Sergey Stanovkin “Tabiat himoyachisi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi
O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasida Qo‘mita raisi Aziz Abduhakimov hamda “BBC Studios” kompaniyasining Yevroosiyodagi tijorat vakolatxonasi rahbari, “DARS Consulting UK Ltd” kompaniyasi bosh direktori Sergey Stanovkin o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda O‘zbekistonning tabiiy merosini jahon miqyosida targ‘ib qilish, xalqaro axborot hamkorligini kengaytirish, shuningdek, mamlakatning tabiiy boyliklari, noyob ekotizimlari va ekologik tashabbuslarini global media maydonlarda yanada kengroq yoritish masalalari muhokama qilindi.

O‘zbekistonning ijobiy imijini shakllantirish, ekologik kun tartibini ommalashtirish hamda tabiatni muhofaza qilish va barqaror rivojlanish masalalariga jahon hamjamiyati e’tiborini jalb etishga alohida e’tibor qaratildi.
Yakunda O‘zbekiston brendini targ‘ib qilishdagi ko‘p yillik hissasi, shuningdek, mamlakatda o‘tkazilgan global voqealarni faol yoritgani uchun Sergey Stanovkin “Tabiat himoyachisi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi.

Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA