Bojxona qo‘mitasi raisi A.Mavlonov Sergeli tumanidagi mahallalarda xavfsiz muhit yaratish va huquqbuzarliklarning oldini olish tizimi samaradorligini oshirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi. Shu maqsadda u tumandagi Bunyodobod va Yangi Bunyodobod mahallalarida bo‘ldi.
“Yashil” toifaga kiritilgan va bir-biriga tutash ushbu ikki mahallada jami 3,6 ming xonadonda qariyb 14,4 ming nafar aholi istiqomat qiladi.
Ma’lum qilinishicha, o‘tgan va joriy yil davomida hududda 24 ta jinoyat sodir etilgan. Ularning 12 tasi narkotik moddalarni o‘tkazish va iste’mol qilish, 5 tasi o‘g‘rilik, qolganlari esa oilaviy zo‘ravonlik, nomusga tegish va tan jarohati yetkazish kabi jinoyatlardan iborat.
Dastlab mahalla faollari va “yettilik” a’zolari bilan muloqot o‘tkazilib, sodir etilgan jinoyatlar, ularning kelib chiqish sabablari hamda bartaraf etish choralari atroflicha tahlil qilindi.
Yig‘ilishda, avvalo, yoshlarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish, mahalla hududida kechayu kunduz samarali nazorat tizimini joriy qilish, xususan, videokuzatuv vositalari bilan to‘liq ta’minlash zarurligi ta’kidlandi.
Xususan, Bunyodobod mahallasida 125 ta videokuzatuv kamerasi o‘rnatilgan bo‘lsa-da, ularning 119 tasi ishlamayotgani jiddiy tanqid qilindi. Mas’ullarga kameralarni qisqa muddatda to‘liq ishga tushirish bo‘yicha topshiriq berildi.
Shuningdek, "Yangi Bunyodobod” mahalla fuqarolar yig‘ini uchun alohida ma’muriy bino zarurligi aniqlandi. Qisqa muddatda mazkur bino uchun yer maydoni ajratilishi ma’lum qilindi.
Qo‘mita raisi hududdagi Sergeli tumani Bolalar kutubxonasi, 18-maktabgacha ta’lim muassasasi hamda 55-umumta’lim maktabida ham bo‘ldi.
22 mingdan ortiq adabiyot fondiga ega Bolalar kutubxonasida kitobxonlar bilan samimiy muloqot o‘tkazildi. Unda Prezident tomonidan yoshlar bilan muloqot chog‘ida ilgari surilgan kitobxonlikni ommalashtirish tashabbuslari haqida so‘z yuritildi.
Ma’lum qilindiki, endilikda kutubxona, “book cafe” va kitob do‘konlari ochib, oyiga 10 ming donadan ortiq kitob savdosini amalga oshirayotgan tadbirkorlarga uch yil muddatgacha 1 milliard so‘mgacha 7 foizli ssuda ajratish amaliyoti joriy etiladi.
Shuningdek, 420 o‘ringa mo‘ljallangan 18-maktabgacha ta’lim muassasasida hozirda 1600 nafar bola navbatda turgani qayd etildi. Muammoni hal etish bo‘yicha amaliy takliflar ishlab chiqish yuzasidan mas’ullarga topshiriq berildi.
Mahalla hududidagi ochiq sport maydonidan samarali foydalangan holda, Toshkent shahar yengil atletika federatsiyasi bilan hamkorlikda yoshlar o‘rtasida qisqa muddatda va yuqori saviyada sport musobaqalarini tashkil etish vazifasi qo‘yildi.
Aholini tashvishga solayotgan masalalardan yana biri, ko‘p qavatli uylar orasidan Toshkent katta halqa yo‘liga chiqish yo‘lining mavjudligi sababli transport harakatining gavjumligidir. Bu esa keksalar va yosh bolalar uchun xavfli vaziyatlarni yuzaga keltirmoqda.
Muammoni bartaraf etish maqsadida mahalla ko‘chalarida tezlikni cheklovchi va harakatni tartibga soluvchi yo‘l belgilari o‘rnatish bo‘yicha ichki ishlar organlari hamda mutasaddi idoralarga tegishli topshiriqlar berildi.
Sh.Mamaturopova, O‘zA