Nukus garnizonidagi Ma’naviyat va ma’rifat markazida Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondonligi rahbarligida Serjantlar forumi bo‘lib o‘tdi.
Unda okrug boshqaruv apparati, harbiy xizmatchilar, bosh serjant va bosh serjant yordamchilari hamda yo‘riqchi-serjantlar ishtirok etishdi.

Forumda Mudofaa vazirligi qo‘shinlarida joriy etilgan bosh serjant va bosh serjant yordamchilari faoliyati, kichik bo‘linmalardagi serjantlarning shaxsiy tarkib bilan ishlash, ularni boshqarish samaradorligi, harbiy jamoalarda harbiy intizom, axloqiy-ruhiy holatni yaxshilash va harbiy xizmatchilarning tayyorgarlik darajasini oshirish bo‘yicha faoliyatlarini yanada takomillashtirish, bosh serjant va bosh serjant yordamchilari hamda yo‘riqchi-serjantlarning xizmat faoliyatini tashkil etishda o‘zaro tajriba almashish kabi masalalar ko‘tarildi.

Shuningdek, harbiy okrug shtab serjantlari ma’ruza qilib, faoliyatlarining muhim jihatlari haqida so‘z yuritdilar. Harbiy okrug qo‘shinlarida bo‘linmalarning jangovar tayyorgarlik darajasini oshirish, kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatga kirayotgan yosh kadrlarning harbiy soha bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarni tez egallashlariga ko‘maklashish, kasbiy malakasini oshirish, jangovar-xizmat faoliyatida yo‘l-yo‘riq ko‘rsatish borasida tajriba almashishdi.

Forum doirasida qo‘shinlarda jangovar tayyorgarlikni rivojlantirish islohotlari, bosh serjant va bosh serjant yordamchilari hamda yo‘riqchi-serjantlarning bo‘linmalar tayyorgarligidagi o‘rni va roli, psixologik barqarorlikni ta’minlashda jangovar trening va psixologik mashqlarning o‘rni, o‘quv mashg‘ulotlariga tayyorgarlik ko‘rish va o‘tkazish asoslari to‘g‘risida ma’ruzalar tinglandi. Shuningdek, bo‘linmalarda sog‘lom ma’naviy-axloqiy muhitni ta’minlash, harbiy xizmatchilarning vatanparvarlik tarbiyasini oshirish kabi mavzular bo‘yicha fikr-mulohazalar bo‘ldi.

Tadbir yakunida ishtirokchilar uchun zamon talablari asosida jangovar tayyorgarlik mashg‘ulotlarini tashkil etish va o‘tkazish bo‘yicha ko‘rgazmali mashg‘ulotlar olib borildi.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri