So‘z – ekspertlarga
Kuni kecha Olmaota shahrida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qosim-Jomart Toqayev norasmiy uchrashuv o‘tkazgani to‘g‘risida xabar berilgandi.
Muloqot chog‘ida ikki mamlakat o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi yil boshidan buyon 14 foizga oshgani, umumiy qiymati 4 milliard dollardan ziyod investitsiya loyihalari portfeli shakllantirilgani alohida qayd etildi.
Prezidentlar sanoat kooperatsiyasi bo‘yicha uzoq muddatli dasturni shakllantirish, mintaqaviy ahamiyatga ega infratuzilmaviy loyihalarni jadallashtirish yuzasidan aniq topshiriqlar bergan.
Qozog‘iston Respublikasi Bosh vazir o‘rinbosari – milliy iqtisodiyot vaziri Serik JUMANGARIN iqtisodiyot va investitsiya yo‘nalishidagi hamkorlikning joriy holati, jumladan, yetakchi korxonalarning kooperatsiya loyihalari xususida fikr bildirdi:
– Qozog‘iston va O‘zbekiston o‘rtasidagi munosabat rivojlanishida asosiy omil – bu davlat rahbarlari o‘rtasidagi do‘stona munosabatlardir. Bu – doimiy uchrashuvlar natijasi. O‘zbekiston Prezidentining mamlakatimizga amaliy tashrifi doirasida hamkasbim – O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari bilan Olmaota shahrida ishchi uchrashuv o‘tkazildi.
Hozirgi kunda biz amalga oshirayotgan loyihalarning umumiy qiymati 7 milliard dollardan oshadi. Shundan deyarli 4,5 milliard dollari investitsiya loyihalari hisoblanadi. Ikki tomonlama loyihalarimiz jadal rivojlanmoqda. Jumladan, Qozog‘iston investitsiyalari O‘zbekistonda 100 million dollar atrofida ekani hamkorligimizning yaqqol namunasidir.
Eng avvalo, investitsiya qilinayotgan qishloq xo‘jaligi sohasidagi loyihalar xususida gapirmoqchiman. Masalan, O‘zbekistonning “Magnat” kompaniyasi katta – besh ming kishini ish bilan ta’minlaydigan kombinat qurmoqda. “Global Textile” kompaniyasi Turkiston viloyatiga kirdi, u yerda paxtani qayta ishlash, to‘qimachilik va ip ishlab chiqarish bo‘yicha fabrika quradi.
Shunday yirik loyihalar sifatida bazalt tolasi ishlab chiqarish bo‘yicha katta korxona qurilganini ham alohida qayd etish kerak. Shuningdek, “Pop – Qo‘qon – Andijon” temir yo‘l yo‘nalishida signalizatsiya tizimi o‘rnatilmoqda. Bu ishni Qozog‘iston kompaniyasi amalga oshirmoqda. “QazaqGaz” va “O‘zbekneftgaz” o‘rtasida qo‘shma geologik-qidiruv ishlari olib borilmoqda. Bunday loyihalarimiz esa juda ko‘p.
Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi savdo aylanmasi o‘sishi uchun, avvalo, sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish zarur. Bu haqda muhtaram Shavkat Miromonovich Mirziyoyev ham o‘z nutqida ta’kidladi. 2030 yilgacha savdo aylanmasini 10 milliard dollarga yetkazish bo‘yicha tegishli topshiriqlar berildi. Buni amalga oshirish uchun nima qilish kerak? Eng avvalo – kooperatsiya kerak. Yangi turdagi mahsulotlarni birgalikda izlab topish va ularni eksportga yo‘naltirish lozim.
Bizda “UzKazTrade” nomli qo‘shma savdo kompaniyasi mavjud. Uni qo‘shimcha kapital bilan ta’minlashga kelishib oldik, endi tashkilot xalqaro bozorlardan mablag‘ jalb qilish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Oldinda bizni don va guruchni chuqur qayta ishlash, kimyo sanoatiga oid zavodlar qurish kabi yirik loyihalar kutmoqda.
Umuman olganda, bugungi kunda o‘zaro munosabatlar juda yuqori sur’atlarda rivojlanmoqda. Ishonchim komilki, yaqin yillarda biz bu borada yanada katta natijalarga erishamiz. O‘zbekistonlik hamkasblarimiz yutuqlaridan nihoyatda mamnunmiz.
Bugungi kunda Markaziy Osiyoni O‘zbekistonning faol rivojlanishisiz tasavvur qilib bo‘lmaydi. Qozog‘istonning Markaziy Osiyo davlatlari bilan bo‘lgan savdo aylanmasining 54 foizi O‘zbekistonga to‘g‘ri keladi. Demak, bizning asosiy hamkorimiz – bu O‘zbekiston.
Dinamik tarzda rivojlanayotgan diyoringiz investitsiyalarni jalb etish va ilm-fan taraqqiyoti markaziga aylanmoqda. Ayniqsa, inson kapitali va gumanitar sohalar ham ijobiy o‘zgarishlarga yuz tutmoqda. Bundan tashqari, madaniy aloqalarimiz ham kengaymoqda. Bu, albatta, hozirgi kunda O‘zbekiston Respublikasi rahbariyati olib borayotgan oqilona siyosat natijasidir.
Behruz XUDOYBERDIEV,
O‘zA muxbiri