O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini kuzatish uchun yurtimizga tashrif buyurgan xalqaro kuzatuvchilar bilan uchrashuvlar bo‘lib o‘tmoqda. Xalqaro kuzatuvchilar saylov jarayonlari haqida o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashmoqda.
Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi Ijroiya qo‘mitasi raisi – ijrochi kotibi Sergey Lebedev mamlakatimizdagi saylov jarayonlari haqida o‘z fikr-mulohazalarini bildirib, jumladan, shunday dedi:
– Missiyamiz O‘zbekistondagi faoliyatini 2021 yil 29 sentyabrda boshlagan edi. Prezidentlik saylovida ovoz berish jarayonining shaffofligini ta’minlashga qaratilgan tadbirlarni kuzatib bormoqdamiz.
Missiyamiz tarkibida MDH davlatlari parlament deputatlari, hamdo‘stlik davlatlari markaziy saylov komissiyasi rahbarlari va a’zolari, siyosiy arboblar, hamdo‘stlik davlatlari ijro qo‘mitasi xodimlaridan iborat 162 nafar kuzatuvchi bor. Ular O‘zbekistonda avval ham saylov jarayonlarini kuzatgan.
O‘zbekistonning saylov qonunchiligida ko‘zatilgan o‘zgarishlarni ijobiy baholaymiz. Saylov kodeksi takomillashayotgani, rais sifatida ayniqsa, meni quvontiradi. Bu qonunchilik siyosiy sohadagi o‘zgarishlar, saylovchilarning istaklari va xalqaro tashkilotlarning tavsiyalari asosida takomillashib bormoqda.
MDH davlatlari kuzatuvchilari O‘zbekistonda bo‘lib turgani ham tarixiy voqea sanaladi. Saylov kodeksi tahlillari asosida shuni aytmoqchimanki, O‘zbekiston fuqarolari o‘z istaklarini erkin ifoda etish imkoniyatiga ega. Ko‘plab saylov uchastkalarida bo‘ldik va ovoz beruvchilar uchun barcha sharoit yaratilganiga guvoh bo‘ldik. Saylov kampaniyasi ham yaxshi tashkil etilgan. Prezidentlikka nomzodlarning saylovoldi tashviqotlari faol tarzda olib borilayotganini kuzatmoqdamiz.
Umuman olganda, mamlakatingizda ijobiy muhit shakllangan. Kuzatuvlarimiz natijasida shuni aytishim mumkinki, Prezident saylovi jarayonlari shaffof o‘tadi va ovoz berish jarayonida fuqarolarning huquqlari to‘liq ta’minlanadi.
Gulruh Abdullayeva, O‘zA