“Adolat” sotsial-demokratik partiyasi fraksiyasi a’zosi Oydin Abdullayeva poytaxtimizning Sergeli tumanidagi bir qator mahallalar va ijtimoiy soha ob’ektlarida o‘rganishlar olib bordi.
Deputat dastlab “Uchuvchilar” hamda “Oltin vodiy” mahallalaridagi mahalla “yettiligi” faoliyati bilan yaqindan tanishdi. “Oltin vodiy” mahallasida yashovchi fuqaro M.A. doimiy ravishda oila a’zolari tomonidan tazyiq va zo‘ravonlikka uchrayotgani haqida murojaat qildi. Deputat ushbu masalani joyida o‘rganib, nazoratiga oldi va oila a’zolariga huquqiy tushuntirish hamda tavsiyalar berdi.

Shuningdek, mazkur mahallada boshqaruv servis kompaniyalari (BSK) o‘z faoliyatini yetarli darajada olib bormayotgani haqida aholi tomonidan e’tirozlar bildirildi. Deputat bu muammoni joyida hal etish maqsadida tegishli mutasaddilar bilan bog‘landi.
Shuningdek, deputat Sergeli tumanidagi Rus madaniyat markazida ham bo‘lib, uning faoliyatini o‘rgandi. Barcha aniqlangan muammo va kamchiliklar deputat nazoratiga olindi.

Xalq vakili Toshkent shahar Sergeli tumani hokimiyatiga tashrif buyurdi. Hokimiyat mutasaddilari bilan tumanda aniqlangan muammolar bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazildi. Unda xalq deputatlari Sergeli tuman Kengashi vakillari, kommunal xo‘jalik, ijtimoiy soha mas’ullari bilan birgalikda tumanni ijtimoiy rivojlantirish bo‘yicha qaror va farmonlarda belgilab berilgan vazifalarning bajarilishiga oid ishlar natijalari muhokama qilindi. Shu bilan birga, mahallalardagi o‘rganishlar davomida aniqlangan muammolar ham o‘rtaga tashlandi. Muammolarning sabablari va yechimlari aniqlandi. Mavjud masalalarni hal etish bo‘yicha tavsiyalar berildi.

Muhtarama Komilova, O‘zA