Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida ulug‘ venger shoiri Shandor Petyofining o‘zbek tilidagi "Ozodlik" she’rlar to‘plami hamda taniqli o‘zbek shoiri, mohir tarjimon Rustam Musurmonning "Bir juft so‘z" kitobi taqdimoti o‘tkazildi.
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi, O‘zbekiston xalq shoiri Sirojiddin Sayyid keyingi yillarda mamlakatimizda xorijiy asarlarni ona tilimizga tarjima qilish, o‘zbek ijodkorlarining kitoblarini chet tillarida nashr etish borasidagi ishlar yangi bosqichga chiqqanini ta’kidladi.

Vengriya Respublikasining mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Dyula Kovach Shandor Petyofi o‘z yurtining asarlari eng ko‘p tarjima qilingan ijodkori bo‘lganini ta’kidladi. Garchi Sh.Petyofi 26 yil umr ko‘rgan bo‘lsa-da, uning asarlari hali hayotligi paytidayoq ko‘plab tillarga o‘girilgan. Asarlari dunyo xalqlarining 50 dan ortiq tillariga tarjima qilingan Shandor Petyofining she’rlari Rustam Musurmon tomonidan ona tilimizga o‘girilgani venger ijodkori asarlarining targ‘ibotida muhim ahamiyat kasb etadi.
Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi raisi Rustambek Qurbonov xalqlar o‘rtasidagi do‘stlikning yanada bardavom bo‘lishini ta’minlashda adabiy hamkorlik, fidoyi tarjimon ijodkorlar muhim o‘rin egallashini qayd etdi.

Ma’lumki, bu yil jahonda Shandor Petyofi tavalludining 200 yilligi keng nishonlandi. Venger xalqining ruhiyati, qalbi, orzu-umidlari uning asarlarida ko‘zgudek aks etgan. Ijodkor o‘zining ilk she’riy to‘plamini 21 yoshida e’lon qilgan. Shoir adabiyotdagi birinchi qadamlaridanoq venger she’riyatini yangi bosqichga ko‘tarishga qodir iste’dod sohibi ekanini namoyon etdi.
Petyofi Vatani ozodligi haqida yonib kuyladi, Avstriya imperiyasi istibdodiga qarshi olib borilgan 1848-1849 yillardagi jangovar kurash yo‘lboshchilaridan biri sifatida tanildi. U 26 yoshida milliy inqilobni bostirishga kelgan harbiylar bilan kechgan tengsiz jangda qahramonlarcha halok bo‘lgandi. Shoirning "Qishloq bolg‘asi", "Pahlavon Yanosh", "Shamollar", "Shalgo"," Havoriy" kabi to‘plamlari va nasriy asarlari mashhur.
O‘tgan 2022 yilda TURKSOY xalqaro tashkiloti Shandor Petyofi she’rlarining eng yaxshi tarjimasi uchun turkiy tilli davlatlar ziyolilari o‘rtasida tanlov e’lon qildi. Unda O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, Qoraqalpog‘iston xalq shoiri Rustam Musurmon g‘olib deb topildi.
"Ozodlik" kitobiga Shandor Petyofi asarlarining Rustam Musurmon tomonidan amalga oshirilgan yangi tarjimalari kiritilgan. Rustam Musurmon bu yil 60 yoshni qarshilamoqda. U yurtimizning faol ijod qilib kelayotgan shoirlaridan sanaladi. Shoirning "Ruhimning tovushi"," Xirgoyi", "Bozbarak", "Bir juft so‘z" kabi she’rlar va dostonlar to‘plamlari, "Muqanna" qissasi ana shunday o‘ziga xos badiiy talqini va xalqona falsafasi bilan kitobxonlar e’tiboriga sazovor bo‘lgan.
Shoir ijodiy faoliyati davomida badiiy tarjima bilan ham jiddiy shug‘ullanib kelmoqda. O‘tgan davr mobaynida Rustam Musurmon rus tilidan Marina Svetayeva, Osip Mandelshtam, Velimir Xlebnikov, Bella Axmadulina she’rlarini, Aleksandr Faynbergning "Chig‘ir", "Qoralamaga qasida" nomli she’rlar to‘plamlarini, qoraqalpoq tilidan Berdaqning "Yurt g‘amxo‘ri kerak menga", Sharap Usnatdinovning "Ibroyim Yusupov" roman-essesini, Kengesboy Karimovning "Og‘abiy" romani, Sarvinoz Musatdinovaning "Karvon yo‘llari", Allayar Darmenovning "Oy do‘st", Baxtiyor Genjamurodning "Uzukdaryo bitiklari", " Yurakning o‘tli osmoni", Sog‘inboy Ibrohimovning "Yo‘l o‘rtasi" she’rlar va dostonlar to‘plamlarini, O‘rozboy Abdurahmonov, Muratboy Nizanov, Allanazar Abdiyev, Beknazar Ernazarovning povest va hikoyalarini qoraqalpoq tilidan o‘zbek tiliga mahorat bilan tarjima qilgan.
"Turkiy adabiyot durdonalari" 100 jildlik kitoblar majmuasida qoraqalpoq adabiyotiga ajratilgan 5 jildlik kitoblarni nashrga tayyorladi. "Qoraqalpoq zamonaviy she’riyati antologiyasi" kitobini o‘zbek tiliga o‘girdi.
Tadbirda atoqli shoir Rustam Musurmon ijodi haqida batafsil so‘z yuritildi.
Nazokat Usmonova,
O‘zA