Sergey Fomin Antaliya kortlarida porlamoqda
Mamlakatimizning ikkinchi raqamli tennischisi Sergey Fomin Turkiyaning Antaliya shahrida o‘tayotgan xalqaro turnirning yakkalik bahslarini g‘alaba bilan boshladi.
Tennischimiz yakkalik bellashuvlarda chexiyalik Yan Kumstat bilan raqobatlashdi va har ikkala setda birxil 6:2 hisobida zafar quchdi. Endi Sergey Fomin chorak final yo‘llanmasi uchun o‘tadigan o‘yinda yana bir chexiyalik tennischi Zdenek Kolarga qarshi kortga chiqadi.
Eslatib o‘tamiz, S.Fomin M25 tasnifidagi ushbu nufuzli musobaqaning juftlik bahslarida neytral sportchi Pavel Verbin bilan tandem hosil qilib, chorak finalga yo‘l olgan edi. Ular ushbu bosqichda finlyandiyalik Patrik Kaukovalta va Yero Vasa juftligiga qarshi bugun o‘yin o‘tkazishadi.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA