Professional tennischilar Assotsiatsiyasi (ATP) haftalik yangi reytingni e’lon qilishi ortidan uch yillik tanaffusdan keyin terma jamoamiz a’zosi Sergey Fomin O‘zbekistonning birinchi raqamli tennischisiga aylandi.
Yangilangan reytingdan o‘rin olgan 8 nafar tennischimiz orasida eng katta yuksalishni amalga oshirgan Sergey Fomin uch yillik tanaffusdan so‘ng yana O‘zbekistonning birinchi raqamli raketka ustasi nomini qo‘lga kiritdi.
U Bahraynda o‘tgan M25 toifasiga kiruvchi turnirdagi chempionligi ortidan reytingda 47 pog‘onaga yuqorilab, Humoyun Sultonovni ortda qoldirdi.

Sergey Fomin ATP reytingida 358-o‘ringa ko‘tarilishi tufayli O‘zbekistonning birinchi raketkasiga aylandi. Reytingda 16 ochko yo‘qotishi ortidan 46 pog‘ona pastlab, ATP reytingida 442-o‘rindan joy olgan Humoyun Sultonov endi mamlakatimizning ikkinchi raketkasi maqomiga tushdi.
Mahoratli raketka ustalaridan Maksim Shin 11 pog‘onaga yuqorilab, 966-o‘ringa joylashgan vaziyatda yosh tennischilarimiz Amir Milushev 7, Batir Sapayev, Ilya Ignatov, Abdulaziz Usmonjonov va Damir Abdusalomov 10 pog‘onadan pastga sho‘ng‘idi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA