eh-he, yana qanchadan-qancha mehnatu mashaqqat – kerak.

Fors-tojikda, jahon so‘z san’ati miqyosida olib qaralganda ham, juda-juda boy adabiyot, ayniqsa, juda kuchli she’riyat yaratildi. Boshqa, xususan, turkiy xalqlar vakillari ham shu zabonda ijod qilib, uning ravnaqiga munosib hissa qo‘shdi, albatta. 

Sobit yo‘l. Uni talabalik yillari taniganman. Bunga ham, qarang, 51 yil bo‘libdi. Bu orada ToshDU(hozirgi O‘zMU)ning Jurnalistika fakulteti kechki bo‘limini imtiyozli diplom bilan bitirdi (1989). O‘qish davrida va undan keyin ham bir muddat (1984 – 1992) Toshkent shahridagi “Toshkitob” savdo idorasida ekspeditor bo‘lib ishladi. O‘sha yillari o‘z ma’nosida kitoblarga ko‘milib-burkanib yashadi. Ko‘p narsa o‘qib tashladi ham. Qo‘liga tushgan kitobni o‘qidi o‘zi ham.

Fors-tojik tilidagi ruboiylarning o‘zbekcha tarjimalari tahliliga bag‘ishlangan diplom ishi yozib, yoqladi. Keyin bu tadqiqotini davom ettirib,  1994 yili kaminaning ilmiy rahbarligi va ustozim Najmiddin Komilovning ilmiy maslahatchiliklarida “Ruboiy tarjimasida shakl va mazmun birligi” mavzusida nomzodlik dissertatsiyasini himoya qildi. 

1992 yildan O‘zbekiston Fanlar akademiyasi hozirgi O‘zbek tili, adabiyoti va folklori institutida xizmat qilib kelmoqda. Avval Tarjima nazariyasi va adabiy aloqalar bo‘limida ishladi. Orada bir muddat (1995 – 1998) O‘zbekiston  Fanlar akademiyasi Rayosatida iжтiмоiй­гuмаnitaр fanlar bo‘limining ilmiy kotibi lavozimida faoliyat ko‘rsatdi. 1998 – 2000 yillarda doktoranturada tahsil oldi. 2000 – 2020 yillarda O‘zbek mumtoz adabiyoti tarixi, 2020 – 2025 Adabiyot nazariyasi va adabiy aloqalar bo‘limi katta ilmiy xodimi bo‘lib ishladi. 2025 yildan XX asr “O‘zbek adabiyoti va hozirgi adabiy jarayon” bo‘limiga  mudirlik qilyapti.

Muharrirlik. Kamina 1980 – 1984 yillari “O‘zbek tili va adabiyoti” jurnali mas’ul kotibining yordamchisi bo‘lib ishlaganman. Jurnal materiallari Institutda tayyorlanar, lekin tahrir ishlarini “Fan” nashriyotining maxsus katta muharriri amalga oshirar edi. 2000 yildan buyon bu ukamiz – shu  jurnalning mas’ul kotibi. Yordamchisi – yo‘q. Tahrir ishlari ham – o‘zining zimmasida. Holbuki, tahrir – alohida ish. U, ochig‘i, hamma qalamkashning ham qo‘lidan kelavermaydi. Yana bir kishining bo‘yniga bir yilda 6 ta son chiqarish mas’uliyati yuklangan. Injiq-injiq mualliflar bilan ishlashning o‘zini ayting.

Muallimlik. Bir donishmand: “Yo olim, yo muallim, yo some’ bo‘l!” – degan ekan. Olim muayyan masalani tadqiq etib, ilmiy xulosalar chiqadi. Muallim mavjud bilimlarni yoshlarga dars orqali yetkazadi. “Some’” so‘zi “eshituvchi”, “tinglovchi”, yana ham aniqlashtirilsa, “talaba”, “shogird” ma’nosini ifodalaydi. 

Ukamiz – ham olim, ham muallim. 2004 yildan buyon o‘rindoshlik asosida Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti magistrantlari va talabalariga tarjimashunoslik yo‘nalishidagi fanlardan dars berib keladi. 

Tirishqoqlik. Tarjima nazariyasi va adabiy aloqalar bo‘limida ikki yil bir xonada o‘tirdik. Biz ‒ eski xodimlar bamaylixotirroq edik. Dissertatsiyani yoqlab olganmiz. Ishxonada bemalol bir-birimiz bilan undan-bundan suhbatlashamiz. Achchiq-achchiq choy yo kofe ichiladi. Bir qo‘l-ikki qo‘l shaxmat ham o‘ynaladi, desangiz. Bu kamiz boshqalar bilan salomlashardi, xolos. Kela solib, stolida muk tushib ishlardi. O‘qirdi, yozardi. Uning mehnatkashligi, vaqtini qadrlashi, chaqqonligiga havas qilardik. Bugun esa shu tirishqoqlikning shirin mevalaridan butun xalq bahramand bo‘lib turibdi. Eng muhimi, bundan xalq bahramand bo‘lyapti. 

Diapozon. U yozgan, tarjima qilgan va nashrga tayyorlagan kitoblarning  umumiy adadi –  147 ta. Ular qalamkash uyidagi kitob javonlarining birini liq to‘ldirib turibdi. 

Turkiy va forsiy xalqlar mumtoz adabiyoti, adabiy aloqa va badiiy tarjima masalalari bilan shug‘ullanadi.  Rus, fors, tojik, dariy, turkman, ozarboyjon, tatar, qoraqalpoq tillaridan she’riy va nasriy tarjimalar  qiladi. 

500 dan ortiq ilmiy va ilmiy­оммабоп maqolalari chop etilgan. Bundan tashqari, turli qomuslar uchun 1 mingga yaqin maqola yozgan. Jumladan, 12 jildlik “O‘zbekiston milliy ensiklopediyasi”(2000 – 2006)da 40 qa, 2 jildlik “Alisher Navoiy” qomusiy lug‘at”i(2016)da 200 ga yaqin, 4 jildlik “Alisher Navoiy ensiklopediyasi”(2024)da esa 750 dan ziyod maqolasi nashr  qilingan. Shuningdek, 50 dan ziyod maqola va tezisi Rossiya, Eron, Turkiya, Hindiston, Ozarboyjon, Turkmaniston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikistondagi nufuzli nashrlarda bosilgan. U ko‘plab xalqaro va respublikaviy ilmiy anjumanlar ishtirokchisi.

 “O‘zbek tili va adabiyoti”, “Naqshbandiya”, “Buxoro mavjlari” jurnallari tahririyati a’zosi. 

Hozirgi paytda “Forsiydan o‘zbekchaga she’riy tarjima muammolari” mavzusidagi doktorlik dissertatsiyasi ustida ish olib bormoqda.

U 20 ta monografiya chop ettirdi. Nomlarini sanasak, sahifa to‘lib ketadi. 500 dan ortiq ilmiy va ilmiy­оммабоп maqolalari chop etilgan. 

Noshirlik. “Noshir” so‘zini ko‘proq tor ma’noda, ya’ni “nashriyot xodimi” sifatida ishlatamiz. Xo‘sh, o‘tmishda yaratilgan mumtoz asarlarni zamonaviy alifboda nashrga tayyorlashga ixtisoslashgan mutaxassisni kim deb ataymiz? U ham – noshir, ya’ni nashrga tayyorlovchi. Bu mumtoz adabiyot tarixi mutaxassislarining hammasiga ham nasib etavermaydi. U 77 to‘plamni nashrga tayyorlagan. Ibn Sino, Umar Xayyom, Yusuf Xos Hojib, Yassaviy,  Boqirg‘oniy, Yugnakiy Sa’diy Sheroziy, Attor, Rumiy, Hofiz Sheroziy, Xusrav Dehlaviy, Atoiy, Navoiy, Bobur, Fuzuliy, Ubaydiy,  Mashrab, Bedil,  Maxtumquli, Amiriy, Ogahiy, Muqimiy, Mirzo G‘olib kitoblarini nashrga tayyorladi. Shuningdek, o‘zbek tilida uning sa’y-harakatlari bilan Sh. Rustaveli, V. Shekspir, J. G. Bayron, M. Yu. Lermontov, H. Hayne, A. S. Pushkin, T. Shevchenko, R. Hamzatov, Q. Quliyev, G. Lorka  to‘plamlari chop etildi. 

Shuningdek, u mumtoz qo‘shiqlar va xalq ashulalarini to‘plamidan iboart 8  va Sharq xalqlari rivoyatlarini to‘plamidan iborat 7 kitobni  nashrga tayyorladi. 

100 jildlik “Turkiy adabiyot durdonalari” turkumi uchun Fuzuliy va Maxtumquli jildlarini, Xoqoniy Shirvoniy, Jaloliddin Rumiy, Ahmad Yugnakiy, Jahonshoh Haqiqiy, Bayramxon, Abdurahim Bayramxon, Andalib asarlarini tarjima qilib va nashrga tayyorlab berdi.

Chop etilayotgan 200 jildlik “O‘zbek adabiyoti xazinasidan” turkumi uchun Adib Ahmad Yugnakiyning “Hibat ul-haqoyiq” dostonini hozirgi o‘zbek tiliga tabdil qilib berdi, Sakkokiy, G‘aribiy, Shohiy, Ubaydiy, Avaz, Uvaysiy, Dilshod, Anbar otin devonlarini nashrga tayyorladi, “Forsiyzabon o‘zbek shoirlari” jildini tarjima qildi.

Tarjimonlik sharafi. Asli, shoir edi. Uni ilm sari burdik. Shoirligi tarjimonlikka aylandi. Chunki qunt bilan fors-tojik tili va bu tildagi adabiyotni puxta o‘rgandi. Avval forsiydan turkiyga she’iy tarjimalar xususiyatlari, qonuniyatlari, tamoyillarini ilman o‘rgangan bo‘lsa, keyin o‘zi ham bevosita tarjimaga qo‘l urdi. Qo‘l urganda ham, katta matonat, mehnat-mashaqqatni bo‘yniga olgan holda bu ishga kirishdi. Keyin boshqa turkiy tillarda ijod qilgan mumtoz shoirlari asarlarini ham o‘girdi. 

Bugun g‘alvirni suvdan ko‘tarsak, uning tarjimalari bosilgan kitoblar soni 40 tadan oshadi: Mullanafas (2010), Abdurahmon Jomiy (2011), Umar Xayyom (2012), Maxtumquli (2012,  2013, 2014, 2015, 2017, 2018, 2022), Sa’diy Sheroziy (2013), Adib Ahmad Yugnakiy (2013), Jaloliddin Rumiy (2013, 2015), Abdulxoliq G‘ijduvoniy (2022), Bahouddin Naqshband (2022) kitoblari va “Afg‘oniston xalqlari og‘zaki she’riyatidan namunalar” (2014) ‒ shular jumlasidan.

U 200 dan ortiq forsiyzabon shoirning jami 10 mingga yaqin ruboiylarini tarjima qildi (2000, 2005, 2009, 2009, 2010). Uning tarjimasida 40 ta to‘plam nashr qilingan.  U to‘plab nashrga tayyorlagan to‘plamlarning umumiy soni  – 77 ta. 

U tarjima qilgan atoqli turkman shoiri va mutafakkiri Maxtumqulining “Asarlar” to‘plami 2014 yili O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti Islom Karimov tomonidan, “Elingga baxsh ayla” kitobi 2017 yili O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan  Turkmanistonning o‘sha davrdagi Prezidenti, hozirgi paytda Turkmaniston Xalq Maslahati Raisi Gurbanguli Berdimuhamedovga taqdim etilgan. U hamkorlikda nashrga tayyorlagan Abdurahmon Jomiyning “Muhabbat maxzani” kitobi esa Tojikistonga rasmiy safari chog‘ida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Tojikiston Prezidenti Emomali Rahmonovga taqdim etdi (2018). 

Faqir odam... Sho‘ro davrida bir ustozimiz: “Bu zamonda yo qattiq ishlashing, yo o‘zingni ishlaganday qilib ko‘rsatishing – kerak”, – der edilar. Chuqurroq mushohada qilib ko‘rilsa, bu qoida zamon va makon chegaralarini tan olmaydi. Hozir ham ikki-uch kitob chiqarib, davralarning to‘ridan tushmaydiganlar – qancha. Bu ukamiz televideniye orqali chiqishni unchalar yoqtirmaydi, bo‘lar-bo‘lmasga minbarga intilavermaydi. Ochig‘i, sanab o‘tilgan bu ishlarni uddalash uchun, eh-he, soatlab, demay, kunlab, haftalab, oylab... kitoblar, xususan, lug‘atlarga to‘la ish stolini qo‘ltiqlab o‘tirishga to‘g‘ri keladi.

Ustoz. 3 nafar filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD), 20 ga yaqin magistrlik dissertatsiyasiga ilmiy rahbarlik qilgan. Yana 2 tadqiqotchi filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD), 2 magistrant magistr ilmiy darajasini olish uchun uning rahbarligida ilmiy izlanishlar olib bormoqda.

Ilm odobi. Ba’zilar bilimga ega bo‘ladi-yu, ilm odobini o‘zlashtira olmaydi. Oqibatda ko‘p qoqiladi, obro‘ysizlanadi. Nazardan ham qoladi. 

Ukamiz ilm odobini Institutda ishlagan Izzat Sulton, Abduqodir Hayitmetov, Salohiddin Mamajonov, To‘ra Mirzayev, Erik Karimov, Mamatqul Jo‘rayev kabi yetuk ustozlardan, albattaki, antik davrning buyuk allomasi Suqrot aytganidek, ayrim ilm odobiga amal qilishni eplay olmay o‘tib ketganlardan ham o‘rgandi.

Rag‘bat. O‘zbek adabiyoti va adabiyotshunosligini rivojlantirish yo‘lidagi ko‘p yillik samarali mehnatlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni bilan “Mehnat shuhrati” ordeni (2021), turkman adabiyotini tadqiq etish va adabiy asarlarni tarjima qilish borasidagi faol faoliyati uchun Tukrmanistonning xalqaro “Maxtumquli – Firog‘iy” medali (2014) bilan taqdirlandi.

Hajvga moyillik yoxud quvvayi hofiza. Tilni “tuzadiganlar” ham, “buzadiganlar” ham – ahli qalam. Bu qavm tabiatan yangilikka juda-juda o‘ch keladi. Yangilikdan, bir muddat bo‘lsin, bexabar qolsa, o‘zini xuddi poygada yutqazib qo‘yganday sezib yuradi-da. 

Keyingi yillarda kimdir “quvvayi hofiza” birikmasini ishlatdi-ku. Tamom, hamma unga “oshiq” bo‘ldi-qoldi. Bilgan ham, bilmagan ham, o‘rinli bo‘lsin yo o‘rinsiz, nutqida shu so‘zni qo‘llayversa-da. Mayli, ishlatsin, ishlataversin. Ammo joyida istifoda etsin-da. Ko‘plar unga shunchaki “salohiyat”, “iste’dod”, “qobiliyat” so‘zlarining ma’nosini yuklayapti-da, axir. Bu – xato. Yo‘q, u “O‘zbek tilining izohli lug‘ati”da to‘g‘ri qayd etilganidek,“esda saqlash qobiliyati, xotira quvvati” ma’nosini anglatadi. 

Biz faoliyatini yoritayotgan olimning aynan ana shu xotirasi kuchli-da. Bir eshitgani yoki o‘qigani uncha-munchaga yodidan chiqmaydi. Ayniqsa, ustozlari, hamkasblari haqidagi hangomalarni yozib ham yuradi. Hatto, kamina bilan bog‘liq hangomalarni ham yozib, “Kitob dunyosi” gazetasida chiqargan. Professor Boqijon To‘xliyev hangomalarini kitob tarzida ham chop ettirgan. 

Eng yaxshi yosh. El orasida: “Sportchining yoshi, olimning qarisi – qadrli bo‘ladi”, – degan gap yuradi. Haq gap. Lekin 60 ni to‘ldirganlarni “yosh” ham deb bo‘lmaydi, “qari” ham. Chunki “yosh” desangiz, shuncha yillik katta  tajribasi – bor, “qari” desangiz, bu – uning endi fikr-qarash va hukm-xulosalari pishib yetilgan, hayot va fanning pastu balandini bilib qolgan, katta xazinaga ega bir payti.

Ukamiz yaxshilarga ergashib, shu mavqe’-maqomlarga yetdi. 

Uch o‘g‘li ham yaxshi ta’lim-tarbiya topdi, yetuk mutaxassislarga aylandi. Nufuzli xalqaro va mahalliy idoralarda mehnat qiladi. 4 nevarasi bor.

Bu yo‘lda unga omadlar, bardamlik-baquvvatlik, sog‘liq-salomatlik va oldingilardan ham kuchliroq ilhom tilaymiz.

Bu gaplardan ko‘nglingiz sezib turgan bo‘lsa kerakki, biz siz bilan kimsan – Ergash Zokirovich Ochilov haqida suhbatlashdik.

Ustozmi  yo shogird? Bir gal Namanganga bordim. Islom Sharqi mumtoz she’riyatiga qattiq qiziqadigan muxlislar davrasiga tushib qoldim. Gap aylanib, ko‘p fors-tojik mumtoz shoirlari she’rlarining  o‘zbekchaga tarjima qilinganiga borib taqaldi. So‘zsiz, Shoislom Shomuhammedov, Jamol Kamol, Ergash Ochil tilga olindi. Maqtangim kelib: “Ergash Ochil ‒ kaminaning birinchi shogirdi”, – dedim. Yashirmayman bir muxlis bu gapga aslo ishonmasa bo‘ladimi: “To‘xtang, to‘xtang, Ergash Ochil sizning shogirdingizmi yo siz Ergash Ochilning shogirdlarimisiz?” – dedi. Shunday buyuk shoirlarni o‘zbekchada sayratgan tarjimonni kaminadan ham yoshi ulug‘ bir zot deb bilar ekan-da u kishi. “Ha, u kishi chor hukumati davrida bobom ‒ Mullo Olimxon bilan Buxoro madrasalaridan birida o‘qiganlar”, – dedim hazillashib. 

Shogirdining bunday ta’rifi, obro‘y-e’tibori qaysi ustozga yoqmaydi, deysiz?

Shuncha gapdan kelib chiqadigan yaxlit xulosa – bitta: qani edi, qo‘liga qalam tutgan har bir ijodkor xalqqa Ergashjonchalik xizmat qilsa!..

Sultonmurod OLIM,

filologiya fanlari doktori,

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi.

O‘zA